Yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev Tojikistonga jo‘nab ketdi
  • 10.06.2021
  • 427

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning taklifiga binoan 10-iyun kuni rasmiy tashrif bilan Tojikistonga jo‘nab ketdi.

  Avval xabar qilinganidek, oliy darajadagi muzokaralarda O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilinishi rejalashtirilgan. Xususan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalardagi ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish yo‘nalishlari ko‘rib chiqiladi.

  Ko‘p qirrali sheriklikning yangi “o‘sish nuqtalari”ni belgilash hamda uzoq muddatli istiqbolga mo‘ljallangan amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq loyihalarni ilgari surishga alohida e'tibor qaratiladi.

  Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashadi.

  Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti, O‘zbekiston-Tojikiston investitsiya kompaniyasini tashkil etish, sanoat va yangi texnologiyalar sohasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar, Qishloq xo‘jaligi sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” va boshqa hujjatlar imzolanishi rejalashtirilmoqda.

  Ikki tomonlama hamkorlikning deyarli barcha sohalarini qamrab oladigan jami 30 dan ziyod hujjat qabul qilinishi ko‘zda tutilgan.

  Bundan tashqari, tashrif doirasida iqtisodiyotning turli tarmoqlarida kooperatsiyani yo‘lga qo‘yish bo‘yicha umumiy qiymati qariyb 1 milliard dollar bo‘lgan tijorat shartnomalari va bitimlar imzolanishi kutilmoqda.

  Tashrif dasturidan Dushanbe shahrida madaniy tadbirlarda ishtirok etish, So‘g‘d viloyatida jamoatchilik vakillari bilan uchrashish, sanoat ob'ektlari bilan tanishish ham o‘rin olgan.

 

O‘zbekiston Prezidenti Dushanbeda tantanali kutib olindi

 

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev rasmiy tashrif bilan Tojikiston Respublikasiga keldi.

  Dushanbe xalqaro aeroportida davlatimiz rahbarini Tojikiston Prezidenti Emomali Rahmon kutib oldi.

  Aeroport oliy martabali mehmon sharafiga ikki davlat bayroqlari va shiorlar bilan bezatilgan.

  O‘zbekiston rahbarini kutib olishda ko‘plab yoshlar va  ijodiy jamoalar ham ishtirok etdi.

  Prezidentlar muzokaralar davomida ko‘p qirrali O‘zbekiston-Tojikiston sherikligining keng ko‘lamli kun tartibini ko‘rib chiqadilar hamda xalqaro va mintaqaviy darajadagi aloqalar yuzasidan fikr almashadilar.

  Amaliy hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlashga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plami imzolanishi kutilmoqda.

 

Shavkat Mirziyoyev: Tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda

 

 

  Dushanbe shahridagi “Qasri Millat” qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

  Oliy martabali mehmon sharafiga faxriy qorovul saf tortdi, ikki mamlakat davlat madhiyalari yangradi.

  Prezidentlar bir biriga rasmiy delegatsiya a’zolarini tanishtirdi. Faxriy qorovul tantanali marsh bilan davlat rahbarlari oldidan o‘tdi.

  Shundan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmonning tor doiradagi uchrashuvi boshlandi. Unda davlat rahbarlari O‘zbekiston va Tojikiston strategik sherikligi va ko‘p qirrali hamkorligining barcha jihatlarini ko‘rib chiqdilar, siyosiy muloqotni yanada mustahkamlash, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish, madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratdilar.

  Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlash, xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlik qilish masalalari yuzasidan fikr almashildi.  

  Prezidentimiz taklif va samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, ikki mamlakat munosabatlari yuksak darajaga ko‘tarilganini ta’kidladi.

  – Qabul qilgan barcha qarorlarimiz amalga oshmoqda. O‘tgan davrda ikki tomonlama munosabatlarda ko‘p narsa o‘zgardi. Buni raqamlar ham aytib turibdi. 2017-yilda tovar ayirboshlash 70 million dollar bo‘lgan bo‘lsa, 2020-yilda, murakkab pandemiya yilida ushbu ko‘rsatkich ilk bor 500 million dollarga yetdi. Biz ushbu tashrifga juda jiddiy tayyorgarlik ko‘rdik. Hududlar forumi muvaffaqiyatli o‘tkazildi, qiymati 1 milliard dollardan ziyod bo‘lgan aniq loyiha va shartnomalar imzolandi. Madaniy-gumanitar aloqalar haqida aytsak, birinchi bor Tojikistonda O‘zbekiston kinosi kunlari muvaffaqiyatli o‘tdi, yaqin orada mamlakatlarimiz yoshlari Farg‘ona vodiysida uchrashadi. Bir so‘z bilan aytganda, tarixiy yaqinligimiz bugun hayotga ko‘chmoqda, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

  Tojikiston Prezidenti davlatimiz rahbarini samimiy qutlab, ushbu tashrifning ahamiyatini alohida qayd etdi.

