Yangiliklar
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati: 14-YANVAR — VATAN HIMOYACHILARI KUNI!
  • 14.01.2022
  • 842

  Bugun, 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni! «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati ushbu bayram munosabati bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklaydi!

 

  Ona-Vatan tinchligi, yurt osoyishtaligi — hayotimiz fayzi, farovonligimiz belgi-nishonasi, yurtimiz ravnaqi kafolatining ramzi hisoblanadi. Tinch va osuda o‘tgan har bir kunimizga shukronalar keltirishimiz kerak.

  O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, Qurolli Kuchlar Oliy Bosh Qo‘mondoni Shavkat Mirziyoyevning Vatan himoyachilari kuni va O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi munosabati bilan tabrik yo‘lladi.

 

  – Mana shu qutlug‘ ayyomda jonajon Vatanimizga sadoqat, azmu shijoat kabi el-yurtimizga xos yuksak fazilatlarning qadr-qimmati va ahamiyatini, ular hayotimizda tobora mustahkam o‘rin egallab borayotganini yanada teran anglaymiz va o‘zining jangovar faoliyati bilan buni amalda isbotlab kelayotgan sizdek g‘oyat olijanob kasb egalarini sharaflaymiz.

  Shu bilan birga, jangovar burchini ado etishda mardlarcha halok bo‘lgan fidoyi harbiy xizmatchilarimizning nurli va so‘nmas xotirasiga chuqur hurmat bajo keltiramiz, – deydi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 30 yilligi va Vatan himoyachilari kuni munosabati bilan yo‘llagan bayram tabrigida.

 

 

 Tarixga nazar: 1991-yil 6-sentabr kuni Mudofaa ishlari vazirligi tashkil etilgan edi. 1992-yil 14-yanvardagi qarorga muvofiq mamlakatimiz hududida joylashgan barcha harbiy tuzilmalar O‘zbekiston Respublikasining huquqiy tasarrufiga o‘tkazilgan. Ana shu tarixiy kun — 14-yanvar mamlakatimizda Vatan himoyachilari kuni sifatida keng nishonlab kelinmoqda. 1993-yilda 29-dekabrda 14-yanvar — Vatan himoyachilari kuni deb rasman e'lon qilindi.

  Bilasizmi: O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 125-moddasida «O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari O‘zbekiston Respublikasining davlat suverenitetini va hududiy yaxlitligini, aholining tinch hayoti va xavfsizligini himoya qilish uchun tuziladi. Qurolli Kuchlarning tuzilishi va ularni tashkil etish qonun bilan belgilanadi» deyilgan. Konstitutsiyaning 126-moddasida esa «O‘zbekiston Respublikasi o‘z xavfsizligini ta'minlash uchun yetarli darajada qurolli kuchlariga ega» deya e'tirof etilgan.

 Unutmang, aziz vatandosh, tinchlik-osoyishtalikning qadri, bu aziz ne'matni asrab-avaylashga barcha birdek mas'ul.


 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>