Yangiliklar
Prezident Shavkat Mirziyoyev Navoiy viloyatiga safarini Karmana tumanidan boshladi. Davlatimiz rahbari bu yerda barpo etilgan yangi quyosh elektr stansiyasini ishga tushirish marosimida nutq so‘zlamoqda
  • 27.08.2021
  • 354

  Vatanimiz mustaqilligining 30-yillik bayrami arafasida sizlar bilan birga  muhim bir tadbirda yig‘ilib turibmiz.

  Bugun Karmana tumanida  “yashil energetika”ga o‘tish yo‘lidagi birinchi qadam bo‘lmish  quvvati 100 megaVatt bo‘lgan  zamonaviy quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirilmoqda.

  Barchangizni ana shu quvonchli voqyea bilan chin qalbimdan tabriklayman.

  Avvalo,  ushbu loyiha doirasida qisqa muddatda – bir yarim yil ichida katta hajmdagi ishlar bajarilganini ta'kidlash lozim.

  Xususan, 110 million dollar investitsiyalar o‘zlashtirilib, 300 mingta quyosh panellari o‘rnatilgani chindan ham sanoatimiz tarixida  juda katta voqyeadir.

  Bu yerda yiliga 252 million kV•soat elektr energiyasi  ishlab chiqariladi. Buning hisobidan 80 million kub metr tabiiy gaz tejalib, atmosferaga 160 ming tonna  bug‘lanuvchi gazlar chiqishining oldi olinadi.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev ushbu stansiya Yangi O‘zbekiston energetika tizimidagi  birinchi mana shunday ulkan qadam, ta'bir joiz bo‘lsa, “birinchi qaldirg‘och” bo‘lib, soha rivojida mutlaqo yangi davrni boshlab berayotganini ta'kidladi.

  "Ma'lumki, yurtimizda bir yilda o‘rtacha 320 quyoshli kun kuzatiladi. O‘lkamizni bejiz  “Serquyosh O‘zbekiston”  deb atashmaydi.

   Lekin shu paytga qadar ana shunday ulkan salohiyatdan  foydalanish masalasi   e'tiborimizdan chetda qolib kelayotgan edi", - dedi davlatimiz rahbari.

  Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra,  O‘zbekistonda quyosh stansiyalarini qurish orqali jami 600 milliard kiloVatt-soat  elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati mavjud. Bu  respublikamizning  bugungi kunda energiyaga bo‘lgan jami ehtiyojidan 8 barobar ko‘p.

  2030-yilga borib  quyosh elektr stansiyalari quvvatini kamida 5 ming,  shamol elektr stansiyalari bo‘yicha esa 3 ming megaVattga yetkazish reja qilingan.

  Jumladan quyidagi quvvatlar foydalanishga topshiriladi:

  - joriy yil yakuniga qadar Samarqandda quvvati 100 megaVatt bo‘lgan yana bitta quyosh stansiyasi;

  - kelgusi ikki yilda Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand,  Xorazm, Surxondaryo va Qashqadaryoda umumiy quvvati 2 ming 100 megaVatt bo‘lgan 9 ta quyosh stansiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro va Navoiy viloyatlarida esa 1 ming 600 megaVatt quvvatga ega bo‘lgan 4 ta shamol elektr stansiyasi.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi stansiya  O‘zbekiston tarixida ilk bor xususiy investor tomonidan qurilgan elektr stansiyasi ekaniga e'tibor qaratdi.

  Bu so‘nggi ikki yilda elektr energiyasi sohasida boshlagan katta islohotlarimizning amaliy natijasi,  investorlarning mamlakatimizga nisbatan ishonchi  tobora ortib borayotganining yorqin dalilidir.

  Biz energetika sohasida tub islohotlarni boshladik. Elektr energiyasini ishlab chiqarish, uzatish, taqsimlash va sotishni o‘zida jamlagan monopol davlat kompaniyasi o‘rniga bir-biridan mustaqil  4 ta kompaniya tashkil etildi.

