Yangiliklar
30 soat ichida: Markaziy Osiyo elektr ta'minoti umumtizimida sodir bo‘lgan yirik nosozlik va uning O‘zbekiston energetika tizimida bartaraf etilish jarayonlari xronologiyasi
  • 27.01.2022
  • 630

12:14, 2022-yil 26-yanvar sanasi

Hurmatli elektr energiyasi va gaz iste'molchilari!

Xabaringiz bor, kecha, 25-yanvar kuni soat 10:57 da Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida katta avariya bo‘lishi oqibatida mamlakatimiz hududlarida elektr energiya ta'minotida o‘chishlar yuzaga kelgan edi.

Shundan so‘ng, Prezidentimiz topshiriqlariga binoan elektr energiyasi ta'minotida yuzaga kelgan nosozliklar sababini aniqlash va bartaraf etish bo‘yicha Bosh vazir huzurida hukumat komissiyasi tuzildi. Komissiya tomonidan birinchi navbatda generatsiya jarayonini tiklash vazifasi qo‘yilib, sodir bo‘lgan nosozliklar sabablarini aniqlash, elektr ta'minotining barqarorligini ta'minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ishlab chiqish hamda zudlik bilan amalga oshirish yuzasidan qator vazifalar yukladi.

Umumtizimda kuzatilgan yirik nosozliklar mutaxassislar tomonidan bartaraf etilib, respublikamizning yagona elektr tarmog‘iga quvvat uzatilish boshlandi.

Bugun, soat 09:30 holatiga ko‘ra respublikamizda elektr energiyasi ta'minoti 70% ga tiklangan.

Bunda, birinchi navbatda aholi iste'molchilari va ijtimoiy soha ob'eklari elektr energiyasi bilan ta'minlandi.

Shuni ham aytib o‘tishimiz kerakki, yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Iste'molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash maqsadida, ishlab chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq hajmda issiqlik elektr stansiyalari, ijtimoiy soha ob'ektlari va aholi iste'molchilariga yo‘naltiriladi.

Shu munosabat bilan, bugundan boshlab avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor stansiyalari faoliyatiga vaqtinchalik cheklovlar kiritiladi. Shu bilan birgalikda, boshqa ijtimoiy ahamiyatga ega bo‘lmagan yuridik iste'molchilarga ham tabiiy gaz yetkazib berish vaqtincha to‘xtatiladi.

Hurmatli iste'molchilar! Ushbu amalga oshirilayotgan chora-tadbirlardan asosiy maqsad – birinchi navbatda aholi xonadonlarini energiya resurslari bilan uzluksiz ta'minlash hisoblanadi.

Vaziyatni to‘g‘ri baholab, bizni qo‘llab-quvvatlaganingiz uchun rahmat!


15:37, 2022-yil 26-yanvar sanasi

Iste'molchilar diqqatiga!

Ijtimoiy tarmoqlarda “poytaxtda gaz ta'minoti to‘xtatiladi” mazmunida asossiz ma'lumotlar tarqalmoqda.

Shuni alohida ta'kidlash kerakki, Toshkent shahri gaz bilan ta'minlangan, biroq bugun, 26-yanvar kuni soat 14:00 dan 17:00 ga qadar gaz bosimining biroz pasayishi kuzatilishi mumkin.

Shu bilan birga, gaz bosimining pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha barcha choralar tezkorlik bilan amalga oshirilmoqda.

Soat 17:00 dan keyin gaz bosimi normal holatda iste'molchilarga yetkaziladi.


16:47, 2022-yil 26-yanvar sanasi

Blackout: elektr energiyasi tizimidagi yirik uzilishlar

25-yanvar kuni O‘zbekistonning ko‘plab hududlarida, Qirg‘iziston va Qozog‘istonning alohida viloyatlarida Markaziy Osiyo yagona elektr tarmog‘ida yirik avariya yuz berishi natijasida bir necha soat mobaynida elektr ta'minotida uzilish holati kuzatildi. Hodisa uch mamlakatning 40 milliondan ziyod aholisiga ta'sir ko‘rsatdi. Haligacha strategik ob'ektlar, ijtimoiy muassasalar va aholiga elektr energiyasi yetkazib berish ishlari bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Biroq yuz bergan halokat masshtabi bo‘yicha dunyo elektr energiyasi tarixida eng yirigi emas. Bunday Blackout’lar yoki uzilishlar, odatiy holdagidek, avariya yoki tabiiy ofatlar natijasida avval ham sodir bo‘lgan.

