OAV va jamoatchilik bilan ishlash
xs.uz — Deputatlarning tanqidiga nima sabab boʻldi?
  • 13.08.2022
  • 279

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Sanoat, qurilish va savdo masalalari hamda Byudjet va iqtisodiy islohotlar qoʻmitalari tomonidan tadbir oʻtkazildi.

Unda “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari va boshqa davlat dasturlari doirasida yoʻl-transport, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari, ijtimoiy soha va boshqa infratuzilma obyektlarini qurish-taʼmirlash ishlarini moliyalashtirish uchun ajratilgan mablagʻlardan maqsadli hamda samarali foydalanilishi yuzasidan oʻtkazilgan oʻrganishlar natijalari muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, joriy yilda 413 ta mahalla va qishloqda obodonlashtirish ishlari olib borilishi, 8 ming 622 ta obyektda qurilish-taʼmirlash va boshqa turdagi ishlarni amalga oshirish belgilangan. Maʼlumotlariga koʻra, 6 ming 990 loyihaning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan, 6 ming 852 tasi ekspertizadan oʻtkazilgan, 6 ming 268 tasining tender savdolari yakunlangan, 5 ming 40 tasi boʻyicha pudrat shartnomalari tuzilgan.

Bugungi kunda ijtimoiy soha obyektlari — tibbiyot, umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim muassasalarida qurilish-montaj ishlari jadal olib borilmoqda. Shuningdek, elektr taʼminoti obyektlarida past kuchlanishli 1 ming kilometrdan ortiq elektr uzatish tarmoqlari, 395 ta transformator punktlari yangilanib, modernizatsiya qilindi. Gaz taʼminoti uzluksizligini taʼminlash boʻyicha 839 dona gaz taqsimlash punkti, 333,3 kilometr gaz tarmogʻi taftishdan oʻtkazilib, aholiga 3 ming 623 dona gaz balloni yetkazib berilgan.

Bundan tashqari, 573 kilometr ichki yoʻllar asfaltlanib, 1 ming 454 kilometr yoʻlga shagʻal, 220,8 kilometr yoʻlga sement-beton yotqizilgan. Suv taʼminotini yaxshilash boʻyicha 1 ming 251 kilometr uzunlikdagi ichimlik suvi tarmoqlari yangidan tortilib 109 dona suv inshooti yangidan oʻrnatilgan.

Yigʻilishda qayd etilganidek, mutasaddi idoralar vakillari bilan birgalikda joylarga chiqilib, dasturlar ijrosi muhokama qilinyapti va mavjud muammolar tezkorlik bilan hal etilmoqda. Shu bilan birga, dasturlar ijrosiga masʼul boʻlgan idoralar rahbarlari vazifalarini lozim darajada bajarmaganliklari uchun javobgarlik ham belgilanayotir.

Xususan, Bosh prokuratura tomonidan oʻtkazilgan nazorat tadbirlarida dasturlar ijrosiga masʼul boʻlgan 400 nafardan ziyod mansabdor shaxslar rasman ogohlantirilgan. Qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 49 ta taqdimnoma kiritilgan, dastur ijrosi boʻyicha masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻygan 179 nafar mansabdor shaxs intizomiy va maʼmuriy javobgarlikka tortilgan.

Yigʻilishda sohada olib borilayotgan ishlar eʼtirof etilgan holda, dasturlar doirasida hududlarda qurilish, ichki yoʻllar, gaz taʼminoti, transport qatnovi va obodonlashtirish kabi ishlarni yakunlashga yetarlicha eʼtibor qaratilmaganligi, maʼsul idoralar tomonidan vaziyatni oʻnglash yuzasidan aniq va qatʼiy choralar koʻrilmayotganligi tanqid ostiga olindi.

Deputatlar “Obod qishloq”, “Obod mahalla” va boshqa dasturlar ijrosi boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarning tizimli nazoratini olib borishni alohida qayd etdilar.

Tadbirda kun tartibidagi masala yuzasidan qoʻmitalarning tegishli qarori qabul qilindi.

“Xalq soʻzi”.

Manba: https://xs.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>