  "Energetika sohasida raqobatdosh ulgurji bozorni shakllantirish, xususiy investorlar uchun keng imkoniyatlar yaratish va shu orqali elektr energiyasiga o‘sib borayotgan talabni  maqbul narxlarda qondirishni asosiy vazifa etib belgiladik.

  Shu tariqa 2025-yilgacha yurtimizda kamida  50 foiz elektr energiyasini xususiy elektr stansiyalarida ishlab chiqarish uchun barcha imkoniyatlarni yaratib beramiz", dedi davlatimiz rahbari.

  Ushbu loyiha Birlashgan Arab Amirligining  Masdar kompaniyasi tomonidan amalga oshirilgan bo‘lib, bu xorijiy davlat kompaniyalari bilan hamkorlikdagi ayni paytdagi eng yirik loyihadir.

  Davlatimiz rahbari Amirliklar bilan o‘zaro hamkorlik yildan-yilga kengayib, yangi bosqichga ko‘tarilib borayotganini alohida ta'kidladi.

  Birgina energetika sohasida umumiy qiymati  qariyb 1,5 milliard dollar bo‘lgan 1 ming 700 megaVattli 6 ta loyihani amalga oshirish boshlangan.

  Jumladan, Navoiy viloyatining o‘zida 2023-yilda Masdar kompaniyasi bilan hamkorlikda 500 megaVattli shamol stansiyasi va Phanes group ishtirokida 200 megaVattli quyosh stansiyasi barpo etiladi.

  Prezident Birlashgan Arab Amirliklari hukumati vakillariga, Masdar kompaniyasi rahbari Muhammad Jamil Al-Ramahiy hamda qurilishda ishtirok etgan 600 dan ortiq xorijiy va mahalliy mutaxassislarga chuqur minnatdorlik bildirdi.

  Prezident yangi elektr stansiyasining sanoat tarmoqlari rivojidagi o‘rni haqida gapirdi:

  - Bugungi kunda va yaqin kelajakda ishga tushadigan quyosh va shamol stansiyalari nafaqat energetika sohasida, balki boshqa tarmoqlarda ham juda katta imkoniyatlar yaratadi. Biz bunday yirik loyihalarni amalga oshirish barobarida, katta bilim va tajriba orttirmoqdamiz. Yurtimizda yangi ishlab chiqarish yo‘nalishlari, zamonaviy texnologiyalar paydo bo‘lmoqda.

  Masalan, bugun sizlar ishtirokingizda  foydalanishga topshirilayotgan stansiyada “O‘zelektroapparat” korxonasidan elektrotexnika jihozlari, “O‘zbekkabel”, HPC systems korxonalaridan kabellar,  Bektemir metall konstruksiyalari zavodidan tayanch ustunlar keltirilgan.

  Umuman, bunday yirik loyihalarning amalga oshirilishi mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yiliga kamida 1 milliard dollarlik  yangi bozor ochib beradi, elektrotexnika klasterini tashkil etish uchun puxta zamin yaratadi.

  Ushbu klasterda quyosh panellari, kabel mahsulotlari, transformatorlar,  akkumulyatorlar, elektr dvigatellar,  shamol elektr stansiyasi uchun generator va tayanch uskunalar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish mumkin. Bu minglab yangi ish o‘rinlari deganidir.

  Shavkat Mirziyoyev energetika sohasidagi ustuvor vazifalar va rejalarni aytib o‘tdi.

  So‘nggi 5 - yilda elektr energiyasi iste'molchisi bo‘lgan tadbirkorlar soni 25 foizga, ularning iste'mol hajmi esa 30 foizga ko‘paygan.

  Kelgusi 5 yilda iqtisodiyotimiz o‘sishini 1,5 barobarga oshirib, yalpi ichki mahsulot hajmini  kamida 100 milliard dollarga yetkazishni reja qilganmiz.

  Bu borada o‘rta va yirik shakldagi minglab yangi sanoat korxonalari ishga tushirilib,  elektr energiyasiga ehtiyoj 100 milliard kiloVatt soatga yetadi. Bu raqam – hozirgidan  30 milliard kiloVatt soatga ko‘p degani.