Masalan, 2003-yil 14-avgust kuni AQShda mamlakat tarixida elektr ta'minotidagi yirik halokat yuz berdi. Uni “Buyuk blekaut—2003” deb nomlashgan. O‘shanda AQSh hamda Kanadaning shimoliy-sharqiy qismidagi katta shaharlari elektr energiyasidan uzilgan. Umumiy hisobda 263 ta elektr stansiyalari, shu jumladan AQSh va Kanadadagi 10 ta AESda uzilish kuzatilgan. Natijada 55 million aholi chiroqsiz qolgan. Rasmiy ma'lumotlarga ko‘ra, zarar miqdori kamida 6 milliard dollarni tashkil etgan.

1977-yilda Nyu-York aholisi “qo‘rquv kechasi”ni boshdan o‘tkazdi, shaharda ommaviy o‘g‘irliklar va yong‘inlar yuz berdi. Ya'ni 13-iyul kuni soat 21:00 atrofida chaqmoq urishi oqibatida ikkita asosiy elektr tarmog‘i ishdan chiqdi va shahar elektr energiyasiz qoldi. Nyu-York ko‘chalari o‘g‘ri-talonchilarga to‘lib ketdi. “Qo‘rqinchli kecha” oqibatida yuzlab insonlar jarohatlandi, 3,7 mingdan ortiq kishi hibsga olindi, 2 mingdan ortiq do‘kon talon-toroj qilindi va 300 million dollarga yaqin zarar yetkazildi.

2012-yil iyul oyida dunyodagi eng yirik elektr ta'minotidagi uzilishlardan biri yuz berdi. 2012-yilning 30—31-iyul kunlari Hindistonning 20 ta shtatidagi 650 millionga yaqin aholi qariyb 8 soat davomida zimistonda qoldi. Kasalxonalar va maktablar elektr ta'minotisiz qoldi, 500 dan ortiq poezdlar harakati to‘xtatildi. Mamlakatdagi energiya inqirozi shimoliy to‘rtta – Rajastxan, Haryana, Panjob va Uttar-Pradesh shtatlarining elektr energiya iste'moli me'yoridan oshib ketganidan keyin boshlandi.

Bir yil oldin, ya'ni 2021-yil 9-yanvar kuni elektr energiyasidagi yirik uzilish Pokistonda sodir bo‘ldi. Bu barcha yirik shaharlar, jumladan, poytaxt Islomobodga ham ta'sir ko‘rsatdi. Uzilishga mamlakatdagi eng yirik issiqlik elektr stansiyalaridan biri “Guddu”da yuz bergan avariya sabab bo‘ldi, natijada Pokistondagi boshqa elektr stansiyalar ham ishlashdan to‘xtadi. Deyarli 20 soat davomida 200 millionga yaqin aholi chiroqsiz qoldi.

Mana shunday yirik blackout’lar haqida ko‘proq ma'lumotni #infografikamizda aks ettirdik.


19:40, 2022-yil 26-yanvar sanasi

Amalga oshirilgan barcha chora-tadbirlar natijasida mamlakatimizdagi mavjud issiqlik va gidroelektr stansiyalarining faoliyati 80 foizga tiklandi

Ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmi yetarli emasligiga qaramay, mutaxassislar ushbu quvvatlarni butun mamlakat bo‘ylab taqsimlashga harakat qilmoqdalar. Bunda, birinchi navbatda, aholi va ijtimoiy ahamiyatga ega ob'ektlarni elektr energiyasi bilan ta'minlashga harakat qilinmoqda. Shu bilan birga, elektr energiyasini yetkazib berishda yakka tartibdagi uzilishlar mavjud.

Eslatib o‘tamiz, dastlab gidroelektr stansiyalari faoliyati tiklangan edi. Ayni paytda ularning ishlab chiqarish quvvati maksimal darajada elektr energiyasi ta'minoti tizimiga yetkazib berilmoqda.


