Yangiliklar
Xavfsizlik texnikasi oyligi: 2021-yil 1-iyuldan 1-avgustgacha xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rik tadbirlarini kuzatib boring!
  • 13.07.2021
  • 729

  Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulovning 2021-yil 14-iyundagi «Xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rik o‘tkazish to‘g‘risida»gi 186-sonli buyrug‘iga asosan 2021-yil 1-iyuldan 1-avgustgacha «O‘zbekiston MET» AJ barcha korxonalarida tegishli tartibga muvofiq xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ko‘rik oyligi o‘tkazilishi belgilangan edi.

 
Ko‘rikka tayyorlanish davri 2021-yilning 15-iyundan 1-iyulgacha etib belgilangan.

  Mavjud an'anaga muvofiq Xavfsizlik texnikasi ko‘rigiga tayyorlanish, uni o‘tkazish va natijalarini baholash uchun Aksiyadorlik jamiyati ma'muriyatida Markaziy komissiya tuzilgan bo‘lib, Komissiya raisi sifatida ko‘rik jarayoni ishini muvofiqlashtirish «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari X.B.Elmurodovga yuklatilgan.

  Shuningdek, mazkur komissiyaning yana 7 nafar a'zolari Xavfsiz ish sharoitlarining ta'minlash va jarohatlanishlarning oldini olish bo‘yicha profilaktika ishlarini kuchaytirish hamda «O‘zbekiston MET» AJning 2021-yil 29-yanvardagi 33-sonli buyrug‘ining 11-ilovasi, 1-bandini bajarish maqsadida tashkil etilgan Xavfsizlik texnikasi oyligi ko‘rigining dastlabki xulosalarini 2021-yil 10-avgustgacha, yakuniy xulosalarini 2022-yil 10-yanvarigacha taqdim etishi belgilangan.

  Xo‘sh, ko‘rik oyligini o‘tkazishdan ko‘zlangan maqsad nima?

  Ko‘rikning asosiy maqsadi deb quyidagilar belgilangan:

 ·  Xodimlarning mehnat, ishlab chiqarish va texnologik intizomga rioya qilishlari ustidan nazoratni kuchaytirish;

·  Bexatar ish sharoitlarini tashkil etish ko‘nikmalarini hosil qilish uchun kasb mahorati konkurslarini o‘tkazish va bu bilan xodimlarning bilim darajasini oshirish;

·  Xodimlar bilan olib boriladigan ishlarning amaldagi hujjatlarga muvofiq holda tashkillashtirilishiga mas'ul rahbar xodimlar va ish joyida xavfsizlik texnikasi qoidalari talablarini so‘zsiz bajarishi uchun har bir ishlovchining mas'uliyatini oshirish.

  Shu bilan birga, tashkiliy ishlarni tegishli tartibda bajarish uchun «O‘zbekiston MET» AJning ishlab chiqarish, boshqarma va xizmatlari boshliqlariga quyidagi vazifalar yuklatilgan:

ko‘rikni tashkil qilish va o‘tkazishda faol qatnashish;

joylarda XT bo‘yicha bevosita ishlarda (XT kunlari, ish joylarini tekshirish, XT bo‘yicha tanlovlar, bilimlar tekshiruvi, xavfli joylarni aniqlash) ishtirok etish;

xavfsizlik texnikasi masalalari yuzasidan chiqarilgan buyruq va sharhlarning bajarilishi ustidan nazoratni ta'minlash.

 

  Bunda, Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati ko‘rik davrida filiallar o‘rtasida xavfsizlik texnikasi, xodimlar bilan ishlash holatlari va ko‘rik o‘tib borishi bo‘yicha o‘zaro tekshiruvlarni tashkil etadi.  Iqtisodiyot va moliya bosh boshqarmasi tomonidan ko‘rik yakunlari bo‘yicha Markaziy komissiyaning qaroriga muvofiq korxonalarni mukofotlash uchun 60,0 mln. so‘m miqdoridagi pul mablag‘i ajratilishi belgilangan.