  Shuning uchun, elektr energiyasi sohasida yangi islohot va loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha juda katta rejalarni belgilab olganmiz. Jumladan, kelgusi 5 yilda qiymati 6,5 milliard dollar bo‘lgan 19 ta loyiha hisobidan, qo‘shimcha ravishda 11 ming 500 megaVatt yangi quvvatlar ishga tushiriladi.

  2030-yilga borib, elektr energiyasi ishlab chiqarish tarkibida qayta tiklanuvchi manbalar ulushi 30 foizdan ortadi.

  Elektr energiyasini hududlarga yetkazish uchun  500 va 220 kilovoltli 3 ming kilometr yangi elektr tarmoqlari  barpo etiladi.

  Prezident Shavkat Mirziyoyev tarmoqni rivojlantirish mavzusini davom ettirdi:

  Bugungi kunda past kuchlanishli tarmoqlarning 66 foizi, podstansiyalarning 74 foizi va transformator punktlarining 50 foizdan ko‘prog‘i eskirgan.

  Shuning uchun kelgusi besh yilda jami 70 ming kilometr past kuchlanishli elektr tarmoqlari, 22 ming dona transformator  va 100 dan ortiq podstansiyalar to‘liq yangilanadi.

  Keyingi paytda qo‘shni mamlakatlar bilan yagona energetika zanjirini tashkil etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni kuchaytirishga alohida e'tibor qaratmoqdamiz.

  Shu maqsadda, elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar amalga oshiriladi. Eng muhimi,  mintaqamiz mamlakatlari energiya tizimini o‘zaro bog‘laydigan  qo‘shimcha magistral tarmoqlarni ishga tushiramiz.

  Bu albatta barcha qo‘shni davlatlar uchun  o‘zaro hamkorlikni rivojlantirishda katta imkoniyatlar yaratadi.

  Davlatimiz rahbari energetika sohasida zamonaviy kadrlar tayyorlash dolzarb masala ekanini ta'kidladi.

  - “Yashil iqtisodiyot” va qayta tiklanuvchi energiya manbalari  – XXI asrda  barqaror iqtisodiy taraqqiyot asosi ekanini barchamiz yaxshi tushunamiz. Shu sababli ilm-fan, ta'lim, zamonaviy kadrlar tayyorlash masalalari energetika sohasida dolzarb ahamiyatga ega.

  Bu yo‘nalishda ilmiy izlanish va tadqiqotlar olib borish maqsadida joriy yil boshida Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot institutini tashkil etdik.

  Bundan tashqari, poytaxtimizda Moskva energetika institutining filiali ish boshladi.

  Ushbu sohada loyihalash, qurilish-montaj, ekspluatatsiya va ta'mirlash yo‘nalishlari bo‘yicha qo‘shimcha mingdan ortiq yuqori malakali texnik xodimlar talab etiladi.

  Shu maqsadda xorijiy mutaxassislarni jalb etgan holda 2022-yildan boshlab Navoiyda muqobil energetika sohasi bo‘yicha kadrlar tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi tashkil etiladi.

"Bizda imkoniyat va salohiyat yetarli" - Prezident.

- Biz bugun Yangi O‘zbekistonni bunyod etishda  raqobatdosh iqtisodiyot tarmoqlarini yaratishga alohida e'tibor qaratib, barcha sohalarda marrani katta olmoqdamiz. Eng muhimi, buning uchun bizda imkoniyat va salohiyat yetarli.

  Bugungi tadbirda ishtirok etayotgan  barcha mehmonlarimiz va loyiha ishtirokchilarini,  energetika sohasida yangi ufqlarni ochib beradigan  ushbu loyihaning  muvaffaqiyatli amalga oshirilgani bilan chin qalbimdan tabriklayman.

  Fursatdan foydalanib,  barchangizni yaqinlashib kelayotgan eng ulug‘ va eng aziz bayramimiz  – Mustaqilligimizning 30-yilligi bilan samimiy muborakbod etaman, - dedi Prezident marosim yakunida.

Tadbirda Birlashgan Arab Amirliklari, mamlakatimiz energetika tarmog‘i va jamoatchiligi vakillari so‘zga chiqdi.

Manba: https://t.me/Press_Secretary_Uz

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun  t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>