Yangiliklar
«O‘zbekiston MET» AJ: 500 kV kuchlanishli «Surxon» podstansiyasida maxsus taktik-o‘quv mashqlari o‘tkazildi
  • 25.06.2021
  • 661

  Avval xabar berganimizdek, 2021-yil 24-iyun kuni «Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari» filialida Surxondaryo viloyati hokimiyati, viloyat Milliy gvardiyasi Qo‘riqlash boshqarmasi, Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda boshqa tashkilot va tuzilmalardan vakillar ishtirokida seminar, bugun, 25-iyun kuni esa 500 kV kuchlanishli «Surxon» podstansiyasida maxsus taktik-o‘quv mashqlari o‘tkazildi.

 

  Ma'lumki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida tasarrufidagi 84 ta yuqori kuchlanishli podstansiyalar ichida 7 ta 500 kV kuchlanishli podstansiyalar mavjud. Mazkur muhim ob'ektlarda xizmat qilayotgan harbiy xizmatchilarning bilim-malakasini oshirish, harbiy tayyorgarlik darajasini yuksaltirish, sanoat va yong‘in xavfsizligi masalalari yuzasidan tegishli o‘quv seminarlari hamda mashg‘ulotlar o‘tkazish belgilangan. Toifalangan ob'ektlardagi tayyorgarlik darajasini aniqlashga qaratilgan tadbirlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibiyatining tegishli topshiriqlariga muvofiq ishlab chiqilgan Chora-tadbirlari rejasida ham aks etgan. Misol uchun, avval bunday o‘quv mashg‘ulotlari «Buxoro magistral elektr tarmoqlari» filiali 500 kV li«Qorako‘l» podstansiyasida o‘tkazilgan edi.

Yangiliklar 24 | «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ 500 kV kuchlanishli "Qorako‘l" podstansiyasida harbiy tayyorgarlik mashg‘ulotlari o‘tkazildi
#4jan #uzbekiston24

mtrk.uz | Youtube | Facebook | Telegram

"Buxoro magistral elektr tarmoqlari" filialida seminar, 500 kVli "Qorako'l" podstansiyasida namunaviy mashg'ulotlar o'tkazildi

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/633

  Umuman olganda, bunday xavfsizlik texnikasi va yong‘in xavfsizligiga oid o‘quv mashg‘ulotlari Aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi podstansiyalarda yillik rejaga asosan o‘tkazib turiladi va ularni o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad yagona — «O‘zbekiston MET» AJ mutaxasssis-xodimlarining bilim-malakasini oshirish, ularning har qanday favqulotdagi holatlarga shayligini yuksaltirish, ishlab chiqarish jarayonida turli jarohat olish mumkin bo‘lgan holatlarning oldini olish va elektr ta'minoti faoliyati barqarorligini ta'minlashdan iborat.

 

Jamiyat tarkibidagi podstansiyalarda yong'in xavfsizligi qoidalari talablariga rioya etilishi seminar-treninglar, ko'rik tanlov mashg'ulotlari orqali aniqlanmoqda

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/618

  Ammo Aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan tashkil etilgan bugungi kabi tadbirlar boshqa tashkilot va tuzilmalar bilan hamkorlikda o‘tkazildiki, elektr ta'minoti barqarorligini ta'minlashdagi xavfsizlik masalalari mutasaddi tashkilot mutaxassislarining bevosita  ishtiroki va yordamida tashkil etilishi — uning samaradorligi oshishini kafolatlaydi.

 
 

   Tadbirning birinchi kunida o‘tkazilgan seminarda «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarma boshlig‘i S. Haydarov, Boshqarmaning yetakchi mutaxassisi U. Rahmatov, 7 ta viloyat magistral elektr tarmoqlari filiallaridan mutaxassislar, «Andijon magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori K. Yo‘ldashev,  «Samarqand magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori F. Qurbonov, shuningdek, Surxondaryo viloyat hokimligi Idoralararo ishchi guruhi rahbari, Komissiya raisi o‘rinbosari A. Karimov, kotibiyat mudirlari Z. Gapparov va N. To‘raqulov, Surxondaryo viloyati hokimligi bosh mutaxassisi K. Musurmonov, yetakchi mutaxassisi A. Safarov, Surxondaryo viloyati prokuraturasi bo‘lim boshlig‘i I. Abdiev, Milliy gvardiya Surxondaryo viloyat boshqarmasidan A. Esonov, Surxondaryo viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i N. Kadirov, birinchi o‘rinbosari Sh. Xolboev, Surxondaryo viloyati IIB boshlig‘i o‘rinbosari U. Fayzullaev, Milliy gvardiya viloyat Qo‘riqlash boshqarmasi boshlig‘i A. Umarov, «Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori O. Ashurov, “Amu-Surxon” irrigatsiya tizimlari havza boshqarmasi huzuridagi Nasos stansiyalari va energetika boshqarmasi boshlig‘i A. Abduraimov, “Termiz” xalqaro aeroporti direktori Sh. Kabirov, “Termiz” temiryo‘l uzeli rahbari A. Ahmedov hamda “Uchqizil” radioteleuzatish stansiyasi boshlig‘i Sh. Saidovlar qatnashdi.