21:05, 2022-yil 26-yanvar sanasi

Respublikamiz hududlarida elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot (soat 18:00 holatiga)

Umumtizimda yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.

Shu sababli, issiqlik elektr stansiyalarida gaz bosimining kamayishi kuzatilmoqda va bu elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmiga salbiy ta'sir ko‘rsatmoqda.

Hurmatli iste'molchilar, bugun, soat 04:00 holatiga elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq holat yuzasidan hududlar kesimida ma'lumot bergan edik. Ta'minot yuzasidan vaziyat muntazam ravishda o‘zgarib bormoqda va soat 18:00 holatiga navbatdagi ma'lumotni taqdim etamiz.

Iste'molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash borasida barcha choralar ko‘rib borilmoqda.

1. Qorakalpog‘iston Respublikasi — Barcha tuman va shaharlarida elektr ta'minoti mavjud (100%).

2. Andijon viloyati (45%) — Andijon shahar 70%, Xonobod tumani 80%, qolgan barcha tuman va shaharlarda 10% elektr ta'minoti mavjud;

3. Buxoro viloyati (80%) — Qorako‘l tumani 60%, qolgan barcha tuman va shaharlarda 100% elektr ta'minoti mavjud;

4. Jizzax viloyati (100%) —  Barcha tuman va shaharlarida elektr ta'minoti mavjud;

5. Qashqadaryo viloyati (40%)  — Qarshi shahar 80%, qolgan barcha tuman va shaharlarda 5% elektr ta'minoti mavjud;

6. Navoiy viloyati (95%) — Xatirchi tumani 80%, qolgan barcha tuman va shaharlarda 100% elektr ta'minoti mavjud;

7. Namangan viloyati (77%) — Namangan shahri 75%, Mingbuloq tumani 75%, Kosonsoy tumani 75%, Norin tumani 80% Pop tumani 70%, To‘raqo‘rg‘on tumani 75%, Uychi tumani 75%, Uchqo‘rg‘on tumani 80%, Chortoq tumani 75%, Chust tumani 75%, Yangiqo‘rg‘on tumani 80%, Namangan tumani 80% elektr ta'minoti mavjud;

8. Samarqand viloyati (55%) — Kattaqurg‘on shahar 50%, Kattaqurg‘on tumani 90%, Jomboy tumani 90%, Pasdarg‘om tumani 10%, Narpay tumani 70%,Tayloq tumani 70%, Urgut tumani 80%, Samarqand shaxar 95% elektr ta'minoti mavjud;

9. Surxondaryo viloyati (65%) —  Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlari va Denov shahri 100 %, Termiz shahri 70%, Termiz tuman 60 %, Oltinsoy tumani 70%, Sho‘rchi, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Angor, Mizrobod, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Bandixon tumanlari 10% elektr mavjud;

10. Sirdaryo viloyati (55%) — Shirin shahri 100%, qolgan tuman va shaharlarda 45% elektr ta'minoti mavjud ta'minoti mavjud;

11. Toshkent viloyati (80%) —  Angren shahar 30%, Bekobod shahar 60%, Narafshon shahar 10%, Olmaliq shahar 60%, Ohangaron shahar 50%, Chirchiq shahar 80%, Yangiyo‘l shahar 50%, Buka tumani 15%, Bo‘stonlik tumani 70%, Zangiota tumani 100%, Qibray tumani 80%, Quyi Chirchiq tumani 60%,Ohangaron tumani 50%, Parkent tumani 70%, Piskent tumani 20%, Toshkent tumani 80%, O‘rta Chirchiq tumani 20%, Yuqori Chirchiq tumani 70%, Chinoz tumani 90%, Yangiyo‘l tuman 80% elektr ta'minotiga ulangan;

12. Farg‘ona viloyati (70%)  — Dang‘ara tumani 50%, Farg‘ona tumani 70%, O‘zbekiston tumani 50%, Rishton tumani 50%, Buvayda tumani 40%, Qo‘qon shahar 100%, Toshloq tumani 50%, Marg‘ilon shahar 60%, Qo‘shtepa tumani 50%, Bog‘dod tumani 50%, Oltariq tumani 50%, qolgan tuman va shaharlarida 100% elektr ta'minoti mavjud;

