Yangiliklar
Energiya resurslarining oshirilishi va ta'minotga salbiy ta'sir ko‘rsatadigan omillar haqida videobayonot
  • 12.11.2021
  • 371

  Kunlar sovub iste'molchilarning energiya resurslariga bo‘lgan talabi keskin oshmoqda. Bugungi kunda bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan bir necha omillar sabab elektr energiyasi ta'minotida quvvat tanqisligi kuzatilmoqda. Misol uchun, kuz-qish mavsumida isitish uchun elektr energiyasiga bo‘lgan talab 3 barobar hamda tabiiy gazga bo‘lgan talab esa 4 barobarga oshishi kuzatilmoqda.

Ta'kidlash kerakki, haqiqatdan ham so‘nggi yillarda energetika sohasida keng ko‘lamli yirik loyihalar amalga oshirilmoqda.

Xususan, oxirgi besh yil ichida uzunligi 40 ming 600 km bo‘lgan elektr uzatish tarmoqlari va 12 ming 900 ta transformatorlar yangilanmoqda. 4 ming 600 MVtdan ziyod yangi quvvatlar ishga tushirilmoqda.

Joriy yil kuz-qish mavsumida iste'molchilarga o‘tgan mavsumga nisbatan 12 yarim foizga ko‘p elektr energiyasi yetkazib beriladi.

Kuz-qish mavsumida elektr tarmoqlarida favqulodda holatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida respublika hududlarida tunu-kun ishlaydigan 504 ta avariyaga qarshi brigadalar tashkil etildi.

Kuz-qish mavsumida iste'molchilarga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish sifatini yaxshilash maqsadida hududlar bo‘ylab tunu-kun ishlaydigan 244 ta avariyaga qarshi brigadalar tashkil etildi.

2021-yil oktyabr-dekabr va 2022-yil yanvar-mart oylarida respublika iste'molchilariga o‘tgan mavsumga nisbatan 6 foizga ko‘p tabiiy gaz yetkazib beriladi.

Biroq, amalga oshiriliyotgan ushbu yirik ishlarga qaramay, bir-biri bilan bog‘liq bo‘lgan bir nechta omillar sabab elektr energiyasi ta'minotida quvvat tanqisligi kuzatilmoqda. Xususan:

Birinchi omil: Xabaringiz bor, joriy yilning 4-5-noyabr kunlari yurtimizning ayrim hududlarida kuchli shamol va chang-qumli bo‘ron kuzatildi. Buning natijasida, elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi 2 ta yirik – Toshkent va Sirdaryo issiqlik elektr stansiyalarining energoqurilmalarini qalin qoplamali chang bosib qoldi.

Bu esa, bevosita ishlab chiqarish hajmini keskin kamayishiga olib keldi. Ushbu muammoni bartaraf etish maqsadida, xavfsizlik qoidalariga muvofiq stansiyalardagi energoqurilmalarni tarmoqdan ajratgan holda changlardan tozalash ishlari olib borildi.

Mazkur olib borilgan tozalash ishlari davomida elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmi kamaydi va buning natijasida respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi ta'minotida quvvat tanqisligi holatlari kuzatildi.

Ikkinchi omil: Respublikamizda suv resurslari o‘rtacha ko‘p yillik ko‘rsatkichlarga nisbatan past. Ya'ni joriy yil suv hajmi kamaygani sababli gidroelektr stansiyalarda yil yakuniga qadar 5 mlrd kVt.soat yoki rejaga nisbatan 1 mlrd 500 mln kVt.soatga kam elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu esa, qaryb 23 foizga kamni tashkil etadi.

Mazkur 1 mlrd 500 mln kVt.soat elektr energiya bilan respublika aholi iste'molchilarini bir oy mobaynida uzluksiz elektr energiyasi bilan ta'minlash mumkin.

Shunga qaramasdan, mamlakatimizda mavjud barcha imkoniyatlardan foydalangan holda elektr stansiyalar orqali rejada ko‘rsatilgan hajmlarda elektr energiyasi ishlab chiqarish choralari ko‘rilmoqda.

Uchinchi omil: Ishlab chiqarish va yetkazib berish hajmlari qancha ko‘p oshirilmasin, agar ushbu resurslardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanilmasa, ko‘rilayotgan choralar o‘z samarsini bermasligi mumkin. Buning natijasida tarmoqda uzilish holatlari yuzaga kelishi va iste'molchilarning haqli e'tirozlariga sabab bo‘lishi mumkin.

To‘rttinchi omil: Shuni ham alohida ta'kidlash kerakki, tizimda olib borilayotgan ijobiy ishlarga qaramay, o‘tkazilayotgan o‘rganishlar jarayonida elektr va gaz tarmoqlariga noqonuniy ulanish holatlari ham aniqlanmoqda. Bu esa, tizimga katta miqdorda salbiy ta'sirini ko‘rsatadi.

Masalan, joriy yilning 9 oyi ichida o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida elektr energiyasidan foydalanish bo‘yicha 706 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlangan, shuningdek, gaz tarmog‘iga 2 535 ta holatda noqonuniy ulanishlar aniqlangan.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1584

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>