Yangiliklar
Energetika vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi
  • 27.05.2021
  • 531

  Bugun, 27-may kuni “Taraqqiyot strategiyasi” markazida Energetika vazirligi tizimida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligi bo‘yicha jamoatchilik eshituvi bo‘lib o‘tdi. Unda Energetika va Adliya vazirliklari, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi mutaxassislari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

  Tadbirda ta'kidlanganidek, Adliya vazirligining takliflari asosida islohotlarni jadallashtirish, energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni keskin kuchaytirish, bunday holatlar aniqlanganda ma'muriy jarimalar qo‘llash vakolatini soha inspeksiyalariga berish borasida normativ-huquqiy hujjatlarga o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

  Eshituvda Energetika vazirligi mutaxassislari tomonidan sohada amalga oshirilayotgan ishlar, xususan iste'molchilarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan ta'minlash borasida olib borilayotgan tizimli ishlar to‘g‘risida ma'lumot berildi. Masalan, yil yakuniga qadar elektr energetika sohasida generatsiya quvvatlari hajmi 14 ming megavattdan 15 ming 800 megavattgacha yetkaziladi yoki 1 ming 800 megavattga oshiriladi. 2016-yilga nisbatan esa 52 foizga ko‘p generatsiya quvvatlariga ega bo‘linadi.

 
 

  Buning uchun Toshkent viloyatida quvvati 240 megavatt bo‘lgan issiqlik elektr stansiyasi, Xorazm viloyatida 174 megavatt quvvatli gaz-porshenli elektr stansiyasi, Navoiy viloyatida 100 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi oktyabr oyida ishga tushiriladi (jami 514 megavatt).

  Dekabr oyida Toshkent viloyatida umumiy quvvati 470 megavatt bo‘lgan 2 ta issiqlik elektr stansiyasi, Buxoroda 270 megavatt va Qashqadaryoda 220 megavattli rostlovchi stansiyalar hamda Samarqand viloyatida 100 megavatt quvvatli quyosh elektr stansiyasi foydalanishga topshiriladi (jami 1060 megavatt).

  Bunda, yangi barpo etilgan quvvatlarda kuz-qish mavsumida 4 milliard 600 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi (yillik ishlab chiqarish quvvati 12 milliard kilovatt-soat).

  Jami 26 ming kilometr past kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari va 9 mingdan ortiq transformator punktlari grafik asosida mukammal ta'mirlanadi. Ma'lumot uchun: o‘tgan mavsumiga nisbatan 3 ming kilometr tarmoqlar va 1268 ta transformator punktlari ko‘proq ta'mirlanadi.

 

 
 

 

  Bundan tashqari, past va o‘rta kuchlanishli tarmoqlarni modernizatsiya qilish dasturi doirasida 15 ming kilometr elektr uzatish tarmog‘i va 4 mingta transformator punktlari rekonstruksiya qilinadi va yangilanadi.

  Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirilishi evaziga oktyabr-mart oylarida iste'molchilarga jami 30 milliard 800 million kilovatt-soat elektr energiyasi yetkazib beriladi. Bu o‘tgan yilgi mavsumga nisbatan 2 milliard kilovatt-soatga yoki 107 foizga ko‘p elektr energiyasi yetkazib beriladi.

  Iste'molchilarni ASKUE tizimiga to‘liq qamrab olish to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirilishiga zamin bo‘lmoqda. Xususan, o‘tgan yilda to‘lovchanlik 88 foiz bo‘lgan bo‘lsa, ASKUE joriy etilgandan so‘ng 100 foizga yetdi. Aholi bo‘yicha esa bir yilda 67 foizdan 95 foizga ko‘tarildi.

  Respublika istemolchilarini tabiiy gaz bilan ta'minlash maqsadida 70 kilometr gaz quvurlari mukammal ta'mirlanadi, 83 kilometri rekonstruksiya qilinadi. 5 mingdan ortiq gaz taqsimlash punktlari 1 oktyabrga qadar mukammal ta'mirlanadi.

 

 
 

 

  Dengizko‘l konida yillik quvvati 3 milliard kub metr tabiiy gazni qazib olish imkonini beradigan kompressor stansiyasi noyabr oyida ishga tushiriladi.

  Ushbu chora-tadbirlarni amalga oshirilishi natijasida, kelayotgan kuz-qish mavsumida iste'molchilarga jami 28 milliard 842 million kub metr tabiiy gaz yetkazib beriladi. Bu o‘tgan mavsumga nisbatan 1 milliard 185 million kub metrga ko‘p.

  Tabiiy gaz yetkazib berishda hisob-kitoblar shaffofligini ta'minlash uchun joriy yil dekabr oyiga qadar 3 million 546 mingta ASKUG tizimiga mos keladigan gaz hisoblagichlarni o‘rnatish ishlari yakunlanadi. Ma'lumot uchun: hozirda 1 million 172 mingtasi o‘rnatildi, shundan 1 million 142 mingtasi billing tizimiga ulandi.

 

 
 

 

  Shuningdek, 2021-yilda aholi iste'molchilariga 610 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi. Bu o‘tgan yilga nisbatan 79 ming tonnaga ko‘p. 2016-yilga nisbatan esa 359 ming tonnaga yoki 2,4 baravarga ko‘p. Oktyabr-mart oylarida aholiga 318 ming 600 tonna suyultirilgan gaz yetkazib beriladi.

  Ushbu tizimda shaffoflikni ta'minlash maqsadida 1-sentyabrga qadar 3 million 580 mingta ID-kartalarni iste'molchilarga berish ishlari yakunlanadi. Hozirda maishiy gaz ballonlariga 4 million 395 ming dona bar-kodli stikerlar biriktirilib, ma'lumotlar bazasi yaratilmoqda.

  Joriy yilda iste'molchilariga jami 8 million 723 ming tonna ko‘mir mahsuloti yetkazib beriladi.

  Yil davomida va kelayotgan kuz-qish mavsumida respublika iste'molchilarini energiya resurslari bilan belgilangan hajmlarda ta'minlash uchun barcha imkoniyatlar safarbar qilinadi.

  Tadbir so‘nggida ommaviy axborot vositalari vakillarining savollariga mutaxassislar tomonidan atroflicha javob berildi.


O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

http://minenergy.uz/uz/news/view/1272

 

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun

 t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>