13. Xorazm viloyati (100%) — Barcha tuman va shaharlarida elektr ta'minoti mavjud;

14. Toshkent shahri (100%) — Barcha tuman va shaharlarida elektr ta'minoti mavjud.


23:07, 2022-yil 26-yanvar sanasi

“O‘ztransgaz” AJ tizimidagi Kompressor stansiyalarining faoliyati to‘xtab qolganligi va ularni qayta ishga tushirilishi bo‘yicha ma'lumot

Umumtizimda yuzaga kelgan nosozliklar sababli mamlakatimizdagi mavjud gaz qazib olish konlari va uni qayta ishlash zavodlarida texnologik jarayonlarning buzilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida gaz ishlab chiqarish hajmining kamayishiga olib kelmoqda.

Bir vaqtning o‘zida “O‘ztransgaz” AJ tizimidagi Kompressor stansiyalarining agregatlari faoliyati to‘xtatildi.  Jumladan 25-yanvar kuni G‘allaorol KSdagi 12 ta gaz haydash agregati(GHA) ish faoliyatini to‘xtatdi.

Yuzaga kelgan favqulodda holatni tezkor ravishda bartaraf qilish maqsadida “O‘ztransgaz” AJda Respublika shtabi nazoratida bo‘lgan favqulotda guruh tashkil qilindi va avariya-ta'mir brigadalari safarbar etildi. Respublika shtabi bilan koordinatsiya qilgan holda, birinchi navbatda issiqlik elektr stansiyalarini ishga imkon qadar tez tushirishda amaliy yordam berish va gaz transport tizimini faoliyatini tiklash-guruhning asosiy vazifasi etib belgilandi.

Natijada, 25-26-yanvar kunlari avariya holatida to‘xtab qolgan 6 ta kompressor stansiyasidan 5 tasi to‘liq bo‘lmagan holatda ishga tushirildi.

Joriy yil 26-yanvar soat 18.00da magistral gaz quvurlari tarmog‘iga uzatilayotgan tabiiy gaz miqdori soatiga 4 839 ming kub metrni tashkil etdi.

Jumladan, gaz qazib oluvchi tashkilotlardan soatiga 3 261 ming kub metr, (25-yanvar soat 10.00 da 5 490 ming kub metr gaz olingan) tabiiy gaz importi soatiga – 710 ming kub metr (25-yanvar 10.00ga ko‘ra, 620 ming kub metr) gazni yer ostida saqlash inshootlaridan soatiga – 868 ming kub metr (25-yanvar 10.00 holatiga ko‘ra 870 ming kub metr) tabiiy gaz olish yo‘lga qo‘yildi.

Mutaxassislar taqdim etgan hisobotlariga ko‘ra, gaz qazib chiqaruvchi korxonalarining elektrostansiyalarni zarur darajadagi gaz hajmi bilan ta'minlashi va gaz quvurlari tizimi orqali zarur ish bosimini tiklash ishlarini amalga oshirish uchun kamida 2 kun talab etiladi. Hozirda joylarda kompressor stansiyalarini to‘liq ishga tushirish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.


23:40, 2022-yil 26-yanvar sanasi

Respublikamiz hududlarida elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot (soat 22:00 holatiga)

1. Qorakalpog‘iston Respublikasi (100%) — Barcha tuman va shaharlarida elektr ta'minoti mavjud;

2. Andijon viloyati (55%) — Andijon shahar 75%, Xonobod tumani 80%, qolgan barcha tuman va shaharlarda 40% elektr ta'minoti mavjud;

3. Buxoro viloyati (80%) — Qorako‘l tumani 60%, qolgan barcha tuman va shaharlarda 100% elektr ta'minoti mavjud;

4. Jizzax viloyati (100%) —  Barcha tuman va shaharlarida elektr ta'minoti mavjud;

5. Qashqadaryo viloyati (70%)  — Qarshi shahar 85%, qolgan barcha tuman va shaharlarda 60% elektr ta'minoti mavjud;

6. Navoiy viloyati (95%) — Xatirchi tumani 80%, qolgan barcha tuman va shaharlarda 100% elektr ta'minoti mavjud;

7. Namangan viloyati (70%) — Namangan shaxri 75%, Mingbuloq tumani 75%, Kosonsoy tumani 75%, Norin tumani 80% Pop tumani 70%, To‘raqo‘rg‘on tumani 75%, Uychi tumani 75%, Uchqo‘rg‘on tumani 80%, Chortoq tumani 75%, Chust tumani 75%, Yangiqo‘rg‘on tumani 80%, Namangan tumani 80% elektr ta'minoti mavjud;

