Yangiliklar
MARKAZIY OSIYO VA AFG‘ONISTON ENERGETIKLARI TOSHKENTDA
  • 11.10.2019
  • 1216

MARKAZIY OSIYO VA AFG‘ONISTON ENERGETIKLARI TOSHKENTDA

 

2019-2020-yil kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish nafaqat mamlakatimiz, balki Markaziy Osiyo davlatlari energetiklari oldida turgan muhim vazifa hisoblanadi.

Barchamizga ma’lumki, O‘zbekistonning yuqori kuchlanishli havo liniyalari qo‘shni mamlakatlarning magistral elektr tarmoqlari bilan barqarorlikda ishlaydi. Qo‘shni mamlakatlar dispecherlik xizmatlari o‘zaro muvofiqlashuv asosida mintaqaning energiya xavfsizligini ta’minlaydi. Mavjud muammo va istiqboldagi rejalar Muvofiqlashtiruvchi Kengash yig‘ilishlarida muhokama etiladi.

Joriy yilning 10-11-oktabr kunlari Toshkentga Markaziy Osiyo davlatlari hamda Afg‘oniston Islom Respublikasi energetiklari tashrif buyurishdi. «O‘zbekiston milliy tarmoqlari» AJ mezbon tashkilot sifatida mehmonlarni kutib oldi.

Kengash yig‘ilishida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va O‘zbekiston elektr energiyasi sohasi yetakchilari mintaqada kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik, mavjud muammolar va istiqboldagi rejalarni muhokama etishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Toshkent shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo elektr energiyasi muvofiqlashtiruvchi Kengashining navbatdagi 32-yig‘ilishida 2019-2020-yil mintaqada kuz-qish mavsumini betalafot o‘tkazish masalalalari muhokama etilib, istiqboldagi rejalar haqida bitimlar imzolandi.

Kengashning muvofiqlashtiruvchi yig‘ilishida «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) vakili Salim Salimiy va Muhammad Omon Spar (Afg‘oniston Islom Respublikasi kuzatuvchi maqomida), «KEGOC» AJ boshqaruv raisi Bakitjan Kajiyev, «Qirg‘iziston MET» OAJ bosh direktori Emil Kudanaliyev, «Barki Tochik» shirkati raisi Mirza Ibrohim Ismoilzoda, Xalqaro muvofiqlashtiruvchi dispecherlik markazidan Hamidilla Shamsiyev, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisi Dadajon Isaqulov va boshqalar ishtirok etishdi.

Kengash ishi yakunida sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalar belgilab olingan yig‘ilish bayonnomasi va kelishuvlar imzolandi. Kengashning navbatdagi yig‘ilishi 2020-yil yoz faslida Samarqand shahrida o‘tkazilishi belgilandi.

 

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ Axborot xizmati

 

>