Yangiliklar
“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati Afg‘oniston Islom Amirligining “DABS” shirkati rahbarlari bilan muhokamalar uchrashuvini o‘tkazdi
  • 17.10.2021
  • 379

  Joriy yilning 16-oktyabrida Surxondaryo viloyati markazi — Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Amirligi Hukumatlari vakillari o‘rtasida energetika sohasidagi tijoriy va iqtisodiy munosabatlar to‘g‘risida uchrashuv o‘tkazildi.

  2021-yil 16-oktabrda Termiz shahrida O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Amirligi Hukumatlari vakillari o‘rtasida energetika sohasidagi tijoriy va iqtisodiy munosabatlar to‘g‘risida uchrashuv o‘tkazildi. Uchrashuvda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ boshqaruv raisi D.A.Isaqulov hamda hamkorlik masalalariga tegishli mas'ul rahbarlar, shuningdek, Afg‘oniston Islom Amirligining “Afghanistan Breshna Sherkat” (DABS) kompaniyasining bosh ijrochi direktori vazifasini bajaruvchi Hofiz Muhammad Amin Farruqiy hamda “DABS” shirkati mutaxassislari ishtirok etdi. Muzokarada avvalgi — 2021 yil 7-oktabrda Qobul shahrida o‘tkazilgan uchrashuv kun tartibidagi masalalarni qayta ko‘rib chiqish va mavjud masalalar yechimlari bo‘yicha kelishuvlarga erishish muhokama etildi.  

  Jumladan, tomonlar 500 kVli “Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish tarmog‘i qurilishi” loyihasini amalga oshirish, Afg‘oniston elektr energetika tarmog‘ini Markaziy Osiyo Yagona Energetika tizimiga qo‘shilishi hamda boshqa masalalar bo‘yicha fikr almashinildi.

  Uchrashuv yakuni xulosalariga ko‘ra, Afg‘oniston tomoni 500 kVli “Surxon–Puli-Xumri elektr uzatish tarmog‘i qurilishi” loyihasi  bo‘yicha loyihani amalga oshirish “Osiyo taraqqiyot banki” tomonidan moliyalashtirilishini ishonch bilan ta'kidladi. Bundan tashqari, “DABS” shirkati rahbariyati Afg‘onistonni Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimiga qo‘shilishi Afg‘oniston Islom Amirligi hukumati uchun dolzarb masala ekanligini bildirdi.

  Ta'kidlash lozimki, shu paytgacha Afg‘oniston bu tizimga faqat kuzatuvchi sifatida ishtirok etib kelgan. Markaziy Osiyo Yagona energetika tizimiga qo‘shilish masalasini ko‘rib chiqilishini so‘rab Afg‘oniston tomoni Kengashga murojaat qilishi kelishib olindi. Shuningdek, uchrashuv chog‘ida 2022-yil uchun elektr energiyasini oldi-sotdi shartnomasi tuzish bo‘yicha o‘zaro kelishib olindi.

✍ Xalqaro aloqalar va shartnomalar bo‘limi

https://qalampir.uz/news/

https://qalampir.uz/uz/

https://tass.ru/ekonomika/12746275

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Telegram kanaliga a'zo bo‘lish uchun

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>