Yangiliklar
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulovning 2021-yil 10–11-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatiga xizmat safari hisoboti
  • 11.09.2021
  • 526

  2021–2022-yil qish-kuz mavsumiga tayyorgarlik ishlari, magistral elektr tarmoqlari omborxonalarida saqlanayotgan zaxira materiallarining tarkibi va miqdori, ovul oqsoqollari va mahalla faollari bilan o‘tkazilgan sayyor qabullar: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, O‘zbekiston Ekologik partiyasidan Qoraqalog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga saylangan deputat D.A.Isaqulovning 2021-yil 10–11-sentyabr kunlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatiga xizmat safari tafsilotlari.

 

  Xizmat safarining birinchi kuni, ya'ni 10-sentyabr tonggida poytaxtning mahalliy aeroportidan havoga ko‘tarilgan uchoq Nukus shahri aeroportiga soat 8:35 da qo‘ndi. «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisini «Qoraqalpoq magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori S.K.Umbetov kutib olib, Qoraqalpolg‘iston Respublikasida 2021–2022-yil qish-kuz mavsumiga tayyorgarlik ishlari xususida hisobot axborotini taqdim etdi.

  Shundan so‘ng Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashida ishchi tartibdagi qabullarda bo‘lib, so‘ng deputatlik faoliyatiga doir uchrashuvlarni o‘tkazish maqsadida Xo‘jayli tumaniga yo‘l oldi.

 

 

 

  Yodingizda bo‘lsa, Qoraqalog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati D.A.Isaqulov 38-sonli “Kulob” saylov okrugi tarkibidagi Sarishungil ovulining fuqarolari bilan ikki marta sayyor qabul o‘tkazgan edi. Unda 31 ta yangi xonadonlarga elektr va gaz ta'minoti, ichimlik suvi, ichki yo‘llar, maktab va bolalar bog‘chasi bilan bog‘liq muammolar muhokama qilingandi.

Batafsil: https://t.me/deputatisaqulov/151

 2020-yil dekabr, 2021-yil fevral oyidagi uchrashuvlardan so‘ng deputat D.A.Isaqulov yangi ovulning 3–4- yildan buyon yechim topilmay kelinayotgan muammolari yuzasidan Xo‘jayli tumani hokimi, “O‘zsuvta'minot” AJ, “Hududgazta'minot” AJ, “Qoraqalpog‘iston hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJ hamda Qoraqalpog‘iston Respublika Vazirlar Kengashiga deputatlik so‘rovlari yuborgan edi.

 

Batafsil: https://t.me/deputatisaqulov/199

 

 Umuman olganda, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga muvofiq yangi aholi punktlariga infratuzilma tarmoqlarining tortilishi mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi lozim. Ammo Xo‘jayli tumanida yirik sanoat korxonalarining yo‘qligi, o‘rta va kichik biznes tarmoqlari endi-endi, oxirgi 4-5 yilda rivojlanayotgani, bunga ekologik jihatdan inqirozga yuz tutgan hududdagi sho‘r yer maydonlari va ichimlik suvi tanqisligi bilan bog‘liq holat ma'lum darajada to‘siq bo‘layotgani — tuman mahalliy byudjeti yangi ovullarni to‘liq obod qilishga yetmasligi ko‘pchilikka ma'lum masala.

 

  Elektr ta'minoti masalasi hal etilgan edi...

  Shu jihatlar inobatga olingan holda, deputat so‘roviga muvofiq, “Qoraqalpog‘iston hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” AJning sa'y-harakatlari bilan yangi ovul hududiga bir necha kilometr elektr tarmoqlari liniyasi tortilib, yangi transformator o‘rnatildi. Ayni paytda ovulning ichki hududiga ham simyog‘ochlar o‘rnatilib, taqsimlovchi elektr tarmoqlari tortildi. Yangi xo‘jalik fuqarolari amaldagi qonunchilikka muvofiq Xo‘jayli tumani elektr korxonasiga ariza bilan murojaat qilib, elektron hisoblagichlar o‘rnatib, elektr ta'minoti tarmog‘iga ulanmoqda.

 

 

 

  O‘zbekiston Ekologik partiyasidan saylangan Jo‘qorg‘i Kengesi deputati D.A.Isaqulovning Sarishungul yangi ovulidagi navbatdagi sayyor qabuli ham yangi xonadonlarning qurilish maydonida, 31 ta yangi xonadon fuqarolari hamda hokimiyat mas'ul vakillari ishtirokidagi muhokamalar bilan boshlandi.

Navbatdagi masala tabiiy gaz ta'minoti...

  Axir kuz-qish mavsumi boshlanishiga sanoqli kunlar qoldi. 3–4 yildan buyon yangi xonadonlarga ko‘chib chiqa olmagan fuqarolar bu yilgi qish mavsumini yangi ovulda o‘tkazishni, kelgusi yildan boshlab barcha sharoitlar yaxshilanib, Xo‘jayli tumanidagi o‘nlab ovullar qatoriga yana bir ovul qo‘shilishiga umid bog‘laganlar.

