Yangiliklar
Energetika vazirligi “ACWA Power” kompaniyasi bilan hamkorlik masalalarini muhokama qildi
  • 19.01.2022
  • 296

2022-yilning 18-yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligida “ACWA Power” kompaniyasi (Saudiya Arabistoni) delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Kompaniya O‘zbekiston energetika sohasidagi qator hamkor loyihalarda faol ishtirok etmoqda. Xususan, yig‘ilishda Energetika vazirining birinchi o‘rinbosari Azim Axmedxadjaev ta'kidlaganidek, bular issiqlik elektr stansiyalari (IES) va shamol elektr stansiyalari (ShES) qurilishi loyihalaridir.

Yig‘ilishda joriy qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.

Hozirda Saudiya Arabistoni kompaniyasi tomonidan mavjud Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasi yonida quvvati 1500 MVt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi qurilishi loyihasi amalga oshirilmoqda. Muhokama chog‘ida vaxta posyolkasi qurilishi yakunlangani, shuningdek, ob'ektda yer tekislash ishlari olib borilayotgani, texnologik jihozlarga buyurtma berilgani, obektda rejalashtirilgan qurilish-montaj ishlarining borishi qayd etildi.

 

Umumiy qiymati 780 million dollar bo‘lgan mazkur loyiha doirasida kredit bitimi imzolanib, yetakchi xalqaro moliya institutlari va tashkilotlari, xususan, YETTB, “OPEC”, “Bank of China” va boshqalar tomonidan moliyalashtirishni jalb etish rejalashtirilgan.

“ACWA Power” kompaniyasi Buxoro viloyatida “Fast-track” usuli bo‘yicha ikkita shamol elektr stansiyasini (har birining quvvati 500 MVt) qurishni rejalashtirmoqda (bir martalik loyihalash va ob'ektni keyinchalik ishga tushirish bilan qurish).

Mazkur loyiha bo‘yicha kompaniya bilan 2021-yil yanvar oyida investitsiya shartnomasi imzolangan bo‘lib, ishlarni joriy yilning ikkinchi yarmida boshlash rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, “ACWA Power” kompaniyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha o‘tkazilgan tenderda g‘olib bo‘ldi va eng maqbul tariflarni taklif qildi.

 

 

 

Uchrashuvda Saudiya kompaniyasi ekspert tajribasiga ega bo‘lgan vodorod energetikasi sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi. Prezidentimizning 2021-yil 9-apreldagi “O‘zbekiston Respublikasida qayta tiklanuvchi va vodorod energetikasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida mamlakatimizda bu boradagi ishlar izchil davom ettirilmoqda. Hujjatga muvofiq, Energetika vazirligi huzurida Qayta tiklanuvchi energiya manbalari milliy ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilmoqda.

Tomonlar vodorod energetikasi sohasida hamkorlikdagi ishlarni jadallashtirishdan manfaatdor ekanliklarini qayd etdilar.

Bundan tashqari, uchrashuv davomida “ACWA Power” kompaniyasi ishtirokida barpo etiladigan qayta tiklanuvchi energiya manbalari sohasida zamonaviy texnologiyalarga ega yangi ob'ektlarda ishlash uchun kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. Shu maqsadda, yaqin vaqt ichida Shirin shahridagi Energetika kollejidan iqtidorli talabalarni tanlab olish, ularning ob'ektlarda amaliyot o‘tash masalalarini o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.


O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

https://minenergy.uz/uz/news/view/1717

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>