Yangiliklar
Yosh energetik: Forumdan olgan taassurotlarim...
  • 25.05.2021
  • 481

  Ijozatingiz bilan, Joriy yil 19–23-may kunlari Energetika vazirligi tomonidan tashkil etilgan, Qashqadaryo viloyati Shahrisabz tumanidagi «Lochin» oromgohida «Barkamol yosh mutaxassis — quratli yurt tayanchi» shiori ostida o‘tkazilgan «Yoshlik energiyasi» forumidan olgan taassurotlarim bilan o‘rtoqlashsam...

  May oyining so‘nggi dekadasida Energetika vazirligi tomonidan tashkil etilgan yoqilg‘i-energetika kompleksi yoshlarining birinchi Yoshlar forumi ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi. Mazkur forumdan olgan taassurotlarim beqiyos.

  Forum orqali men yirik kompaniyalar taqdimotlari va ularning yosh mutaxasislari bilan tanishdim.

  Xususan, «Eriell Group» kompaniyasining yosh mutaxassislari bilan, O‘zbekistondagi eng yirik xorijiy investor kompaniya — «LUKOYL Uzbekistan Opereyting Kompani» MChJ yoshlari bilan... Shu bilan birga, Markaziy Osiyo va Rossiya Federatsiyasidagi neft-gaz va sanoat qurilishi bozoridagi eng yirik «EPK» kompaniyasining yosh mutaxasislari bilan suhbatlar o‘tkazdik, fikr-mulohaza almashdik. Ayniqsa, menga «Enter Engineering» kompaniyasi innovatsion loyiha taqdimotlari juda yoqdi. Shuningdek, «ACWA Power», «Masdar» va «Siemens Energy» kabi kompaniyalarning yosh mutaxasislari bilan davra suhbatlari o‘tkazdik, o‘zaro fikr almashdik...

  Bundan tashqari, 5 kun davomida o‘z sohasining yetakchi mutaxasislari tomonidan bizga biznes g‘oyalar, rahbarlik — boshqaruv qobiliyatini oshirish, xodimlar psixologiyasi, atom energetikasi va hokazo mavzularda treninglar o‘tkazildi. Algari bilmagan, o‘qimagan va ko‘rmagan narsalar bilan tanishish juda maroqli kechdi...

  Forumda futbol, voleybol, shaxmat, stol tennisi, suzish bo‘yicha sport musobaqalari o‘tkazildi. Ushbu musobaqalarda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yoshlari ham munosib ishtirok etib, faxrli o‘rinlarni qo‘lga kiritdi. Misol uchun, Aksiyadorlik jamiyatimiz yoshlari “Yoshlik energiyasi” forumida «Eng faol ishtirokchi» nominatsiyasi bo‘yicha II darajali diplom bilan taqdirlandi.

  Forumning yopilish marosimi ham ko‘tarinki ruda o‘tdi. Unda O‘zbekistonning musiqiy orkestri kuylari, sozandalarning mahoratlari yoshlarda unutilmas taassurotlar qoldirdi.

  Forumdan so‘ng tashkilotimiz yoshlari bilan birgalikda Shahrisabzdagi Amir Temur bobomiz qurdirgan Oqsaroy majmuasiga sayohat uyushtirdik. U yerdagi tarixiy muzeylar, me'moriy yodgorliklar bilan tanishdik, esdalik uchun suratga tushdik.

  Ushbu forum orqali mamlakatimiz yoshlariga juda katta imkoniyatlar yaratilayotganligiga yana bir bor guvoh bo‘ldim. Bunga javoban biz yoshlar bor kuch-g‘ayratimizni, bilimimizni, qaysi sohada bo‘lishidan qattiy nazar, mamlakatimiz taraqqiyoti uchun sarflashimiz, yaratilayotgan imkoniyatlardan samaraliroq foydalanishimiz kerakligini anglab yetdim. Yoshlarga bo‘lgan bunday e'tibor kelajakda dadil qadam tashlashimiz uchun bizni yanada ruhlantiradi va kuch-quvvat bag‘ishlaydi.

  Shu o‘rinda ushbu Forum tashkilotchilariga, Energetika vazirligiga, «O‘zbekiston MET» AJ rahbariyati va Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkilotiga minnatdorlik izhor etaman.

  Qashqadaryoda bizni ochiq chehra bilan kutib olib, ajoyibotlarga to‘la forumni yonma-yon o‘tkazib, mehmon qilib kuzatgan «Qashqadaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali vakillariga, Kasaba uyushmasi faollariga hamda o‘zi xizmat safarida bo‘lib, masofadan bizni qo‘llab-quvvatlab turgan Yoshlar Ittifoqi yetakchisiga minnatdorlik bildiraman.

Hurmat bilan,

Qudratillo Mirzayev, «Farg‘ona magistral elektr tarmoqlari» filiali Yoshlar Ittifoqi boshlang‘ich tashkiloti tuzilmasi yetakchisi

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun

  t.me/uzmetaxborotxizmati

>