OAV va jamoatchilik bilan ishlash
2021-yil 4-iyun kuni elektr tarmog‘ida sodir bo‘lgan nosozlikning to‘liq tafsilotlari ma'lum bo‘ldi
  • 05.06.2021
  • 322

  Joriy yilning 5-iyun kuni turdosh tashkilot — «Issiqlik elektr stansiyalari» AJ ning rasmiy ies.uz veb-sahifasi va telegram kanalida ««Issiqlik elektr stansiyalari» AJ: rasmiy bayonot» nomli ma'lumotnoma e'lon qilingan edi.

https://tpp.uz/oz/post/issilik-elektr-stanciyalari-aj-rasmiy-baenot

  Darhaqiqat, 4-iyun kuni soat 22:17da “Tolimarjon IES” AJdan 16 km uzoqlikdagi “Sho‘rtan” podstansiyasidan chiquvchi, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ balansidagi 220 kV li elektr uzatish tarmog‘ida qisqa tutashuv yuzaga kelgan. Sababi, «Sho‘rtan GKK» hududida xizmat ko‘rsatayotgan qurilish tashkiloti tasarrufida bo‘lgan «KamAZ» rusumli yuk avtomobiliga ortilgan dizel generatorining yoritish machtasi yechilmasdan (belgilangan tartibga ko‘ra yuk tashilayotgan paytda machta yechib olinib, avtomobilning umumiy balandligini pasaytirilishi lozim bo‘lgan) 220 kV kuchlanishli elektr tarmog‘i ostidan o‘tgan. Yuqori kuchlanish elektr tarmog‘i va yuk avtomobili oralig‘idagi oraliq masofa qisqarishi tufayli qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.

  Qisqa tutashuv natijasida yuk avtomobilining g‘ildiraklari hamda boshqa uskuna va jihozlariga zarar yetib, unga ortilgan dizel generatori kuyib ketganligini quyidagi fotosuratlar orqali ko‘rishimiz mumkin.

  Bayonotdagi:

  «... qisqa tutashuv yuzaga kelganligi sababli 220 kV kuchlanishli tarmoq kuchlanishi 35 kV gacha kamayishiga olib kelgan. Natijada, “Tolimarjon IES” AJning 1-sonli energobloki hamda 2-sonli bug‘-gaz qurilmasining avtomatik himoya tizimi muvaffaqiyatli ishga tushgan.

  Mazkur “Sho‘rtan” podstansiyasidan chiquvchi 220 kV li elektr uzatish liniyasida qisqa tutashuv sodir bo‘lishiga avto-texnikalarning 220 kV li elektr uzatish tarmog‘iga ruxsat etilmagan masofagacha yaqinlashishi oqibatida tarmoqdan yerga uzoq muddatli qisqa tutashuv sodir bo‘lgani sabab bo‘lgan. Agarda, “Tolimarjon IES” AJdagi energobloklarning avtomatik himoya tizimi yuz bergan ushbu tutashuv natijasida energobloklarni to‘xtatmaganda, bu elektr energiyasi uzatish tizimida juda katta miqdordagi texnikaviy va moliyaviy talofatlarga sabab bo‘lishi mumkin edi», deb asoslanishi yuz bergan haqiqiqiy vaziyatga yanglish izohdir.

  Gap shundaki, energetika tizimidagi elektr uzatish tarmoqlarida qisqa tutashuvlar yuz berishi doimiy ehtimoldagi holat hisoblanib, uning sodir bo‘lishi tizimda nosozliklar mavjudligini ko‘rsatuvchi birinchi omildir. Qisqa tutashuvlarni o‘z vaqtida va tezkorlik bilan bartaraf etish maqsadida rele himoyasi va avtomatika tizimining turli vositalari qo‘llaniladi. Mazkur himoya tizimi elektr ta'minoti tizimida og‘ir avariyalar, yirik yong‘in va portlash holatlarining oldini olish (ta'sirini kamaytirish) maqsadida ishlatilib, texnik-muhandislik ish faoliyati tartibiga kiritilgan.

  Xullas, joriy yil 4-iyun sanasida qisqa tutashuv sodir bo‘lgan vaqtda joylardagi qayd qiluvchi qurilmalardan olingan ma'lumotlarga tayanib tahlil qilinganda, «Sho‘rtan» podstansiyasida elektr uzatish tarmog‘i asosiy releli himoya vositasi ta'siridan 0,08 soniya vaqt ichida o‘chirganligi, “Talimarjon IES”da esa asosiy releli himoya vositasi ishga tushib, tarmoqni o‘chirmaganligi (o‘chirishi lozim bo‘lgan!) aniqlandi. Natijada qisqa tutashuv uch fazali qisqa tutashuv ko‘rinishiga o‘tib va tarmoqning rezerv himoya vositasi yordamida o‘chirilgan. Bu vaqt oralig‘ida, ya'ni 4,7 soniya vaqt ichida “Talimarjon IES” AJning taqsimlash tizimida 220 kV kuchlanish qiymati 35 kV gacha pasaygan va issiqlik elektr stansiyasiga o‘rnatilgan 1-son energoblok asinxron rejimni bartaraf etish avtomatikasi ta'sirida, 2-sonli bug‘-gaz qurilmasi esa o‘z ehtiyoj tizimida kuchlanish qiymatining pastligi sababli o‘chgan.

  Hozirda “Talimarjon IES”da esa asosiy releli himoya vositasi ishlashi oqibatida tarmoqni o‘chmay qolish sabablari stansiya mutaxassislari tomonidan qo‘shimcha o‘rganilmoqda.

  Qisqa tutashuv uzoq vaqt davom etganligi sababli «Sho‘rtan GKK», «Sho‘rtan UShK», «Qandim GQIK», Qarshi magistral kanali nasoslari va boshqa iste'molchilarda texnologik jarayonlar buzilgan. 1140 MVt ishlab chiqarish quvvatlari yo‘qotilganligi sabab maxsus avtomatikdan 570 MVt iste'molchilar tarmoqdan uzildi. “Talimarjon IES”da elektr uzatish tarmog‘i qisqa tutashuv sodir bo‘lganda qisqa vaqtda bartaraf etilganda, avariya ko‘lami bunday og‘ir ahvolga kelmagan bo‘lar edi.
 
  Hurmatli iste'molchilar! Magistral yo‘llar bo‘yicha harakatlanadigan yuk avtomobili va maxsus mexanizmlar haydovchilari!

  O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Elektr tarmog‘i xo‘jaligi ob'ektlarini muhofaza qilish qoidalari to‘g‘risida”gi 2018-yil 26-dekabrdagi 1050-sonli qarorining talablarini to‘liq bajarishingizni so‘raymiz.

  Mazkur ma'lumotnoma «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ tarkibidagi Milliy dispetcherlik markazi mutaxassislari yordamida tayyorlandi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>