 

 

 

  Deputat bilan sayyor qabul chog‘ida elektr ta'minoti masalalaridan tashqari ichimlik suvi muammosi, tabiiy gaz ta'minoti uchun “GRP” — gaz taqsimlovchi qurilma o‘rnatib, ovulning ichki hududiga taqsimlovchi gaz quvurlari tortilishi masalasi atroflicha muhokama etildi. Xo‘jayli tumani hokimining o‘rinbosarlari, "Hududgazta'minot" hamda "Hududiy elektr tarmoqlar" Xo‘jayli tumani bo‘limi rahbarlari hamda bosh muhandislari ushbu masalalar qaysi muddatlarda yechim topishi mumkinligi haqida o‘z rejalarini bayon etishdi.

Batafsil: https://t.me/uzmetaxborotxizmati/6750

  Ma'lum bo‘ldiki, gaz quvurlarini tortishga mahalliy byudjet mablag‘lari yetarlicha emas. Aholi vakillari o‘zaro pul yig‘ib, gaz taqsimlovchi qurilma xarid qilishgan.

 

  Deputat D.A.Isaqulov yangi ovul fuqarolari bu yilgi kuz-qish mavsumi oldidan yangi xonadonlarga ko‘chib o‘tishini inobatga olib, masalaga homiy tashkilotlarni jalb qilish lozimligini ta'kidladi. 1250 metr 40 mm diametrga ega gaz quvurlari va yordamchi-butlovchi materiallar homiy tashkilotlar hisobidan gaz ta'minoti korxonasiga taqdim etilishi, ular esa kuz fasli tugagunga qadar barcha qurilish-montaj ishlarini tugatishi, 31 ta xonadonning yuz nafardan ortiq fuqarolari esa o‘z xonadonlariga sovuq ob-havo — yomg‘ir-qor mavsumi boshlanmasdanoq ko‘chib o‘tishi lozimligi belgilandi. 

 

  Sayyor qabul o‘tayotgan paytda Sarishungul ovuliga Xo‘jayli tumani hokimi J.M.yermashov tashrif buyurdi. Jo‘qorg‘i Kenges deputati va tuman hokimi ovul fuqarolarining boshqa yo‘nalishdagi murojaatlarini tinglab, mas'ul tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berishdi.

  Sayyor qabul natijasiga ko‘ra, Jo‘qorg‘i Kenges deputati D.A.Isaqulovning tashabbusi bilan, gaz ta'minoti masalalariga homiy tashkilotlarni jalb etib, gaz quvurlari xarid qilish, fuqarolar nomidan gaz ta'minoti tashkilotiga gaz quvurlarini dalolatnoma orqali topshirish, so‘ng montaj ishlari bajarilib, yangi xonadonlar gaz ta'minoti umutizimiga ulanishi mumkinligini bildirdi.

 

 

 

  Xo‘jayli tumani hokimi hamrohligida amalga oshirilgan Jo‘qorg‘i Kenges deputati D.A.Isaqulovning navbatdagi tashrifi chegara hududida joylashgan olis “Amudaryo” QFYdagi 16-sonli umumta'lim maktabi binosida — Deputat qabulxonasida qayd etilgan o‘nlab murojaatlarni o‘rganish bilan davom etdi.

  Deputat qabulxonasi rahbari — O‘zbekiston Ekologik partiyasi Xo‘jayli tuman bo‘limi rahbari G.Yu.Sarievaning 2021-yil murojaatlari bo‘yicha hisoboti tinglandi. Murojaatlar turli yo‘nalishlarda tasniflanib, Xo‘jayli tumani hokimi Jenes Maratovich hamda Dadajon Aynaqulovichning muammolar yechimi bo‘yicha ko‘rsatmalari qayd etish daftariga muhrlandi. Mas'ul tashkilotlarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

  So‘ngra umumta'lim maktabining faollar zalida “Amudaryo” qishloq fuqarolari yig‘inidagi ovul oqsoqollari va mahalla faollari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Tuman hokimi ishtirokidagi Jo‘qorg‘i Kenges deputati bilan uchrashuvda ovuldagi ichimlik suvi, gaz va elektr ta'minoti, yo‘l qurilishi, maktab-bog‘cha va ishsizlik masalalari atroflicha muhokama etildi. Uchrashuvda ishtirok etgan Xo‘jayli tumani tashkilot rahbarlarining ayrimlariga, o‘z ishiga sovuqqonlik bilan yondashgani, fuqarolar murojaatini o‘z vaqtida bajarmagani uchun, murojaatlar belgilangan muddatlarda ijro etilmasa, tuman hokimi J.M.yermashov tomonidan intizomiy jazolar qo‘llanilishi bildirildi.

