Yangiliklar
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibidagi 220 kV kuchlanishli «Sirg‘ali» podstansiyasida Press-tur hamda Aksiyadorlik jamiyati faoliyatining 2022-yil 1-chorak yakunlariga bag‘ishlangan Matbuot anjumani
  • 13.05.2022
  • 509

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 27-martdagi «O‘zbekiston Respublikasida elektr energetika tarmog‘ini yanada rivojlantirish va isloh qilish strategiyasi to‘g‘risida»gi PQ-4249-sonli qaroriga muvofiq tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasining magistral elektr tarmoqlaridan foydalanish va ularni rivojlantirish, elektr energiyani Respublikaning magistral elektr tarmoqlari orqali yetkazib berish va davlatlararo tranzitni amalga oshirish, qo‘shni davlatlarning elektr energetika tizimi bilan hamkorlik qilish «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining asosiy faoliyat turlari hisoblanadi.

Bugungi kunda «O‘zbekiston MET» AJ tarkibida 14 ta hududiy magistral elektr tarmoqlari, energetika tizimi bo‘yicha faoliyat yuritadigan milliy dispetcherlik markazi, markaziy rele himoyasi va avtomatika xizmati, loyihalashtiruvchi, qurilish-montaj va boshqa xizmatlar ko‘rsatuvchi funksional filiallar mavjud. Jamiyatga qarashli 85 ta podstansiya va 11 400 km dan ortiq 220–500 kVli magistral havo elektr uzatish liniyalari mavjud.

Elektr energiyasi transportirovkasi hamda iste'mol balansi

2022-yilning I chorak yakunlariga ko‘ra, balans ko‘rsatkichlari, ya'ni 2022-yil yanvar-mart oylarida issiqlik elektr stansiyalari hamda markazlarida prognoz — 19 745,5 mln kVt •soat,

amalda — 18 517,1 mln•kVt soat (93,8 %); gidroelektr stansiyalarida esa prognoz — 806,6 mln kVt•soat, amalda 961,1 mln kVt•soat (119,2 %) elektr energiyasini ishlab chiqarildi.

Umumlashtirilganda, 2022-yil 1-chorak davomida mamlakatimizda ishlab chiqarilgan 19 701,0 mln kVt•soat, shu bilan birga, qo‘shni respublikalardan import qilingan 1600,0 mln kVt•soat elektr energiyasi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi yuqori kuchlanishli podstansiya hamda elekr tarmoqlari orqali taqsimlovchi past kuchlanishli tarmoqlarga yetkazib berildi.

Bunda, elektr energiyasini uzatishdagi texnologik sarfi belgilangan me'yor 2.98% o‘rniga, amalda esa 620,8 mln. kVt•soat, ya'ni yoki 2,70 foizni tashkil etdi.

Mahsulot tannarxini pasaytirish va importni qisqartirish

Mahsulot tannarxini pasaytirish bo‘yicha yil boshidan 1,5 mlrd so‘mga xarajatlar qisqartirilib, reja 101,4 foizga bajarildi. Importni qisqartirish ko‘rsatgichi yanvar-mart oylarida 60,0 ming AQSh dollari miqdorida 104,3 foizga bajarildi.

Elektr uskunalarida mukammal ta'mirlash

2022-yil yanvar–mart oylarida quyidagi elektr uskunalarida mukammal ta'mirlash ishlari amalga oshirildi: 4 ta 110–500 kVli kuch transformatorlari; 9 ta 110-500 kVli o‘chirgichlari; 5 ta havo kompressorlari; 147,5 km havo elektr uzatish tarmoqlari.

Yuqori kuchlanishli podstansiyalar quvvatlarini oshirish

2022-yil boshidan modernizatsiya dasturi asosida 2 ta podstansiyada yuqori kuchlanishli transformatorlar o‘rnatilib ishga tushirilishi natijasida quvvat 141 MVA ga oshirildi. Jumladan, Toshkent viloyati «Traktorsoz» podstansiyasida – 1 dona 125 MVA, Samarqand viloyati «Cho‘ponota» podstansiyasida — 16 MVA.