 
 
 

  Seminarda “Hududiy idoralararo komissiyasi ishchi guruhining muhim ob'ektlarda xavfsizlikni ta'minlashdagi faoliyatini tashkil etishning o‘rni va ahamiyati”, “Qo‘riqlash bo‘linmalarining muhim ob'ektlarni qo‘riqlash va mudofaa qilish bo‘yicha hamkorlikdagi harakatlari rejalarini ishlab chiqish tartibi”, “Muhim ob'ektlarda barcha mavjud fuqaro muhofazasi hujjatlarini ishlash tartibi”  va “Muhim ob'ektni muhandislik va texnik qo‘riqlov vositalari bilan jihozlanishi, sanoat va yong‘in xavfsizligini ta'minlashni tashkillashtirish” mavzulari bo‘yicha ma'ruzalar tinglandi.

 

  Seminar davomida elektr ta'minoti masalalari, jumladan sohada, xususan Surxondaryo viloyatida olib borilayotgan modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlari to‘g‘risida «Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori Otabek Ashurov so‘zlab bergan bo‘lsa, elektr ta'minoti masalalarida OAV va jamoatchilik bilan ishlash, energiya tejamkorligi va samaradorligi masalalari xususida seminar ishtirokchilariga «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchi Ulug‘bek Urunov axborot berib o‘tdi. Boshqa viloyatdan tashrif buyurgan seminar ishtirokchilarining savollariga mutaxassislar javob berib, seminar o‘z ishini yakunladi.

 
 

  Bugun, 25 -iyun kuni tongda seminar ishtirokchilari 500 kV kuchlanishli “Surxon” podstansiyasiga yo‘l oldilar. Dastlab podstansiyaning tashqi qismida harbiy va maxsus texnikalar ko‘rigi, harbiy xizmatchilar hamda “Surxon”podstansiyasi qo‘riqlash bo‘linmalarining saf tortish mashqi o‘tkazilib, so‘ng seminar ishtirokchilariga yo‘riqnoma o‘tkazildi. Yuqori kuchlanishli podstansiya ichida xavfsizlik texnikasining qanday tartiblariga amal qilishi haqida o‘tkazilgan yo‘riqnoma qaydnoma daftariga qayd etilgach, barcha ishtirokchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, maxsus o‘quv-taktik mashqlarini kuzatish maydonchasiga olib kirildi.

 
 
500 kV kuchlanishli “Surxon” podstansiyasi texnik-muhandislari, qo‘riqlash bo‘limi xodimlari tomonidan maxsus bo‘linma zobitlari ishtirokidagi  maxsus-taktik o‘quv mashqlari ikki shartli ssenariy asosida o‘tkazildi.

  Birinchi ssenariy shartiga ko‘ra, shartli qurollangan jangarilardan iborat to‘da podstansiya binosiga bostirib kirib, dispetcherlik pulti binosini egallab olgani sahnalashtirib ko‘rsatildi. So‘ngra maxsus tayyorgarlikdan o‘tgan harbiy bo‘linmalar dispetcherlik pulti binosini o‘rab olishdi va shartli jangarilar bilan muzokaralar olib borishdi. Muzokaralarda diniy tashkilot vakili hamda mahalla faollari ishtirok etib, jangarilarni qurolsizlanib, taslim bo‘lishga chaqirdi. Shartli jangari to‘da vakillari o‘z qabih niyatidan voz kechmasligini bildirib, muzokara olib borgan zobitlarga bir qator shartlar qo‘yishdi.