8. Samarqand viloyati (60%) — Kattaqurg‘on shaxar 50%,Kattaqurg‘on tumani 90%, Jomboy tumani 90%, Pastdarg‘om tumani 10%, Narpay tumani 70%,Tayloq tumani 70%, Urgut tumani 80%, Samarqand shaxar 100% elektr ta'minoti mavjud;

9. Surxondaryo viloyati (65%) —  Denov, Sariosiyo, Uzun tumanlari va Denov shahri 100 %, Termiz shahri 70%, Termiz tuman 60 %, Oltinsoy tumani 70%, Sho‘rchi, Boysun, Qumqo‘rg‘on, Angor, Mizrobod, Jarqo‘rg‘on, Qiziriq, Bandixon tumanlari 20% elektr mavjud;

10. Sirdaryo viloyati (70%) — Shirin shahri 100%, qolgan tuman va shaharlarda 75% elektr ta'minoti mavjud;

11. Toshkent viloyati (80%) —  Angren shahar 40%, Bekobod shahar 40%, Narafshon shahar 30%, Olmaliq shahar 70%, Ohangaron shahar 50%, Chirchiq shahar 80%, Yangiyo‘l shahar 50%, Buka tumani 45%, Bo‘stonlik tumani 70%, Zangiota tumani 100%, Qibray tumani 90%, Quyi Chirchiq tumani 60%,Ohangaron tumani 50%, Parkent tumani 70%, Piskent tumani 30%, Toshkent tumani 80%, O‘rta Chirchiq tumani 25%, Yuqori Chirchiq tumani 70%, Chinoz tumani 90%, Yangiyo‘l tuman 80% elektr ta'minotiga ulangan;

12. Farg‘ona viloyati (70%) — Dang‘ara tumani 60%, Farg‘ona tumani 75%, O‘zbekiston tumani 50%, Rishton tumani 50%, Buvayda tumani 40%, Qo‘qon shahar 100%, Toshloq tumani 50%, Marg‘ilon shahar 60%, Qo‘shtepa tumani 50%, Bog‘dod tumani 50%, Oltariq tumani 50%, qolgan tuman va shaharlarida 100% elektr ta'minoti mavjud;

13. Xorazm viloyati (100%) — Barcha tuman va shaharlarida elektr ta'minoti mavjud;

14. Toshkent shahri (100%) — Barcha tuman va shaharlarida elektr ta'minoti mavjud.

Iste'molchilarni elektr energiyasi bilan barqaror ta'minlash borasida barcha choralar ko‘rib borilmoqda.


00:23, 2022-yil 27-yanvar sanasi

No comment…

soat 00:15

Ayni vaqt Namangan shahri hamda tumanlardagi uzilishlarni joyida bartaraf qilish ishlari davom etmoqda.


00:30, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Namangan hududiy elektr tarmoqlari dispetcherlarining ish jarayonlaridan


00:53, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Respublikamiz hududlarida tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot (soat 21:00 holatiga)

Hozirgi paytda iste'molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Ko‘rilgan choralar tufayli tabiiy gaz iste'molchilarining 63 foizida ijobiy natijaga erishildi.

Shu bilan birga, quyida gaz bosimi nisbatan past hududlar ro‘yxati keltirilmoqda:

1. Farg‘ona viloyatida — 32%;

2. Andijon viloyatida — 73%;

3. Namangan viloyatida — 77%;

4. Toshkent viloyatida — 89%;

5. Samarkand viloyatida — 6%;

6. Toshkent shahrida — 67%ni tashkil etmoqda.

Mazkur hudud iste'molchilarining tabiiy gaz bosimini barqarorlashtirish uchun kerakli ishlar olib borilmoqda.


01:28, 2022-yil 27-yanvar sanasi

“Hududgaz Sirdaryo” gaz ta'minoti filiali xodimlarining ish jarayonlaridan


08:56, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Bugun, 27-yanvar kuni ertalab soat 9:00 dan boshlab shaharlararo yo‘nalishlar bo‘ylab, shuningdek, aksariyat hududlarda gaz quyish shoxobchalari ishlay boshlaydi.