  – O‘zbekiston bizning strategik sherigimiz va ishonchli qo‘shnimiz. Tojikiston-O‘zbekiston munosabatlari bugun jadal rivojlanayotganidan mamnunmiz. Savdo-iqtisodiy aloqalar kengaymoqda. Madaniy-gumanitar sohadagi o‘zaro munosabatlar mustahkamlanmoqda. Mamlakatlarimiz mintaqaviy xavfsizlik borasida o‘zaro muvofiqlashib, yaqindan hamkorlik qilib kelayotganini alohida qayd etmoqchiman. Bugun siz bilan munosabatlarimizning holati va istiqbollarini hamda xalqaro va mintaqaviy masalalarni muhokama qilishga tayyorman, – deb ta’kidladi Emomali Rahmon.

  Qo‘shma korxonalar soni 8 barobar ko‘payib, bugungi kunda 200 dan oshgani ta’kidlandi. Jumladan, Dushanbe shahrida maishiy texnikalar ishlab chiqaruvchi “Artel Avesto Elektroniks” qo‘shma korxonasi samarali ish yuritmoqda. Tashrif arafasida 30 dan ortiq shunday loyihalar ishlab chiqildi.

  O‘tgan yilgi qiyin sharoitlarda ham yuk tashish va tranzit hajmi oshgani qayd etildi. Ikki tomonlama chegirma va imtiyozlar taqdim etilmoqda. Poytaxtlar o‘rtasida aviaqatnov tiklandi.  

  Uchrashuvda tovar ayirboshlash hajmini oshirish, ikki mamlakat hududlari salohiyatini samarali ishga solish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida sanoat kooperatsiyasini tashkil etish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi. Ko‘p qirrali hamkorlikning yangi «o‘sish nuqtalari»ni topish muhim ekani ta’kidlandi. Shuningdek, parlamentlararo aloqalar, madaniy-gumanitar almashinuv, barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan tahdid va xatarlarga qarshi kurashish borasidagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga to‘xtalib o‘tildi.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston xalqi va o‘zi nomidan birodar Tojikistonni mustaqilligining bo‘lajak 30 yilligi bilan tabrikladi, tinchlik, farovonlik va ravnaq tiladi.

  Davlatimiz rahbari Prezident Emomali Rahmonni o‘zi uchun qulay vaqtda javob tashrifi bilan O‘zbekistonga borishga taklif etdi.

 

O‘zbekiston-Tojikiston hamkorligini mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlari muhokama qilindi

 

 

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon muzokaralarni kengaytirilgan tarkibda davom ettirdilar. 

  Muzokaralarda rasmiy delegatsiyalar a’zolari, ikki mamlakat vazirliklari va yirik kompaniyalari, chegaradosh viloyatlar rahbarlari ishtirok etdi.

  O‘zbekiston va Tojikiston yetakchilarining siyosiy irodasi va birgalikdagi sa’y-harakatlari tufayli birodar mamlakatlarning munosabatlari teng huquqli va o‘zaro manfaatli amaliy hamkorlikning sifat jihatidan yangi darajasiga ko‘tarilgani qayd etildi.

  - Birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan beqiyos ishlarni amalga oshirdik va ular o‘zaro munosabatlarimiz solnomasidan o‘rin oldi, - deb ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

  Tomonlar strategik sheriklikni kengaytirishda qat’tiy ekani va bu borada aniq choralarni ko‘rishga tayyorligini ta’kidladilar.

  Muzokaralarda savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish, transport sohasidagi va hududlar o‘rtasidagi sheriklikni rivojlantirish, energetika yo‘nalishidagi ulkan salohiyatni samarali ishga solish, madaniy-gumanitar almashinuvlarni davom ettirish, zamonaviy tahdid va xatarlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev tovar ayirboshlashdagi ijobiy sur’atga qaramay, kelgusi yilda uni ikki barobarga ko‘paytirish uchun yangi “o‘sish nuqtalari”ni topish muhim ekanini aytdi. Shu maqsadda erkin savdo rejimidan istisnolarni bekor qilish va notarif to‘siqlarni bartaraf etish masalalarini kelishishni tez fursatda yakunlash muhim, deb ta’kidladi davlatimiz rahbari.

  O‘zaro tovar yetkazib berish hajmini oshirish va nomenklaturasini kengaytirish, uchinchi mamlakatlarga birgalikda chiqish imkoniyatlarini izlash lozim.

  Davlatimiz rahbari O‘zbekiston mamlakatlarimiz hududlari va yetakchi korxonalarining sanoat kooperatsiyasini kengaytirishdan manfaatdorligini ta’kidladi.

  - Muvaffaqiyatli hamkorlikning real misollari va istiqbolga mo‘ljallangan aniq rejalarimiz bor.

  Bu haqda so‘z yuritganda, O‘zbekiston avtomobillarini yig‘ishni tashkil etish, zamonaviy transformatorlar va qishloq xo‘jaligi uskunalarini ishlab chiqarish, maishiy texnika va qurilish materiallari, kalava ip va to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarishni kengaytirish, mamlakatlarimizdagi boshqa qo‘shma loyihalarni tilga olish lozim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

  Shu munosabat bilan tashkil etilgan qo‘shma investitsiya kompaniyasi faoliyatini ilg‘or xorijiy tajriba asosida samarali yo‘lga qo‘yish hamda uning imkoniyatlaridan loyihalarni ilgari surishda maksimal darajada foydalanish zarur.

