OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarida qanday islohotlar amalga oshirilmoqda?
  • 23.11.2022
  • 210

Qaror va ijro

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 27 martdagi qarori asosida tashkil etilgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tarkibida Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida jami 14 filial faoliyat yuritadi.

Shuningdek, Aksiyadorlik jamiyati tasarrufida 84 ta yuqori kuchlanishli podstansiya va 11 650 kilometrdan ortiq 220-500 kilovattli magistral havo elektr uzatish liniyalari mavjud. Shuningdek, tizimda markaziy boshqaruv apparati va uning tarkibidagi tuzilma hamda filiallarda 4 ming 300 nafarga yaqin ishchi-xodim mehnat qiladi.

“Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali ham ulardan biri. Ushbu filial va unga qarashli podstansiyalar elektr energiyasini ishlab chiqarish va sotish o‘rtasida bir bo‘g‘in vazifasi, ya’ni elektr energiyasini uzatish jarayonidagi muhim bo‘lgan taqsimlovchi tugun vazifasini bajaradi.

“Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali direktori Anvar RASULOV bilan suhbatimiz filial va podstansiyalar faoliyati hamda ularda olib borilayotgan modernizatsiya ishlari xususida bo‘ldi.

– “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan investitsiyaviy jozibadorlik hamda ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish sohalarini kengaytirishga qaratilgan keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda, – dedi A.Rasulov. – Bu esa mamlakatimiz hududlarida mavjud yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalari faoliyatini yanada yaxshilashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filialiga qarashli “Yuksak”, “Qo‘yliq” “Ozodlik”, “Traktorsoz”, “Zafar”, “Fayziobod” va “Keles” podstansiyalari mavjud. bugungi kunda “Qo‘yliq”, “Yuksak”, “Ozodlik” va “Traktorsoz” podstansiyalarini modernizatsiya va rekonstruksiya qilish natijasida o‘tkazuvchanlik quvvati 568 (MVA) Megavolt amperga oshirilishi tizim ishini yanada yaxshilash imkoniyatini berdi.

Yana bir e’tiborli jihati shuki, Toshkent shahrida ekspluatatsiya qilinib kelinayotgan podstansiyalarda sohada amalga oshirilayotgan investitsiya dasturlari samaradorligi, ya’ni modernizatsiya va rekonstruksiya qilish tufayli poytaxtimiz energetika tarmog‘i ishonchliligi yanada oshirildi. Shu bilan birga, zarur holatlarda bitta podstansiyaning yuklamasini boshqa podstansiyaga vaqtincha berish imkoniyati paydo bo‘ldi.

– Modernizatsiya dasturi asosida “Ozodlik” podstansiyasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?

– 220/110/10 kV kuchlanishli “Ozodlik” podstansiyasi Toshkent shahrining Uchtepa tumani hududida joylashgan. Podstansiyaning umumiy maydoni 4 gektarni tashkil etadi. Strategik ob’ekt bo‘lgani uchun bu yerda barcha jarayonlar qat’iy nazorat qilinadi.

Podstansiyamizda ikkita transformator bo‘lib, ular 1973 yilda ishga tushirilgan edi. Modernizatsiya dasturi asosida yana bitta zamonaviy transformatorni o‘rnatishga muvaffaq bo‘ldik. 5 million 500 dollar qiymatida bo‘lgan dastur doirasida ishlar ayni kunlarda ham davom ettirilmoqda.

Yangi transformatorni o‘rnatganimizdan keyin boshqa transformatorlarni vaqtincha o‘chirish, uning yuklamasini boshqa transformatorga yuklab, ta’mirlash-sozlash ishlarini olib borish imkoniyati yaratildi. Bu esa faoliyatimiz uchun ancha yengillik tug‘dirdi.