Investitsiya loyihalari mablag‘larini o‘zlashtirish

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021-yil 30-dekabrdagi PQ-72-sonli qaroriga asosan «O‘zbekiston MET» AJ bo‘yicha umumiy loyiha qiymati 1 159,1 mln AQSh dollari miqdorida bo‘lgan 14 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish rejalashtirilgan. Shundan 2022-yilda 133,3 mln AQSh dollari miqdorida mablag‘larni o‘zlashtirish ko‘zda tutilgan. 2022-yil yanvar-mart oylarida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 13,8 mln AQSh dollari (rejaga nisbatan 264,5 foiz), shundan, Davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘laridan 3,0 mln AQSh dollari (rejaga nisbatan 100 foiz), «O‘zbekiston MET» AJ o‘z mablag‘lari hisobidan 10,1 mln AQSh dollari (rejaga nisbatan 455,3 foiz) hamda Byudjet ssuda mablag‘ilaridan 0,68 mln dollari o‘zlashtirildi.

Moliyaviy ko‘rsatkichlar

2022-yil I chorak yakuni bo‘yicha moliyaviy faoliyati tezkor hisob kitoblarga ko‘ra 1,5 trln so‘m miqdorida zarar bilan yakunladi.

Aksiyaвorlik jamiyatining moliyaviy-iqtisodiy faoliyati zarar bilan yakunlanishining asosiy sababi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Idoralararo tarif komissiyasi yig‘ilishining 2021-yil 2-avgustdagi 7-sonli bayoni bilan tasdiqlangan elektr energiyasini xarid qilish va sotish tariflari hisob-kitoblariga ko‘ra, 2022-yil birinchi chorakda ishlab chiqaruvchilardan jami 18,6 mlrd kilovatt•soat elektr energiyasi o‘rtacha QQS bilan birga 378,2 so‘mdan xarid qilinib, hududiy elektr tarmoq korxonalariga o‘rtacha 320,9 so‘mdan sotildi (har bir kilovatt soatdan 57,3 so‘mdan zarar ko‘rildi).

Davlat -xususiy sheriklik tamoyili asosida

Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida qurilayotgan xususiy elektr stansiyalarini respublika energotizimiga ulash va ularni boshqarishni ta'minlash hamda ushbu ishlarni to‘g‘ri tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislarni jalb qilish borasida Osiyo Taraqqiyot Banki tomonidan yollangan «Adalid Asessors Konsalters» (ADAYC) konsalting kompaniyasi mutaxassisi Santyago Mirabal Montero (Ispaniya, Madrid) bilan yaqin hamkorlikda ishlar olib bormoqda.

Xususan, Birlashgan Arab Amirliklarining «Masdar» kompaniyasi bilan Navoiy viloyatida quvvati 100 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyasi, joriy yilning yanvar oyida Turkiyaning «AKSA Enerji Uterim A.S.» kompaniyasi bilan Toshkent viloyatida umumiy quvvati 470 MVt bo‘lgan bug‘-gaz va gaz-porshenli, Buxoro viloyatida quvvati 270 MVt bo‘lgan gaz-porshenli hamda Turkiyaning «Hidro Enerji A.S.» kompaniyasi bilan Xorazm viloyatida quvvati 174 MVt bo‘lgan gaz-porshenli energosamaradorligi yuqori bo‘lgan issiqlik elektr stansiyalari ishga tushirildi.

Korporativ islohotlar hamda transformatsiya jarayonlari

Jamiyatni transformatsiya qilish bo‘yicha davlat ishtirokidagi yirik korxonalarga jahon standartlariga javob beradigan, zamonaviy korporativ boshqaruv tizimlarini joriy etish, ish jarayonlarida informatsion texnologiyalardan keng foydalanish orqali samaradorlikni oshirishga yo‘naltirilgan tizimli ishlar amalga oshirib kelinmoqda.

