Yangiliklar
AOKAda Energetika vazirligi Matbuot xizmati rahbari Elmira Bekmurodova ishtirokida “Yurtimizda issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha loyihalar tahlili” mavzusida brifing bo‘lib o‘tdi
  • 15.04.2022
  • 402

Assalomu alaykum, hurmatli teletomoshabinlar!

Ushbu brifing orqali so‘nggi yillarda yurtimizda issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan imzolangan 17 ta qaror asosidagi loyihalar haqida ma'lumot beramiz.

So‘nggi 3 yil ichida umumiy quvvati 8 905 megavattga teng bo‘lgan issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 19 ta bitim imzolandi.

Ushbu loyihalarning umumiy qiymati 6 milliard 919 million AQSh dollarni tashkil etib, ularning barchasi xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar hisobiga amalga oshiriladi.

Ta'kidlash joizki, so‘nggi yillarda yurtimizda “yashil” iqtisodiyot, xususan “yashil” energetikani rivojlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Bu borada qayta tiklanuvchi energiya manbalari asosida elektr energiyasini ishlab chiqarish hajmlarini oshirish bo‘yicha dadil qadam tashlandi.

Xabaringiz bor, ushbu sa'y-harakatlar natijasida 2021-yilning avgust oyida Navoiy viloyatining Karmana tumanida birinchi 100 megavatt quvvatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushirildi. Joriy yilning aprel oyida Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 100 megavatt quvvatli ikkinchi quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi.

Shuningdek, 2023-yil yakuniga qadar umumiy quvvati 1 197 megavatt bo‘lgan 5 ta, xususan Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida quvvati 100 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyasi, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida quvvati 457 megavatt, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida quvvati 220 megavatt, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanida quvvati 220 megavatt va Navoiy viloyatining Nurota tumanida quvvati 200 megavatt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushiriladi.

2024-yilda Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlarida har birining quvvati 500 megavattdan bo‘lgan 2 ta (jami 1 000 MVt) va Navoiy viloyatining Tomdi tumanida quvvati 500 megavatt bo‘lgan shamol elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Shuningdek, yurtimizda yangi va zamonaviy issiqlik elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha 7 ta qaror imzolangan. Unga ko‘ra, joriy yilning o‘tgan uch oyida uchta viloyatda umumiy quvvati 1 154 megavatt bo‘lgan 5 ta yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushirildi.

Shu bilan birga, joriy yil dekabr oyiga qadar Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida quvvati 220 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyasi ishga tushiriladi.

2023-yil yakuniga qadar Sirdaryo viloyatining Shirin shahrida quvvati 1 500 megavatt, 2024 yil yakuniga borib esa Surxondaryo viloyatining Angor tumanida quvvati 1 560 megavatt bo‘lgan yangi issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi.

Ta'kidlash kerakki, tizimli ishlar natijasida 2026-yilga borib yurtimizda umumiy quvvati 8 000 megavattga teng bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalari, 868 megavatt quvvatga ega gidroelektr stansiyalari hamda 6 008 megavattga teng yangi issiqlik elektr stansiyalari ishga tushiriladi. Natijada O‘zbekistonda ishlab chiqarish quvvatlari 27 400 megavattga yetkaziladi.

Solishtirish uchun aytish mumkinki, 1991-yildan 2016-yilga qadar ya'ni 25 yilda 3 300 megavatt quvvatlar ishga tushirilgan bo‘lsa, 2017-2026-yillar davomida, ya'ni oxirgi 10 yilda 18 324 megavatt yoki besh yarim baravar ko‘p yangi quvvatlar ishga tushiriladi.

E'tiboringiz uchun rahmat!


 

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/1911

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
 t.me/uzmetaxborotxizmati

>