Yangiliklar
Komplayens nazorati xizmati moliyaviy pullar oqimini kuzatib boradi
  • 01.04.2022
  • 332

Qaror va ijro

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida "Korrupsiyaga qarshi kurash – davlat va jamiyat yangilanishida muhim omil" mavzuida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Soha mas’ullari, mutaxassislar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Sobirjon Ortiqov va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 6 iyuldagi "Korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini samarali tashkil etishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va ularning natijalariga alohida to‘xtalib o‘tdi.

Qayd etilganidek, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga qarshi kurashish siyosati qabul qilingan va unda asosiy to‘rtta maqsadni amalga oshirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyani tubdan yo‘qotishga erishish, aholining huquqiy ongi va madaniyatini oshirish, aksiyadorlik jamiyatida korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish va jamiyat faoliyatining barcha sohalarida korrupsiyani oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish shular jumlasidandir. Jamiyatda Komplayens nazorati xizmati faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, u mamlakatimizda amaldagi huquqiy-me’yoriy hujjatlar asosida korrupsiyaga qarshi kurashish ishlarini tizimli tashkil etmoqda.

– Aksiyadorlik jamiyati 2019 yil va 2020 yilning 3-chorak yakunlari bo‘yicha korrupsiya va unga qarshi kurashish bo‘yicha Yevropa taraqqiyot va tiklanish banki va Angliyaning «Good corporation» kompaniyasi hamkorligida bir qator ishlarni amalga oshirdi, – dedi jamiyatning Moliyaviy boshqaruv, biznes etika, shaffoflik va komplayens bo‘limi boshlig‘i Nigora Abdullayeva. – Bu jarayonlar esa bosqichma-bosqich bajarildi. Masalan, 1-bosqichda jamiyatda korrupsiya va unga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus bo‘lim ochilgan bo‘lsa, 2-bosqichda korrupsiya va unga qarshi kurashish bo‘yicha 10 dan ortiq xalqaro talablarga javob beradigan ichki hujjatlarni mas’ul shaxslari tomonidan ishlab chiqilib, aksiyadorlik jamiyatining vakolatli organlari tomonidan tasdiqlandi. 

Keyingi bosqichlar ham reja asosida tashkil etildi. Aksiyadorlik jamiyati compliance tizimida xodimlar tomonidan qoidabuzarlikni xabar qilish uchun maxsus telefon, alohida elektron pochta faoliyati hamda sovg‘alar va unga tenglashtirilgan qimmatbaho buyumlarni ro‘yxatdan o‘tkazish reyestri shakllantirildi. Shu bilan birga, aksiyadorlik jamiyatimizda korrupsiyaga moyil lavozimlar va ularning ro‘yxati shakllantirilgan bo‘lib, uning faoliyati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘liq funksiyalarni amalga oshiruvchi sohalar nazoratga olingan.

Tadbirda jamiyat tomonidan korrupsiyaga qarshi kurashish ishlari o‘zining amaliy natijalar berayotgani ham qayd etildi. Xususan, 2021 yil 30 iyunda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ “Korrupsiyaga qarshi kurashish menejment tizimi” bo‘yicha ISO 37001:2016 xalqaro standart sertifikatini qo‘lga kiritdi. Ushbu sertifikat jamiyat faoliyatining korrupsiyaga qarshi kurashish standartlariga mos ekanligi, tashkilotda poraxo‘rlik va korrupsiyaga qarshi kurash tizimi mavjudligini belgilovchi xalqaro hujjat hisoblanadi.

– 2021 yilda 409 ta to‘g‘ridan-to‘g‘ri tuzilgan shartnoma qonunchilikda belgilangan tartibda amalga oshirildi. Maxsus elektron portal orqali amalga oshirilgan shartnomalar soni 987 tani tashkil etdi. Davlat xaridlari sohasida Xalqaro auditorlik kompaniyasi yollash natijasida forenzik audit o‘tkazildi. Shuningdek, xaridlar sohasida korrupsiyaviy risklarni minimallashtirish, inson omilini yanada kamaytirish uchun xaridlarni avtomatlashtirish borasida rejali ishlar olib borilmoqda. Jamiyatning moliya-iqtisod yo‘nalishi yuzasidan shuni aytish joizki, moliyaviy pullar oqimi bo‘yicha yillik oylik kunlik monitoring olib borish yo‘lga qo‘yilgan. Buxgalteri hisobi va hisoboti boshqarmasi amalga oshirgan to‘lovlar “bank kliyent” dasturi orqali Komplayens nazorat xizmati tomonidan doimiy kuzatib boriladi. Bank hisob raqamlaridan amalga oshirilayotgan to‘lovlar qonunchilikka to‘g‘ri kelishi, jamiyatning iqtisodiy ko‘rsatkichlariga ta’siri va moliyaviy hisobotlarda aks ettirilishi bo‘yicha xulosalar berib borilmoqda, – dedi Nigora Abdullayeva.

Matbuot anjumani doirasida «O‘zbekiston MET” AJ tomonidan 2021 yilda elektr tarmoqlarini modernizatsiya hamda rekonstruksiya qilish ishlari bo‘yicha erishilgan natijalar yuzasidan ma’lumot berildi.

Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri

https://uza.uz/oz/

✍️ «O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>