 
 

  So‘ng shartli ravishda dispetcherlik pulti binosini egallagan jangarilarni qo‘lga olish va garovga olingan mutaxassislarni qutqarish operatsiyasi amalga oshirila boshladi. Ssenariy asosida bino atrofini qo‘rshab olgan askarlar o‘z hujum nuqtasini egallab olgach, maxsus tayyorgarlikka ega zobitlar shartli bino eshigiga portlovchi modda o‘rnatib, binoni ishg‘ol qilish operatsiyasini boshladi.

 

  Shartli jangarilar to‘dasi qo‘lga olinib, Ichki ishlar xodimlari ishtirokida maxsus avtomobilda tergov bo‘linmasiga olib ketildi. So‘ng binoga maxsus kiyimbosh va qurol-aslahaga hamda o‘rgatilgan hayvonlarga ega sapyorlar guruhi kirib, tez tibbiy yordam shifokorlariga ichkariga kirishga ruxsat berishi uchun dastlabki tekshiruvni o‘tkazishdi. Tez tibbiy yordam shifokorlari yaralangan mutaxassislarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatib, mutaxassislarni binodan olib chiqqach, sapyorlar jangarilar tomonidan qoldirilgan noma'lum jismni yo‘q qilish operatsiyasini amalga oshirishdi.

 

 Dispetcherlik pulti binosi to‘liq zararsizlantirilgandan so‘ng binoga texnik-muhandislar mutaxassislar kirib, elektr ta'minotini tiklashga ruxsat berildi. Bu paytda maxsus bo‘linma tergov guruhi shartli voqyea joyida o‘z ishlarini davom ettirdilar.

 
 
 

  Ikkinchi ssenariy shartiga ko‘ra, tabiiy ofat — zilzila sodir bo‘lgani, buning oqibatida podstansiyaning uch joyida yong‘in chiqqani aks ettirildi. 500 kVli «Surxon» podstansiyasi navbatchi guruhlari yo‘riqnomada belgilangan tartibda 3 ta shartli yong‘in joyida o‘t o‘chirish ishlarini olib bordi. Mutaxassislarning boshqa bir guruhi shartli zilzila oqibatida zarar yetgan bino va inshootlar, elektr uskuna va jihozlarini tiklash-ta'minlash ishlarini bajarishdi.

 

  Ikki shartli ssenariy asosida o‘tkazilgan maxsus o‘quv-taktik mashqlari kuzatish maydonchasidagi mutaxassislar tomonidan baholandi. Yo‘l qo‘yilgan juz'iy kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha tavsiyalar berilib, mashqlarni bajarishda yetakchilik ko‘rsatgan mutaxassislar e'tirof etildi.

  Mashg‘ulotlar tugaganidan so‘ng podstansiya tashqi maydonida saf tortgan mutaxassislar ishtirokida o‘tkazilgan seminar va maxsus o‘quv-taktik mashqlari muhokama etilib, tashkilotchilar-u ishtirokchilarga minnatdorlik bildirildi. So‘ng maxsus texnika va mexanizmlar podstansiyani tark etdi.

 

 

 

  So‘ng «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi xodimlari tomonidan 7 ta viloyat magistral elektr tarmoqlaridan tashrif buyurgan xodimlar uchun mahorat darsi o‘tkazildi. Unda muhim ob'ektlar qo‘riqlash bo‘linma xodimlarining harbiy tayyorgarligi va mehnat samaradorligini oshirish uchun Aksiyadorlik jamiyati tomonidan qanday ishlar amalga oshirilayotgani, yaratilayotgan sharoitlardan unumli foydalanib, sanoat va yong‘in xavfsizligi, jumladan, xavfsizlik texnikasi qoidalariga qat'iy amal qilish — elektr ta'minoti barqarorligining kafolati ekanligi uqtirildi.

 

Tadbirda, shuningdek, OAV vakillari, jumladan «O‘zbekiston-24» telekanalining Surxondaryo viloyat muxbiri ham ishtirok etdi.

 

  Shu bilan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Xavfsizlik va maxsus ishlar boshqarmasi tomonidan tashkil etilgan seminar va o‘quv-taktik mashg‘ulotlari yakunlanib, Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining ko‘rsatmasiga binoan navbatdagi tadbir «Samarqand magistral elektr tarmoqlari» filialining 500 kVli «Sug‘diyona» podstansiyasida bo‘lib o‘tishi va unga lozim darajada tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan topshiriqlar berildi.


✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun

t.me/uzmetaxborotxizmati

>