Yangiliklar
O‘zbekiston–Turkmaniston: elektr energetika sohasidagi hamkorlik davom etmoqda
  • 21.10.2022
  • 614

Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan ayni paytda rasmiy tashrif bilan Ashxobod shahri bo‘lib turibdi.  

O‘zbek va turkman xalqlari qadimdan yaqin do‘st, ahil qo‘shni, strategik hamkor sifatida mushtarak maqsadlar bilan bir daryodan suv ichib yashab kelgan. Ushbu xalqlarning tarixiy ildizlari va dini birligi, tili, madaniyati, an'analarining mushtarakligi O‘zbekiston–Turkmaniston hamkorligining mustahkam asosi bo‘lib xizmat qilmoqda.

Barchamizga ayonki, O‘zbekiston–Turkmaniston hamkorligi energetika sohasi, xususan elektr energetika  tarmog‘ida ham hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq amalga oshirib kelinmoqda. Misol uchun, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Dadajon Isaqulov ham ayni paytda Turkmaniston Respublikasida xizmat safarida bo‘lib, Turkmaniston energetika vaziri Xajimuhammet Rejepmurodov qabulida bo‘ldi. Ishchi tartibdagi muhokamalar uchrashuvida, shuningdek, O‘zbekistondan «O‘zeltexsanoat» uyushmasi raisi Mirziyod Yunusov hamda «Turkmenenergo» davlat elektr energetika korporatsiyasi raisi Durdi Elyasov ishtirok etdi.

Tomonlar hukumatlararo kelishuvlarga muvofiq amalga oshirilayotgan loyihalar, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan elektr jihozlarini Turkmaniston bozoriga olib kirishdagi hamkorlik, shu jumladan, Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasi importi, Turkmanistondan O‘zbekiston magistral elektr tarmoqlari orqali Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga elektr energiyasi tranziti masalalarini muhokama etishdi.

Eslatib o‘tamiz, Savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha O‘zbekiston–Turkmaniston hukumatlararo komissiyasi 15-yig‘ilishining (2019-yil 23-noyabr, Ashxobod shahri) qaroriga ko‘ra, Turkmaniston Respublikasidan O‘zbekistonga elektr energiyasi yetkazib berish masalasi yuzasidan kelishuvga erishilgan. Kelishuvga muvofiq 2019-yilning dekabr oyidan «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ hamda «Turkmenenergo» davlat energetika korporatsiyasi o‘rtasida Turkmanistondan O‘zbekistonga elektr energiyasini yetkazib berish bo‘yicha shartnoma imzolangan.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>