  Mahalla faollari va oqsoqollari bilan uchrashuvning ikkinchi qismi yakka tartibdagi sayyor qabullar bilan davom ettirildi. Yozma taqdim etilgan murojaat, shikoyat va arizalar qayd etish kitobiga ijro muddati ko‘rsatilib qayd etildi, fuqarolarning shaxsiy xususiyatga ega murojaatlari ham tinglandi. 

 

 

 

 
 
 
 

  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulovning navbatdagi tashrif manzili Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyati chegara hududida joylashgan 220 kV kuchlanishli «Beruniy» podstansiyasi bo‘ldi.

  Boshqaruv raisiga tegishli tartibda axborot bergan podstansiya boshlig‘i va elektr tarmoqlariga xizmat ko‘rsatuvchi guruh rahbari 2021–2022 yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik yuzasidan amalga oshirilgan ishlar bo‘yicha hisobot berishdi.

 

 

 

 

  D.A.Isaqulov podstansiyada olib borilgan qurilish-montaj ishlaridan so‘ng foydalanish muddati tugagan eski elektr qurilma va jihozlarini rangli va qora metallga ajratib, tegishli tartibda qayta ishlash jarayoniga topshirish, yaroqlilarini qayta ta'mirlab, unga zaruriyat bildirgan filiallarga yuborish bo‘yicha topshiriq va ko‘rsatmalar berdi. Shundan so‘ng 220 kV li «Beruniy» podstansiyasi omborxonasi ko‘zdan kechirildi. Unda kuz-qish mavsumida turli nosozlik va avariyaviy holatlarni bartaraf etish uchun zarur bo‘ladigan zaxira materiallarining tarkibi va miqdori o‘rganildi.   

 
 

  Navbatdagi tashrif Xorazm viloyati markazidagi “Xorazm” podstansiyasi hamda «Xorazm magistral elektr tarmoqlari» filialining Avtotransport va mexanizmlar guruhi hududidagi omborxonada mavjud materiallar zaxirasi bo‘yicha o‘rganishlar bilan davom ettirildi. Xorazm viloyatidagi yuqori kuchlanishli podstansiya va elektr tarmoqlarida amalga oshirilayotgan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari to‘g‘risida filial direktori R.Ya.Saparboev hisoboti tinglandi.

 

   Boshqaruv raisi tomonidan “Xorazm” podstansiyasida olib borilgan modernizatsiya-rekonstruksiya, qurilish-montaj ishlaridan chiqqan, hozirda o‘rniga zamonaviy va ixcham uskuna va jihozlar o‘rnatilgan, avvalroq demontaj qilingan, foydalanish muddati tugaganiga bir necha yillar bo‘lishiga qaramasdan foydalanilgan eski uskuna va jihozlarni ikki qismga ajratish, yaroqlilarini ta'mirlab, 1960–1970 yillar oralig‘ida qurib foydalanishga topshirilgan podstansiyalarga yuborish, yaroqsizlarining rangli va qora metallga ajratib, qayta ishlovchi korxonalarga belgilangan tartibda topshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.

  Omborxonalarni o‘rganish natijalarida ma'lum bo‘ldiki, «Xorazm magistral elektr tarmoqlari» filiali omborxonasida eski, ayni paytda foydalanishdan batamom chiqarilgan ayrim uskuna va jihozlar bo‘lib, hamon tegishli dalolatnoma orqali hisobdan chiqarilmagan. Filial rahbari va ma'muriyat mas'ul xodimlariga intizomiy chora belgilanib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish uchun muddat belgilandi.

 

 

  Shu bilan birga, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov «Xorazm magistral elektr tarmoqlari» filiali tomonidan 2021–2022-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik uchun jamg‘arilgan zaxira materiallarining miqdori va holati bilan bevosita tanishdi. Elektr ta'minotidagi nosozlik holatlarini oldini olish uchun Avtotrasport va mexanizmlar shayligi, navbatchilik jadvali, muhandis va elektr montyorlar mehnat faoliyati uchun yaratilgan sharoitlar, tezkor choralar uchun qulayliklar, raqamli texnologiya dasturlari, aloqa uskunalari hamda kadrlarning bilim-salohiyati o‘rganish ishlari davomida sinov va tekshiruvdan o‘tkazildi.

  Bugun, 11-sentyabr kuni Urganch-Toshkent tonggi reysi bilan poytaxtga qaytgan «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov  ayni paytda ma'muriyat ishlari bilan shug‘ullanmoqda. Kunning ikkinchi yarmida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida 2021–2022-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari yakunlarini o‘rganiladi.

U.P.Urunov, «O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisining matbuot kotibi — axborot siyosati masalalari bo‘yicha maslahatchisi

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

 

ДЕПУТАТ ҚАБЫЛЛАЎХАНАСЫ / DEPUTAT QABULXONASI

t.me/deputatisaqulov

>