Yangiliklar
«O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati D.A.Isaqulovning Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda Xorazm viloyatiga xizmat safari tafsilotlari
  • 21.04.2022
  • 452

Bugun, 2022-yil 21-aprel sanasida, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi deputati D.A.Isaqulov Nukus–Toshkent yo‘nalishidagi tonggi aviareys bilan Nukus shahriga yetib keldi.

 

Dadajon Aynaqulovich dastlab «Qoraqalpog‘iston magistral elektr tarmoqlari» filialining ma'muriy binosida bo‘lib, filial faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisiga «Qoraqalpog‘iston MET» filiali direktori S.K.Umbetov axborot berib, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalar barqaror faoliyat yuritayotgani to‘g‘risida hisobot berdi. So‘ngra filial mutaxassislari ishtirokida Qoraqalpog‘iston Respublikasida mavjud magistral elektr tarmoqlari va 220 kV kuchlanishli podstansiyalarda olib borilayotgan modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari muhokama etildi.

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasida joylashgan yuqori kuchlanishli podstansiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish barobarida D.A.Isaqulov 38-sonli “Kulob” saylov okrugida istiqomat qilayotgan fuqarolardan tushgan murojaatlarni o‘rganish maqsadida Xo‘jayli tumaniga tashrif buyurdi. Deputat tuman “Xalq qabulxonasi” binosida joylashgan “Deputat qabulxonasi”da 2022-yil boshidan buyon qayd qilingan 30 ga yaqin yozma murojaatlar bilan birma-bir tanishib chiqdi.

 

Deputat qabulxonasi rahbari, Ekologik partiyasi Xo‘jayli tumani tashkiloti raisi G.Yu.Sarieva qayd etilgan fuqarolar murojaatini tasniflab, tuman hokimiyati va boshqa tashkilot mutasaddilariga yuborilgani, Deputat Isaqulov tomonidan vazirlik va tashkilotlarga yuborilgan deputatlik so‘rovlari bo‘yicha amalga oshirilgan va oshirilayotgan ishlar xususida axborot berdi.

https://telegra.ph/deputatisaqulov-07-14
So‘ngra deputat D.Isaqulov Xo‘jayli tumanida joylashgan, 2020-yil iyul oyida Xo‘jayli tumani hokimi bilan uning bu boradagi rejalari muhokama qilingan, 2022-yil mart oyida Jo‘qorg‘i Kenges raisi M.Q.Kamalov tomonidan ochib, foydalanishga topshirilgan “Ijtimoiy shaharcha”ga tashrif buyurdi.
 

Ma'lumot o‘rnida: mazkur ijtimoiy shaharcha Xo‘jayli tuman hokimining tashabbusi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi qo‘llab-quvvatlashi bilan tumanda uysiz va boquvchisini yo‘qotgan fuqarolar, qarovsiz qolgan nogiron va qariyalardan iborat 124 ta xo‘jalikni o‘z bag‘riga olgan bo‘lib, shulardan 17 ta xo‘jaligi 38-sonli Kulob saylov okrugi fuqarolaridir. Deputat Isaqulov "Ijtimoiy shaharcha" fuqarolarining yashash sharoitlari bilan tanishib, ularning murojaat, taklif va mulohazalarini tingladi.

 

Deputatning navbatdagi tashrifi “Vodnik” qo‘rg‘onida joylashgan 23-sonli o‘rta maktab binosiga bo‘ldi. U yerda ovul fuqarolari ishtirokida deputatning sayyor qabuli o‘tkazildi. Sayyor qabulda, shuningdek, Xo‘jayli tumani hokimiyatidan vakillar, tuman elektr, gaz va ichimlik suvi ta'minotiga mas'ul tashkilotlardan mutaxassislar ishtirok etishdi.

 

Kunning ikkinchi yarmidagi sayyor qabul Jan-Qo‘ng‘irat ovul fuqarolari bilan hududdagi 27-umumta'lim binosining sport zalida o‘tkazildi. Deputatning ushbu sayyor qabulida ham ovul fuqarolarini qiynab kelayotgan masalalar muhokama etilib, tuman hokimligi mutasaddilari ishtirokida muammolar yechimi bo‘yicha amaliy xatti-harakatlar rejasi belgilandi.

Bir so‘z bilan aytganda, Jo‘qorg‘i Kenges deputati fuqarolar murojaatlaridan kelib chiqib o‘zining keyingi faoliyatidagi amaliyotlarni belgilab oldi.

 

 

 

So‘ng «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulov Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi 220 kVli «Beruniy» hamda Xorazm viloyatida joylashgan 220 kVli «Xorazm» podstansiyalarida amalga oshirilayotgan modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari bilan tanishdi. Xususan, Aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi investitsion loyihalar amalga oshirilgandan so‘ng filial va podstansiyalar omborida qolgan, demontaj qilingan hamda mavsumga tayyorlanib qo‘yilgan mavjud ehtiyot qismlar zaxirasi bilan tanishdi. Boshqaruv raisini «Xorazm magistral elektr tarmoqlari» filiali direktori R.Ya.Saparboev kutib olib, Xorazm viloyatidagi yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalar barqaror faoliyat yuritayotgani to‘g‘risida hisobot berdi.

 

Barchamizga ma'lumki, oxirgi besh-olti yilda yoz mavsumi odatdagidan issiq va quruq kelmoqda. Ayniqsa, havo harorati Selsiy shkalasi bo‘yicha 40 darajadan yuqori bo‘lganda sovutish tizimiga ega bo‘lgan elektr qurilmalari ortiqcha yuklama bilan ishlaydi va buning oqibatida turli nosozliklar kelib chiqishi mumkin. Aynan shunday nosozliklarning oldini olish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatining dashti-sahro kengliklari uzra cho‘zilgan havo tarmoqlarini ko‘rikdan o‘tkazishga chiqqan, yuqori kuchlanishli podstansiyalarda qurilish-montaj ishlari bilan shug‘ullanayotgan brigadalarning ish samaradorligi ham o‘rganildi.

 

«O‘zbekiston MET» AJ boshqaruvi raisi yuqori kuchlanishli podstansiya hamda elektr uzatish tarmoqlarida mehnat qilayotgan mutaxassislarga o‘z tavsiyalarini berib, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini past kuchlanishli havo tarmoqlariga yetkazib berish ishonchliligini ta'minlash yuzasidan tegishli topshiriq va ko‘rsatmalar berdi.

Eslatib o‘tamiz, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi D.A.Isaqulovning xizmat safari ayni paytda Xorazm viloyatida davom etmoqda.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

ДЕПУТАТ ҚАБЫЛЛАЎХАНАСЫ / DEPUTAT QABULXONASI

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/deputatisaqulov

 

>