Yangiliklar
Energiya tejovchi qurilmalar xaridi uchun kompensatsiya ajratish tartibidan xabardormisiz?
  • 21.05.2021
  • 404

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 14-apreldagi tegishli qarori balan energiya samarador va energiya tejovchi qurilmalarni xarid qilish hamda ushbu maqsadlar uchun olingan kreditlar bo‘yicha foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kompensatsiya ajratish tartibi to‘g‘risidagi Nizom tasdiqlangan.

  Mazkur qaror iste’molchilarning arzon va ekologik toza elektr va issiqlik energiyasiga bo‘lgan ehtiyojini qondirish bilan birga, energetika tizimi oldida turgan bir qator muammoli masalalar hal qilinishi bo‘yicha ham o‘ziga xos mexanizm yaratdi.

  Ahamiyatlisi, Nizom 2020-yil 1-yanvardan boshlab iste’molchilarning o‘z mablag‘i hisobidan energiya samarador texnologiyalarni xarid qilgan va o‘rnatgan jismoniy shaxslar, shuningdek, bank kreditlari asosida sotib olingan va o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslarga taalluqli. Kompensatsiya ikkita yo‘nalish bo‘yicha ajratilishi belgilangan bo‘lib, iste’molchilarga ularning xohishiga ko‘ra xarajatlarning faqat bitta turi bo‘yicha ajratiladi.

  Davlat byudjeti hisobidan jismoniy shaxslarga quyosh fotoelektrik stansiyalari va quyosh suv isitkichlarni sotib olish xarajatining 30 foizi miqdorida hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari, shuningdek, energiya samarador boshqa uskunalarni sotib olish uchun olingan bank kreditlari bo‘yicha foiz xarajatlarini qoplash uchun kompensatsiya ajratilishi belgilangan. 

  Bunda qurilmalarni sotib olishga sarflangan yoki sarflanadigan xarajatlarning 30 foizi qoplab berilishi ko‘zda tutilgan. Biroq, qoplab beriladigan mablag‘ summasi iste’molchilarga quyosh fotoelektrik stansiyalari uchun 3 million so‘mdan va quyosh suv isitkichlari uchun 1,5 million so‘mdan oshmasligi belgilab qo‘yilgan.

  Shuningdek, bank kreditlari foiz xarajatlarining bir qismini qoplash uchun jismoniy shaxslarga 500 million so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 8 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda hamda yuridik shaxslarga 5 milliard so‘mdan oshmaydigan kreditlar bo‘yicha Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasidan oshgan qismida, biroq 5 foiz punktidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda kompensatsiya berilishi belgilangan.

  Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan kompensatsiya ajratilishi energiya tejovchi hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalaridan foydalanishni keng joriy qilishga turtki bo‘lib, o‘z navbatida, tabiiy resurslarimiz tejalishi va ekologik xavfsiz iqtisodiyotni ta’minlashga hizmat qiladi.

Alisher TO‘RAEV,
“O‘zenergoinspeksiya” boshqarma boshlig‘i

https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

  t.me/uzmetaxborotxizmati

>