Jumladan:

• Jamiyatda «Transformatsiyani amalga oshirish ofisi» va Boshqaruv raisining transformatsiya bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi tashkil etildi;

• Korporativ boshqaruv tamoyillari halqaro standartlarga moslashtirildi (ISO 9001) va Korrupsiyani oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha (ISO 37001) halqaro standart sertifikatlari olindi;

• Jamiyat va uning tarkibidagi korxonalarda «Komplaens nazorati» xizmati yo‘lga qo‘yildi;

• 1S-korxona dasturi integratsiya qilinib, moliyaviy hisobotlarning xalqaro standartlari joriy etildi;

• Jamiyatning 2019–2020-yil moliyaviy hisobotlari «Ernst & Young» LLC auditorlik tashkiloti tomonidan xalqaro standart talablariga muvofiq to‘liq auditorlik tekshiruvidan o‘tkazildi va ijobiy xulosa olindi.

• 2021-yilda Grant Thornton xalqaro audit kompaniyasi jamiyatdagi haridlar jarayonini auditdan o‘tkazdi va ijobiy xulosa olindi;

• Energokompaniyalarda chuqur diagnostika o‘tkazish va tizimli kamchiliklarni aniqlash, harajatlarni qisqartirish va zamon talablariga javob beradigan operatsion boshqaruv tizimini yaratish bo‘yicha «McKinsey&Company» xalqaro konsalting kompaniyasining tavsiyalari ishlab chiqildi. Operatsion harajatlarni maqbullashtirish, o‘rta va uzoq muddatli rivojlanish rejasi belgilab olindi;

• O‘zbekiston energetika sohasida ilk bor yevropa tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan davlat kafolatisiz korporativ kredit ajratish bo‘yicha kelishuv imzolandi;

• «Raqamli transformatsiya»ni amalga oshirish uchun Rossiya Federatsiyasining «IKS Xolding» kompaniyasi jalb qilindi va «Raqamli transformatsiya konsepsiyasi»ni yaratish bo‘yicha 3 bosqichli jarayonlar yakunlandi;

• Magistral elektr tarmoqlariga tegishli elektr energiyasini uzatish tizimini rivojlantirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan integratsiyalash, mavjud podstansiyalarni modernizatsiya va rekonstruksiya qilishning uzoq muddatli 10 yillik dasturi» ishlab chiqildi va 2022-yilda 31-yanvar sanasida dastur loyihasi Energetika vazirligi tomonidan Vazirlar Mahkamasiga kiritildi;

• «UzAssistem» tomonidan Digsilent Power Factory dasturida O‘zbekiston Respublikasi energotizimining raqamli modeli va magistral elektr tarmoqlarining interaktiv xaritasi yaratildi;

• Davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida qurilayotgan xususiy elektr stansiyalarini respublika energotizimiga ulash va ularni boshqarishni ta'minlash hamda ushbu ishlarni to‘g‘ri tashkil etish uchun xorijiy mutaxassislar jalb etilib, hamkorlikda quyosh fotoelektr stansiyalarini ishga tushurish ishlari olib borilmoqda.

Ma'lumot o‘rnida: 2021-yilda 1428 nafar ishchi-xodimlarimiz mamlakatimizda, 60 nafar (shundan 54 nafari grant asosida) xodimlarimiz xorijda malaka oshirishdi. Shuningdek, 53 nafar xodimlarimiz oliy ta'lim muassasalarida o‘qitildi. Jami ishchi-xodimlar soni: 4700 nafardan ziyod.

Aksiyadorlik jamiyati tarkibida 22 ta tashkilot (tarkibiy bo‘linmalar) mavjud, jumladan 14 ta hududiy magistral elektr tarmoqlari, energetika tizimi bo‘yicha faoliyat yuritadigan «Magistraltarmoqqurilish» va «Energo-IT» filiallari, «O‘zenergoinjiniring» AJ, «Energomaxsusavto» MChJ va boshqa xizmatlar mavjud. Mazkur filial va korxonalarning faoliyati Aksiyadorlik jamiyati tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 martdagi PQ-4249-son qaroriga muvofiq muvofiqlashtirilib boriladi.


Manba: https://uzdaily.uz/uz/post/7549

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>