Yangiliklar
Energetika vazirligi Matbuot shtabi 14-noyabr kuni isteʼmolchilarni yoqilg‘i-energiya resurslari bilan taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beradi
  • 16.11.2022
  • 315

Kecha, 14-noyabr kuni mavjud elektr stansiyalar orqali 210,4 mln kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarildi va respublika isteʼmolchilariga yetkazib berildi.

Shuningdek, gaz taʼminoti korxonalari tomonidan isteʼmolchilarga 144,5 mln kub metr tabiiy gaz va 2,6 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berildi.

Isteʼmolchilarni ko‘mir mahsulotlari bilan taʼminlash maqsadida 8 ming 311 tonna mahalliy ko‘mir yetkazib berildi.

Korxonalarda qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda shtablar tuzilgan, 24 soatlik navbatchilik tashkil qilingan.

Respublikamizning ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida cheklovlar (bir soatdan bir yarim soatgacha) kiritildi. Taʼminotdagi uzilishlar bo‘yicha isteʼmolchilardan 1000dan ortiq murojaat kelib tushdi. Murojaatlar yuzasidan elektr qurilmalarida yuzaga kelgan nosozliklar maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy gaz taʼminoti bo‘yicha Farg‘ona vodiysi, Toshkent shahri va Toshkent viloyati hamda respublikamizning ayrim hududlarida gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Natijada isteʼmolchilardan 500 ga yaqin murojaat kelib tushdi. Mavjud muammoni bartaraf etish bo‘yicha tezkor chora-tadbirlar olib borilmoqda.

Gaz tarmoqlarida olib borilgan taʼmirlash ishlari isteʼmolchilarni oldindan ogohlantirgan holda amalga oshirildi. Shuningdek, vazirlik va tizim tashkilotlarining masʼul xodimlari hududlarga safarbar etilib isteʼmolchilarni barqaror energiya resurslari bilan taminlash choralari ko‘rilmoqda.

Bundan tashqari, kuz-qish davrini betalafot o‘tkazish maqsadida elektr tarmoqlari korxonalarida 439 ta, gaz taʼminoti korxonalarida esa 244 ta nosozliklarni oldini olish va bartaraf etish bo‘yicha brigadalar tashkil etilgan.

Shu o‘rinda isteʼmolchilardan isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilgan tavsiyalarga qatʼiy rioya qilishlarini so‘raymiz.

Hurmatli isteʼmolchilar, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 11-54 qisqa raqami yoki Telegram‘dagi (@HET_admin) adminstratorga, shuningdek, tabiiy va suyultirilgan gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 telefonlari yoki Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi guruhga murojaat qilishingiz mumkin.

▶️ @minenergy_uz

Маnbа: https://t.me/minenergy_uz/6320

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>