  Sovrin jamg‘armasining miqdori korxonalar guruhi bo‘yicha, Magistral elektr tarmoqlari filiallari guruhiga: 1-o‘rin — 20 000 000 so‘m; 2-o‘rin — 15 000 000 so‘m; 3-o‘rin — 13 000 000 so‘m. «ENERGO-IT», Qurilish-montaj tashkilotlari va ijtimoiy soha ob'ektlari guruhi: 1-o‘rin — 5 000 000 so‘m; 2-o‘rin — 4 000 000 so‘m; 3-o‘rin — 3 000 000 so‘m.

 

 

  Xavfsizlik texnikasi ko‘rik oyligida olib borilayotgan ishlarni o‘rganish va baholashda quyidagi ko‘rsatkich va amaliyotlar samaradorligiga e'tibor beriladi:

Xavfsizlik texnikasi ko‘rik oyligi bo‘yicha filial buyrug‘i, ko‘rikni o‘tkazish uchun komissiya tuzilgani va ish rejasining mavjudligi. Filial va bo‘linmalarda ko‘rik bo‘yicha kerakli hujjatlar va tashviqot ishlarining olib borilishi.

  Ish joylarini tekshirish, jumladan:

·   Xavfsizlik texnikasi qoidalari talabi buzilgan holda ish olib borilayotgan joylarni aniqlash;

    ·  Naryadning mavjudligi va to‘g‘ri to‘ldirilganligini tekshirish, ishlarni xavfsiz bajarishda ko‘rilgan choralarning yetarliligi;

    ·  Dispetcherlik nomlarni naryadda ko‘rsatib o‘tilgan qurilmalarning haqiqiy nomlariga mos kelishi.

    ·  Naryad yoki farmoyishning to‘g‘ri rasmiylashtirilishini joriy etish va ishga to‘g‘ri qo‘yishni tekshirish;

    ·  Barcha xodimlarni xavfsizlik texnikasi bo‘yicha hujjatlar bilan tanishtirilishini jurnallarda qayd etish.

 

  Shuningdek, jihozlangan texnik o‘quv xonalarini ko‘zdan kechirish. jumladan, ularning normativ hujjatlar talablariga muvofiqligi, shu bilan birga, ish rejalari, mashg‘ulot o‘tkazish mavzularining mavjudligi va bajarilishi, jumladan, baxtsiz hodisalar bo‘yicha xabarnomalar va buyruqlarni ishlab chiqish tartibi bo‘yicha ijro intizomini o‘rganish yuzasidan tegishli amaliyotlar olib borilishi belgilangan.

  Bundan tashqari, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha trenajerlarning mavjudligi, xavfsizlik texnikasi bo‘yicha ishlarni tashkillashtirishda tezkor xodimlarning ishtiroki va ular tomonidan TEQ, lavozim va ishlab chiqarish yo‘riqnomalari talablariga amal qilinishi, bir chiziqli sxemalarning mavjudligi va to‘g‘riligi, filial yoki qurilish-montaj tashkiloti rahbarlari, ishlab chiqarish xizmatlarini o‘quv xonalarida tasdiqlangan jadval asosida mashg‘ulotlarning o‘tkazilishi va yo‘riqnomalar bilan xodimlarni tanishtirish ishlarini olib borish kabi ko‘rsatkichlar o‘rganiladi.

 

  Regional dispetcherlik xizmatlarida (RDX) uskunalarning tezkor-dispetcherlik ekspluatatsiyasi bo‘yicha ishlarni tashkillashtirish:

·   Tasdiqlangan lavozim va ishlab chiqarish yo‘riqnomalarining mavjudligi;

 ·  Aloqa vositalari bilan ta'minlanganligi, ob'ektlar bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri dispetcherlik aloqa kanallarining mavjudligi va undan foydalanilishi;

·  Avariyaviy tiklash va ta'mirlash ishlarining olib borilishida uskunalarning tezkor-dispetcherlik boshqaruvi bo‘yicha qoida talablariga amal qilinishi;

·   Texnik hujjatlarning va tezkor jurnallarning mavjudligi va to‘g‘ri yuritilishi.