Ayni damda Toshkent, Farg‘ona, Andijon va Namangan viloyatlari bundan mustasno bo‘lib, ushbu hududlarda gaz ta'minotining ish rejimini tiklash ishlari olib borilmoqda.

Ertaga ertalabdan boshlab respublikamizdagi barcha gaz quyish shoxobchalari ish faoliyatini tiklash rejalashtirilmoqda.


11:51, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Mamlakatimiz energetiklari iste'molchilarni elektr va issiqlik energiyasi bilan ta'minlash yo‘lida ikki kun astoydil mehnat qildilar.

O‘z ishining mohir mutaxassislari, muammolarning ko‘lamidan qat'iy nazar, ularni bartaraf etish uchun doimo astoydil harakat qilmoqdalar. Oxirgi ikki kundagi ushbu videolavhalar faqat bir viloyat – Andijon viloyati energetiklarining mehnatini aks ettiradi.

Mamlakatimiz energetika tizimi mutaxassislari har bir hududda kecha-yu kunduz mana shunday mehnat qildilar.


12:44, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Shu kunlarda gaz qazib olish hajmlarini oshirish uchun konlarda mashaqqatli kasblariga sadoqat bilan xizmat qilayotgan neft va gaz xodimlarining o‘rni beqiyos.

Vodiy neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasi ob'ektlarida suratga olingan ushbu bir necha daqiqalik videolavhada mamlakatimiz bo‘ylab neft-gaz sohasi mutaxassislarining mashaqqatli mehnati haqida so‘zlab beradi.


13:09, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Magistral gaz quvurlari tarmog‘idagi gaz haydash agregatlarining ishga tushirilayotgani haqida ma'lumot

27-yanvar kuni soat 12:00 holatga ko‘ra “O‘ztransgaz” AJ tizimi orqali tabiiy gaz yetkazib berish hajmi soatiga 6 892 ming metr kubni tashkil etmoqda.

Shu jumladan olinayotgan tabiiy gaz hajmi:

► gaz qazib oluvchi korxonalardan soatiga 5 403 ming metr kub (25 yanvar kuni soat 10.00 holatiga nisbatan 98%);

► Gazni yer ostida saqlash inshootlaridan  soatiga 850 ming metr kubni tashkil etmoqda.

Mamlakatimiz umumtizimida kuzatilgan elektr energiyasi uzilishlari tufayli “O‘ztransgaz” AJ kompressor stansiyalaridagi ish faoliyati to‘xtab qolgan gaz haydash agregatlarining barchasida ish faoliyati to‘liq tiklandi.

Hozirgi paytda Farg‘ona vodiysi viloyatlariga tabiiy gaz uzatuvchi “Ohangaron” KSni ishga tushirish choralari ko‘rilmoqda.

Amaldagi issiqlik elektr stansiyalaridan faqatgina Taxiatosh IES tabiiy gaz bilan to‘liq ta'minlanmoqda. Navoiy, Sirdaryo, Tallimarjon, Toshkent va Yangi-Angren IESlarida hozirgacha tabiiy gaz bilan ta'minlanganlik darajasi 50-80% ni tashkil etmoqda. Tabiiy gaz yetkazib berish magistral gaz quvurlariga kirib kelayotgan bosim hajmiga qarab orttirib borilyapti.

Hozircha Farg‘ona vodiysi viloyatlariga tabiiy gaz uzatuvchi magistral gaz quvurlarida bosimning yetarli emasligi bois To‘raqo‘rg‘on IESga tabiiy gaz uzatish yo‘lga qo‘yilgani yo‘q.

Elektr stansiyalariga zaruriy ko‘rsatkichlarda tabiiy gazni yetkazib berish maqsadida elektr ta'minoti uzilishi chog‘ida ishdan to‘xtatilgan sanoat korxonalariga tabiiy gaz yetkazib berish hozircha yo‘lga qo‘yilmadi. AGTKShlariga esa navbati bilan tabiiy gaz uzatila boshlangan.


