Yangiliklar
Forum doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida “Uzbekistan GTL” zavodiga press-tur tashkil qilindi
  • 24.05.2021
  • 428

 Joriy yilning 21-may kuni Qashqadaryo viloyatida tashkil etilgan yoqilg‘i-energetika kompleksi yoshlarining birinchi Forumi doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari uchun “Uzbekistan GTL” zavodiga press-tur tashkil qilindi.

  Press-turda ta'kidlanganidek, “Uzbekistan GTL” dunyodagi eng ulkan energetik loyihalardan biri hisoblanadi. Ushbu loyiha doirasida bugungi kunda jahon miqyosida ekologik toza transport yoqilg‘ilarini ishlab chiqarish uchun texnologik jihatdan eng yuqori darajada rivojlangan zavod qurilmoqda.

 

 

  Atmosferaga chiqariladigan chiqindilar miqdorini kamaytirishga, shuningdek O‘zbekistonning yoqilg‘i-energetika sanoatiga dunyodagi eng ilg‘or texnologiyalardan birini joriy qilishga imkon beradi.

 

 


  Loyiha tabiiy gazni chuqur qayta ishlash uchun quvvatni kengaytirish, uglevodorodlar importini kamaytirish, yuqori sifatli va ekologik toza yoqilg‘i uchun ichki talabni qoniqtirish va bozorni O‘zbekistonning o‘z xom ashyosidan tayyorlangan strategik mahsulotlar bilan ta'minlash kabi maqsadlarni o‘z ichiga oladi.

 

  Zavod har yili 3,6 milliard kubometr tabiiy gaz (tozalangan metan)ni qayta ishlashga mo‘ljallangan. Tabiiy gaz Sho‘rtan gaz konlari guruhidan qazib chiqarilib Sho‘rtan gaz-kimyo majmuasidan yetkazib beriladi.

 

Zavod ishga tushirilgandan so‘ng tabiiy gazni chuqur qayta ishlash asosida mahsulot ishlab chiqarishni diversifikatsiyasiga va yoqilg‘i sifatini yaxshilashga erishish imkoni yaratiladi.

 
 

  “Uzbekistan GTL”loyihasining umumiy qiymati 3,61 milliard dollarni tashkil etadi. Loyiha ishga tushgandan so‘ng yiliga 3,6 milliard kub metr gaz qayta ishlanib, undan 1,5 million tonna sintetik suyuq yonilg‘i ishlab chiqariladi. Shundan 307 ming tonnadan ortiq aviakerosin, 724 ming tonnadan ziyod dizel yonilg‘isi, 437 ming tonnadan ortiq nafta va 53 ming tonnadan ziyod suyultirilgan gaz ishlab chiqariladi. Ahamiyatlisi, mazkur JTL loyihasi doirasida 1 mingga yaqin yangi ish o‘rinlari yaratiladi. Mahsulotlardan transport, qishloq xo‘jaligi, aviatsiya va neft va kimyo sanoati tarmoqlarida foydalanishi rejalashtirilgan.

 

 

  Mahsulot asosan O‘zbekistonda sotiladi. Loyiha tugallanib, sintetik suyuq yoqilg‘ini ishlab chiqarish boshlanishi bilan uglevodorodlarning yiliga taxminan 1 milliard dollarlik import o‘rnini bosish imkoni yaratiladi. Bundan tashqari, marketing tahlillari qo‘shni mamlakatlarda sintetik yoqilg‘iga yuqori talab mavjudligini ko‘rsatadi.

 

 

 

O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

http://minenergy.uz/uz/news/view/1265

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

  t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>