 

  Xodimlar bilan ishlash:

·    Xodimlar bilan ishlashning yillik ish rejasining mavjudligi va bajarilishi.

·    «Energetika ishlab chiqarish korxonalarida xodimlar bilan ishlashni tashkil qilish qoidalari»ga asosan yangi ishga kirgan va boshqa ish joyiga o‘tkazilgan xodimlarni tayyorlash bo‘yicha dasturlarning mavjudligi.

·   Ishlarni xavfsiz bajarish uchun javobgar shaxslarning tasdiqlangan ro‘yxatini mavjudligi.

·  Bilim sinovidan ozod etilgan lavozimlarning tasdiqlangan ro‘yxatining mavjudligi.

·  Avariyaga va yong‘inga qarshi mashg‘ulotlar: jadvali, hisobga olish jurnali, ro‘yxati, mavzulari, ishtirokchilari, mavzularining to‘g‘ri to‘ldirilishi va baholanishi.

·  Bilim sinovi: bilim sinovini o‘tkazish jadvali, jurnalning yuritilishi.

·  Maxsus ishlarni bajaradigan xodimlarni bilim sinovidan o‘tkazish: vakolatli komissiya va jurnalning mavjudligi hamda guvohnomada belgilanganligi.

 

  Xavfsizlik texnikasi oyligi davomida yo‘riqnomalarning yuritilish holati ham o‘rganiladi. Misol uchun, kirish va birlamchi yo‘riqnomalarning dasturi, davriy yo‘riqnomalarning tasdiqlangan mavzusi, navbatdan tashqari yo‘riqnomalarning o‘tkazilishi hamda jurnallari: 

·  Xodimlarning tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilganligi.

·  Texnik o‘qish: dastur, jurnal, yakuni (rahbarlarning qatnashgani). Maxsus tayyorgarlik: xodimlar bilan avariya va favqulodda o‘chishlarda yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni ishlab chiqish, chora-tadbir tuzish.

·  Seminarlar va kasb mahoratini o‘tkazish va OAVda yoritish.

·  Mehnat muhofazasi bo‘yicha biriktirilgan xodimlarning ish rejasining mavjudligi.            

· «Xavfsizlik texnikasi ko‘rik oyligi»ni o‘tkazilishi to‘g‘risida joylarda shiorlarning mavjudligi.

·  Xodimlarni maxsus kiyim bosh va poyabzallar bilan ta'minlanganligi. MB-6 formasini yuritilishi, maxsus kiyimbosh va poyabzallarning holati.

 

  Xulosa o‘rnida shuni aytish lozimki, elektr energiyasi ta'minoti tizimi murakkab texnik-muhandislik amaliyoti bo‘lib, u ishlab chiqarish, yuqori hamda past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalari orqali yetkazib berish va iste'molchilarga taqsimlashdan iborat, va, albatta, bu jarayonlar xavfsizlik texnikasi qoidalariga so‘zsiz amal qilgan holda amalga oshirilishi shart.

 

  Bugungi pandemiya sharoitidagi karantin vaqtida xodimlardan gigiena-sanitariya tartiblariga amal qilgan holda xavfsizlik texnikasi qoidalari, mehnat muhofazasi va texnik ekspluatatsiya qoidalari bilan yana bir bor tanishib chiqish so‘raladi. Energetika sohasida, xususan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalarga xizmat ko‘rsatish chog‘ida turli baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun xavfsizlik qoidalarini yaxshi o‘zlashtirish va unga amal qilish muhim ahamiyatga ega.

Xavfsizlik texnikasi oyligi davomida o‘tkazilgan tadbirlar Axborot xizmati tomonidan yoritib boriladi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

>