  Transport va tranzit tashishlar sohasidagi hamkorlik ham strategik yo‘nalishdir. O‘zbekiston Prezidenti mamlakatlarimiz tranzit salohiyatidan samarali foydalanish, shaharlar o‘rtasidagi havo qatnovlarini kengaytirish va avtobus qatnovlarini tiklashni taklif etdi.

  Shavkat Mirziyoyev ikki mamlakat viloyatlari va tumanlari kesimida to‘g‘ridan-to‘g‘ri tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish muhim ekanini ta’kidladi.

  Kuni kecha Xatlon viloyatining Boxtar shahrida o‘tgan birinchi Hududlararo forum bunday shakldagi hamkorlikning samaradorligini yana bir bor isbotladi.

  - Masalalarni tezkor hal qilish uchun hududlar rahbarlari izchil “harakatlar rejalari”ni kelishib olishlari va har oy kamida bir marta joylarda uchrashuvlar o‘tkazib borishlari lozim, - deb qayd etdi davlatimiz rahbari.

  Ikki mamlakatning ulkan gidroenergetika salohiyatidan samarali foydalanish va suvdan foydalanish masalalari bo‘yicha konstruktiv va o‘zaro manfaatli muloqotni davom ettirish masalalari muhokama qilindi.

  Yetakchilar an’anaviy faol gumanitar almashinuvlarni davom ettirishga kelishib oldilar. Davlatimiz rahbari diplomatik munosabatlarimiz o‘rnatilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan qo‘shma madaniy tadbirlar dasturini amalga oshirish, shuningdek, ikki mamlakat yoshlari festivalini tashkil etish, Dushanbe va Toshkentda zamonaviy o‘zbek va tojik adabiyotining tanlangan asarlari - antologiyalarini nashr etishni taklif etdi.

  Muzokaralarda zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi kurashish sohasida, ayniqsa Afg‘onistonda yuzaga kelayotgan vaziyat asnosida hamkorlikni kuchaytirish muhim ekani qayd etildi.

  O‘zbekiston va Tojikiston Afg‘oniston bo‘yicha tinchlik muzokaralarini qo‘llab-quvvatlash, ushbu mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan loyiha va dasturlarni amalga oshirish, uni mintaqaviy iqtisodiy sheriklikka faol jalb etish tarafdori ekani ta’kidlandi.

  Tomonlar BMT, MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida hamkorlikni davom ettirish va bir birini qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini tasdiqladilar.  

  Prezident Emomali Rahmon Tojikiston birodar O‘zbekiston bilan hamkorlikda erishilgan bugungi yuksak darajani qadrlashini, bunda Prezident Shavkat Mirziyoyevning katta hissasi borligini alohida ta’kidladi. Muzokaralar chog‘ida kelgusi ishlar uchun rejalar belgilab olingani, ularning natijalari ikki mamlakat strategik sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish uchun yangi omil bo‘lib xizmat qilishini qayd etdi.

 

Samarqand va Xatlonda ijtimoiy muassasalar ochildi

 

 

  Kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralar yakunlangach, O‘zbekistonning Samarqand viloyati va Tojikistonning Xatlon viloyatida barpo etilgan ijtimoiy ob’ektlarning rasman ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Emomali Rahmon ramziy tugmani bosib, ularning faoliyatiga start berdilar.

  Xatlon viloyatining Ko‘bodiyon tumanidagi tibbiyot majmuasi O‘zbekiston tomonidan qurilgan. Ushbu 250 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona yiliga 75 ming nafar bemorga xizmat ko‘rsatish imkoniyatiga ega. Majmuada jarrohlik, urologiya, ko‘z xastaliklari, intensiv davolash va reanimatsiya, pediatriya, travmatologiya, ginekologiya, homiladorlik patologiyasi, tug‘ruqdan keyingi tiklanish va terapiya bo‘linmalari mavjud.

  Majmua tarkibidagi poliklinika bir smenada 300 nafar va bir yilda 219 ming nafardan ziyod bemorga xizmat ko‘rsatishga mo‘ljallangan.

  Tojikiston tomonidan Samarqand viloyatining Urgut tumanida umumta’lim maktabi barpo etilgan. U 640 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan.

  Maktabning uch qavatli binosida 26 ta sinf, sport zali, faollar zali, oshxona, kutubxona, mehnat darslari va ixtisoslashtirilgan mashg‘ulotlar uchun sinflar mavjud. O‘quv maskani kompyuter texnikasi va laboratoriya jihozlari bilan ta’minlangan.

  Marosimda ikki mamlakat vakillari so‘zga chiqib, davlat rahbarlariga birodar mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va mehr-oqibatni mustahkamlashga, fuqarolarimiz uchun qulay sharoitlar yaratishga qaratayotgan alohida e’tibori uchun minnatdorlik bildirdilar.

https://president.uz/uz/lists/view/4410

https://president.uz/oz/lists/view/4411

https://president.uz/oz/lists/view/4412

https://president.uz/oz/lists/view/4413

https://president.uz/oz/lists/view/4414

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>