OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Uzib qo‘yishlar uchun jarima to‘lanishi yoki zarar qoplanishi kerak
  • 23.11.2022
  • 362

Hozir butun dunyoda, hatto rivojlangan davlatlarda ham gaz va elektr energiyasi ta’minotida jiddiy muammolar ro‘y bermoqda. Vaziyat murakkab. Mamlakatimizda energiya ta’minoti bilan bog‘liq muammolar bugun yoki kecha paydo bo‘lib qolgani yo‘q, bu uzoq yillardan beri kelayotgan masala.

Keyingi yillarda yurtimizda energiya taqchilligini kamaytirish bo‘yicha bir qator muhim loyihalar amalga oshirilmoqda. Ammo eski muammolarni to‘lig‘icha hal etish qiyin bo‘layapti. Energetika vaziri o‘rinbosari o‘tkazgan matbuot anjumani, OAV vakillarining savollariga javoblardan ko‘rindiki, hal etilishi zarur bo‘lgan muammolar oz emas.  

Kuz oxirlab, kunlar soviy boshlagach, murojaatlar, shikoyatlarda deyarli bir xil muammo ko‘tariladi. bugungi kunda odamlar uchun eng muhim masalalardan biri o‘z xonadonlarini uzluksiz elektr energiyasi va issiqlik bilan ta’minlashdir.  

Bu borada ko‘plab muammolardan tashqari, ikkita dolzarb masalaga alohida e’tibor qaratish zarur.  

Birinchidan, energiya ta’minoti bo‘yicha mamlakatimizning turli hududlarida turlicha holat kuzatilmoqda. Qishloq tumanlari va shaharlarda ta’minot bilan bog‘liq vaziyat vaqt va sifat nuqtai-nazaridan ham bir-biridan tubdan farq qilmoqda. Hayotiy zarur mahsulot va xizmatlar bilan ta’minlashda ijtimoiy tengsizlikka umuman yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi. Bu qo‘shimcha noroziliklarga sabab bo‘lishi mumkin.  

Umuman, aholini elektr energiyasi, gaz, ko‘mir bilan ta’minlash tizimlarini qayta ko‘rib chiqish vaqti allaqachon keldi. Avvalo, har bir hudud kesimida ehtiyojning real miqdori aniqlanishi zarur va shu asosda energiya manbalari, kuz-qish oylari kelmasdan, qayta taqsimlanishi yoki tashkil etilishi kerak.  

Ikkinchidan, hammamiz bevosita yoki bilvosita elektr energiyasi va gaz iste’molchilarimiz. “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun bor. Mazkur qonunda kafolatlangan huquqlar ta’minotchi korxona-tashkilotlar tomonidan muntazam buzilmoqda. Xususan, elektr energiya va gaz uchun avvaldan to‘lov bo‘lgani holda, iste’molchilar hech qanday ogohlantirishlarsiz elektr ta’minotidan uzib qo‘yilmoqda. Bu noqonuniy, noinsoniy munosabatdir.  

Hech bir yurtdoshimiz, hech bir iste’molchi qishli-qirovli kunlarda xonadonida yoshi ulug‘ ota-onalari, go‘daklari, homilador ayollari sovuqdan qiynalishiga toqat qila olmaydi.  

Tadbirkorlar yoki ijtimoiy soha tashkilotlari ham elektr energiyasidan asossiz uzilgan vaqtlarida og‘ir muammolarga duch kelmoqdalar. Sovutgichlar ishlamagani sababli oziq-ovqat mahsulotlari iste’molga yaroqsiz holga kelmoqda, kichik biznes vakillarida ishlab chiqarish tartibi buzilmoqda, issiqxonalarga ekilgan, kattagina mablag‘ sarflangan o‘simliklarni sovuq urishi oqibatida dehqonlar katta zarar ko‘rmoqda.  

Kutilmagan va ko‘ngilsiz holatlarning aksariyati ta’minotchilarning o‘z vazifalariga mas’uliyatsiz qarashi sabab ro‘y bermoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 14-moddasida zararni qoplash masalasi aniq belgilangan. Unga ko‘ra, agar qonun yoki shartnomada zararni kamroq miqdorda to‘lash nazarda tutilmagan bo‘lsa, huquqi buzilgan shaxs o‘ziga yetkazilgan zararning to‘la qoplanishini talab qilishi mumkin.  

Zarar deganda, huquqi buzilgan shaxsning buzilgan huquqini tiklash uchun qilgan yoki qilishi lozim bo‘lgan xarajatlari, uning mol-mulki yo‘qolishi yoki shikastlanishi (haqiqiy zarar), shuningdek bu shaxs o‘z huquqlari buzilmaganida odatdagi fuqarolik muomalasi sharoitida olishi mumkin bo‘lgan, lekin ololmay qolgan daromadlari (boy berilgan foyda) tushuniladi.  

Aslida kommunal xizmatlar uchun aholi va ta’minotchi o‘rtasida tuziladigan shartnomalar har ikkala tomonga baravar mas’uliyat yuklashi zarur. Buning uchun barcha kommunal xizmatlar uchun ta’minotchi va iste’molchi o‘rtasidagi shartnomalarga yuridik hujjat maqomi berilsa, shartnoma talablari buzilgan taqdirda iste’molchining xuquqlari qonunan himoya qilinishi bo‘yicha asos yaratiladi. Yetkazib beruvchi tashkilotlarning iste’molchilar oldidagi majburiyatini oshirish shart. Oldindan to‘lov mavjud bo‘lgan hollarda energiyadan asossiz uzilgan davr, iste’molchiga yetkazilgan zarar uchun ta’minotchi jarima to‘lashi yoki zararni qoplashi belgilanishi kerak. 

Shunda ta’minotchi tashkilotlarning xalqimiz, iste’molchilar oldidagi mas’uliyati oshib, yetishmovchiliklar va boshqa kamchiliklarning sabablarini bartaraf etishga ko‘proq javobgarlik his qilardi.  

 

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

O‘zA

Manba: https://uza.uz/oz/posts/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>