13:54, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Respublikamiz hududlarida tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot (soat 12:00 holatiga)

Hozirgi paytda iste'molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Ko‘rilgan choralar tufayli tabiiy gaz iste'molchilarining 67 foizida ijobiy natijaga erishildi.

Shu bilan birga, quyida gaz bosimi nisbatan past hududlar ro‘yxati keltirilmoqda:

1. Farg‘ona viloyatida — 57%;

2. Andijon viloyatida — 75%;

3. Namangan viloyatida — 58%;

4. Toshkent viloyatida — 99%;

5. Surxondaryo viloyatida — 32%;

6. Toshkent shahrida — 18%ni tashkil etmoqda.

Mazkur hudud iste'molchilarining tabiiy gaz bosimini barqarorlashtirish uchun kerakli ishlar olib borilmoqda.


14:33, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Respublikamiz hududlarida elektr energiyasi ta'minoti bilan bog‘liq holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot

(2022-yil 27-yanvar, soat 14:00 holatiga)

1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi — 100%

2. Andijon viloyati — 89%

3. Buxoro viloyati — 100%

4. Jizzax viloyati — 100%

5. Qashqadaryo viloyati — 100%

6. Navoiy viloyati — 100%

7. Namangan viloyati — 91%

8. Samarqand viloyati — 100%

9. Surxondaryo viloyati — 100%

10. Sirdaryo viloyati — 100%

11. Toshkent viloyati — 100%

12. Farg‘ona viloyati — 91%

13. Xorazm viloyati — 100%

14. Toshkent shahri — 100 % elektr ta'minoti mavjud.

Soat 16:00 da barcha hududlarda elektr energiyasi ta'minoti to‘liq tiklanishi rejalashtirilgan.


14:43, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Issiqlik elektr stansiyalarining barcha korxonalarida 24 soat faoliyat ko‘rsatuvchi maxsus navbatchilik guruhlari tashkil etilgan.

Issiqlik elektr stansiyalari va markazlari tomonidan elektr energiyasi ishlab chiqarish quvvatlari 90 foizga tiklandi.


15:07, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Respublikamiz hududlarida tabiiy gaz ta'minoti bilan bog‘liq holat yuzasidan qo‘shimcha ma'lumot (soat 15:00 holatiga)

Hozirgi paytda iste'molchilarga tabiiy gaz yetkazib berish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda. Ko‘rilgan choralar tufayli tabiiy gaz iste'molchilarining 90 foizida ijobiy natijaga erishildi.

Shu bilan birga, quyida gaz bosimi nisbatan past hududlar ro‘yxati keltirilmoqda:

1. Farg‘ona viloyatida — 43%;

2. Andijon viloyatida — 41%;

3. Namangan viloyatida — 39%;

4. Toshkent viloyatida — 1,4%;

5. Samarkand viloyatida — 3%;

6. Toshkent shahrida —7,5 %ni tashkil etmoqda.

Mazkur hudud iste'molchilarining tabiiy gaz bosimini barqarorlashtirish uchun kerakli ishlar olib borilmoqda.


15:42, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Bugun soat 16:00 da O‘zbekistonning barcha hududlarida elektr energiyasi ta'minoti to‘liq tiklanishi rejalashtirilgan.

Soat 14:00 holatiga, Andijon viloyatida — 89%, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida — 91%. Qolgan hududlarda elektr ta'minoti to‘liq tiklangan.


16:28, 2022-yil 27-yanvar sanasi

Hurmatli iste'molchilar!

Ayni paytda mamlakatimizda To‘raqo‘rg‘on issiqlik elektr stansiyasidan tashqari barcha elektr stansiyalarning ish faoliyati tiklandi.

Bugun, 27-yanvar kuni soat 16:00 dan respublikamizning barcha hududlarida elektr energiyasi ta'minoti to‘liq tiklandi.

Shu bilan birga, mamlakatimizda gaz ta'minoti hozircha to‘liq tiklanmaganini inobatga olgan holda, sizdan sabr-toqatli bo‘lishingizni, elektr energiyasi uzilishlarini oldini olish uchun ehtiyojdan tashqari elektr jihozlarini tarmoqqa ulamaslikni so‘raymiz.


O‘zbekiston Respublikasi

Energetika vazirligi Matbuot xizmati


⇒ @minenergy_uz

⇒ @prminenergy


 «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>