Yangiliklar
MARKAZIY OSIYO BIRLASHGAN ENERGOTIZIMIDA SODIR BO‘LGAN FAVQULOTDA HOLAT BO‘YICHA QISQA MA'LUMOT
  • 17.04.2021
  • 486

 «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati Milliy dispetcherlik markazi ma'lumotlariga tayanib xabar beradi:

 Bugun, 2021-yil 17-aprel soat 15:24da Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimida Qozog‘iston va Qirg‘iziston energotizimlarini bog‘lovchi 500 kV kuchlanishga ega L–514 elektr tarmog‘i (“Chu” hamda “Frunze” podstansiyalarini bog‘lovchi) nosozlik tufayli favqulotda o‘chdi. Buning natijasida O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Janubiy Qozog‘iston energotizimlari Rossiya Federatsiyasi yagona energotizimidan ma'lum muddat ajraldi, elektr toki chastota miqdori 48,61 Gs miqdorgacha pasaydi (chastota miqdori 50,0 Gs bo‘lishi lozim).

‼️ Chastota pasayishi natijasida (nosozlik ta'sirida) “Toshkent issiqlik elektr stansiyasi”da quvvati 370 MVt bo‘lgan 1-son bug‘-gaz qurilmasi favqulotda o‘chdi. Shuningdek, tizimda chastota pasayishiga qarshi avtomatika qurilmalari ishlab, respublikaning o‘n ikkita hududida (Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashqari barcha hududlarda) umumiy quvvati 780 MVtga teng iste'molchilar vaqtincha tarmoqdan uzildi.

O‘z vaqtida ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida soat 15:29 da (5 daqiqadan so‘ng) elektr toki chastotasi 50,00 Gs miqdorgacha ko‘tarildi va iste'molchilar avtomatik tarzda tarmoqqa qayta ulandi. O‘chish natijasida respublika bo‘yicha iste'molchilarga 144 525 kVt•soat miqdoridagi elektr energiya yetkazib berilmadi.

  Soat 16:19da Qozog‘iston va Qirg‘iziston energotizimlarini bog‘lovchi L-514 havo tarmog‘i ulanib, Markaziy Osiyo Birlashgan energotizimi Rossiya Federatsiyasi yagona energotizimi bilan parallel (mutanosib) ish rejimi qayta tiklandi. Soat 16:28da “Toshkent IES”da 1-son bug‘-gaz qurilmasida ishga qayta kiritish bo‘yicha ishlar boshlandi.

Ayni paytda O‘zbekiston energotizimi Markaziy Osiyo va  Rossiya Federatsiyasi yagona energotizimi bilan barqaror faoliyat yuritmoqda. Iste'molchilar sifatli ko‘rsatkichlarga ega elektr energiyasi bilan ta'minlanmoqda.

https://xs.uz/uzkr/54357

http://uza.uz/posts/258796

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>