Yangiliklar
Nosozlik sabablari aniqlanib, uning oldini olish choralari ko‘rildi
  • 29.06.2021
  • 415

  “O‘zkimyosanoat” AJ Matbuot xizmatining xabar berishicha, joriy yilning 28-iyun kuni soat 16:57da “O‘zbekiston MET” AJning “Ximiya” podstansiyasida qisqa tutashuv sabab “NAVOIY HETK” AJga qarashli 110 kVli elektr tarmog‘ida o‘chish sodir bo‘lib, “O‘zkimyosanoat” AJ tizimidagi “Navoiyazot” AJ ishlab chiqarish ob'ektlarida elektr energiyasi uzilishi kuzatilgan. Buning natijasida korxonada azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish hajmlarining kamayishi va boshqa noqulayliklar kelib chiqqan. Qisqa muddatdan so‘ng ishlab chiqarish sexlarida ish faoliyati bosqichma-bosqich qayta tiklangan.

 

 "Ximiya" podstansiyasida elektr energiya ta'minotidagi uzilish "Navoiyazot" AJda barcha ishlab chiqarishlar rejadan tashqari to‘xtashiga sabab bo‘ldi

  http://uzkimyosanoat.uz/uz/press/news/ximiya-energy

  “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ Milliy dispetcherlik markazining xabar berishicha, soat 16.55da “Ximiya” podstansiyasida sodir bo‘lgan qisqa tutashuv sababli o‘chishdan so‘ng 16.58da tarmoqqa kuchlanish berilgan. 

 

  «Navoiy magistral elektr tarmoqlari» filiali mutaxassislari o‘chish holatining sabablarini o‘rganish uchun “Ximiya” podstansiyasidan chiquvchi va unga kiruvchi elektr tarmog‘i hamda podstansiya elektr qurilmalarini birma-bir tekshiruvdan o‘tkazib chiqishdi. Ma'lum bo‘ldiki, podstansiya hududidagi metall portallar orasiga qushlar in qurishga uringani, ulardan bir nechtasi (polaponlari) ajratkichlar orasiga tushganda qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.  

   Bunday holat yana takrorlanmasligi uchun elektr qurilmalarining orasi maxsus to‘siqlar bilan to‘silib, nosoz holga kelgan jihozlar almashtirildi.

  Eslatib o‘tamiz: nosozlik oqibatida yuzaga kelgan o‘chish sodir bo‘lganidan so‘ng 3 daqiqa o‘tib tarmoqqa kuchlanish bergan. Ammo bu “Navoiyazot” AJning ishlab chiqarish jarayonida bir muddat to‘xtash sodir bo‘lib, ishlab chiqarish qayta ulanish-tiklash ishlariga sababchi bo‘lgan.

  O‘ylaymizki, uzkimyosanoat.uz veb-sayti ma'lumotnomasida bildirilganidek, ushbu avariyaviy to‘xtash natijasida vujudga keladigan noqulayliklarga qaramasdan “Navoiyazot” AJ ichki va tashqi bozorlarga belgilangan shartnomalar doirasida barcha majburiyatlar o‘z vaqtida bajarishini ta'minlaydi.


«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun t.me/uzmetaxborotxizmati

>