Yangiliklar
Rasmiy munosabat: Jahon bankidan kredit mablag‘lari 2022-2026-yillar davomida jalb qilinadi. Hozirgi paytda kredit mablag‘i jalb qilinmagan
  • 18.11.2022
  • 356

Ijtimoiy tarmoqlarda “O‘tgan yili Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda svet o‘chmasligi uchun ajratilgan 423 mln dollar qayerda?” mazmunida xabarlar eʼlon qilindi.

Ushbu xabarlarga javoban Energetika vazirligi quyidagilarni maʼlum qiladi:

Jahon banki ko‘magida “Elektr energetika sohasini transformatsiya qilish va elektr energiyasini barqaror uzatish” loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, Xalqaro taraqqiyot assotsiatsiyasi (Jahon banki guruhi) tomonidan 380 mln AQSH dollari, Yashil iqlim jamg‘armasi tomonidan esa 43 mln AQSH dollari miqdorida kredit ajratilishi rejalashtirilgan.

Ushbu loyiha 2022-2026-yillarda amalga oshirilishi rejalashtirilgan bo‘lib, quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

Ushbu moliyalashtirish O‘zbekiston hukumatiga eng past foiz stavkalari bo‘yicha va maksimal muddati 40 yilgacha taqdim etiladi.

Loyiha doirasida respublika bo‘ylab 22 ta eskirgan yuqori kuchlanishli podstansiya rekonstruksiya qilinadi. Buning natijasida magistral tarmoqlarning quvvat o‘tkazish imkoni 1036 MVAga ortadi.

Shuningdek, 2022-2026-yillar davomida 1602 MVA quvvatga ega bo‘lgan yangi 500 kVli raqamli podstansiya va 285 km uzunlikdagi yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlari quriladi.

Ushbu loyihaning muhim strategik tarkibiy qismi  SCADA va EMS tizimini amalga oshirish hisoblanadi va bu energiya tizimida dispetcherlik va monitoring qilish imkonini beradi.

Bundan tashqari, “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJni kelajakda transformatsiya qilish uchun Enterprise Recourse Planning (ERP) tizimini joriy yetish rejalashtirilgan.

Hozirda ushbu loyihalarni “tayyor holda topshirish” sharti asosida Pudratchilarni aniqlash uchun Jahon banki talablariga muvofiq Xalqaro tender savdolarini o‘tkazish ishlari olib borilmoqda.

Jumladan, bugungi kunda Respublika bo‘ylab SCADA tizimini joriy qilish va 500 kVli “Xalqa” podstansiyasini qurish bo‘yicha Xalqaro tender savdolari eʼlon qilingan hamda Sirdaryo va Toshkent viloyatlarini bog‘lovchi yuqori kuchlanishli havo tarmog‘i uchun tender takliflari baholash hisoboti Jahon banki bilan kelishilmoqda.

Magistral tarmoq podstansiyalarini modernizatsiya qilish loyihasining 2-fazasi uchun tender savdolari joriy yilning dekabr oyidan boshlab bosqichma-bosqich eʼlon qilib boriladi.

Bosh pudratchilar aniqlanganidan so‘ng, Jahon bankining kredit mablag‘laridan foydalanish boshlanadi.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

▶️ @minenergy_uz

Маnbа: https://t.me/minenergy_uz/6367

sof.uz - “O‘tgan yili Jahon banki tomonidan O‘zbekistonda svet o‘chmasligi uchun ajratilgan 423 million dollar qayerda?” — Energetika vazirligidan munosabat

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>