Yangiliklar
Energetika vazirligi: Toshkent viloyatidagi quvvati 240 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi respublikamizning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi
  • 15.01.2022
  • 223

Avval xabar qilganimizdek, Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan Toshkent viloyatining Qibray tumanida qurilgan, quvvati 240 MVt bo‘lgan bug‘-gaz elektr stansiyasining ochiq taqsimlash qurilmasiga ilk kuchlanish berilgan edi.

Mazkur elektr stansiya bugun, 2022-yil 14-yanvar kuni soat 11:15 da O‘zbekistonning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatishni boshladi.

Ushbu issiqlik elektr stansiyasi yiliga 2,0 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqaradi.

Qurilmalarning foydali ish koefitsienti yuqoriligi hisobiga, yiliga 290 million metr kub tabiiy gaz tejaladi. Tejalgan tabiiy gaz hisobiga qo‘shimcha 1 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoni yaratiladi.

Umumiy qiymati 150 million AQSh dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha Turkiyaning “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshirildi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur elektr stansiya “Aksa Enerji” kompaniyasi tomonidan respublikamizda ishga tushirilgan ikkinchi IES xisoblanib, birinchisi joriy yilning 11-yanvar kuni Buxoro viloyatida (quvvati 270 MVt) ishga tushirilgan edi.


O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1711

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>