Shuningdek, podstansiyasida “KRUN 10 kV yacheykalarini almashtirish” loyihasi uchun “O‘zbekiston MET” AJ va “O‘zelektroapparat-Elektroit” AJ o‘rtasida 2020 yil 9 oktyabrda imzolangan shartnomaga binoan 10 kVli 42 ta yacheyka podstansiya hududiga keltirildi. Qurilish-montaj ishlari “4-sonli montaj boshqarmasi” AJ tomonidan olib borilib, III va IV seksiyalarga mo‘ljallangan 20 ta yacheykalar montaj qilindi, sozlash-ta’mirlash ishlari yakunlandi.

Natijada 1 fazali 2 ta ZROM-10 kV va unga tegishli boshqaruv paneli hamda TMG-1000/10 U1 tipidagi transformator o‘rnatildi. 4 ta 110 kV elegaz o‘chirgichlar va 44 ta 110 kV ajratgichlar almashtirildi. 17 ta himoya panellari montaj qilindi.

Quvvati 200 MVA bo‘lgan transformatorda montaj va sozlash ishlari yakunlanib, joriy yilning 27 avgustida ishga tushirildi. Xuddi shu kabi “Traktorsoz” podstansiyasida quvvati 10 MVAli transformator quvvati 125 MVAli transformatorga almashtirilib, foydalanishga topshirildi.

“Ozodlik” podstansiyasi qaysi manzillarga elektr energiyasini uzatib beradi?

– “Ozodlik” podstansiyasi Toshkent shahri va Toshkent viloyati aholisi hamda ishlab chiqarish korxonalarini sifatli elektr energiyasi bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Podstansiyaga “Keles” va “Feruz” (Sirdaryo viloyati) podstansiyalaridan L-K-F-1 va L-K-F-2220 kV kuchlanishli tarmoqlar orqali elektr energiya kirib keladi.

Bu yerda 18 nafar xodim mehnat qiladi. Dispetcherlik xizmati podstansiya ma’muriy binosining birinchi qavatida joylashgan bo‘lib, navbatchi muhandis va navbatchi elektromontyorlar o‘rnatilgan tartibda navbatchilik qiladi.

– “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filialida ishchi-xodimlar uchun qanday qulayliklar yaratilgan?

– Har bir ishning sifatli va unumli bo‘lishi uchun, avvalo, ishchi-xodimga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratilishi zarur, deb o‘ylayman. Ularning samarali ishlashida sharoit va e’tibor juda muhim.

Shu talablardan kelib chiqib, filial jamoasi va podstansiyalarda mehnat qilayotgan ishchi-xodimlarga barcha qulaylik yaratilgan. Mana, kuni kecha “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan uyushtirilgan press-tur hamda matbuot anjumani doirasida ommaviy axborot vositalari vakillari “Toshkent shahar magistral elektr tarmoqlari” filiali ma’muriy binosi va “Ozodlik” podstansiyasida bo‘lib, jamoamiz bilan muloqot qildi hamda bu yerda yaratilgan mehnat sharoitlari bilan yaqindan tanishdi.

Poytaxtimizning Yunusobod tumanida joylashgan filial binosi avvallari tashlandiq joy bo‘lgan. Ochig‘i, bu binoni shu holatga keltirish oson bo‘lmagan. Zamonaviy bunyod etilgan ushbu binoda jamoamiz uchun zarur sharoit yaratilgan. Qolaversa, filial binosi hovlisida tennis kortlari qurilgan. Bu yerda filial ishchi-xodimlari va ularning farzandlari tennis bilan shug‘ullanadi, qolaversa, muntazam ravishda turnirlar o‘tkaziladi.

Albatta, filial va uning podstansiyalarida amalga oshirilayotgan ishlar xalqimiz va iste’molchilarga barqaror elektr energiyasini ta’minlashga qaratilgan. Ana shunday elektr manbaini zarur manzillarga uzatishda murakkab tizim va liniyalarda kechayu kunduz ishlayotgan jamoamizning sharafli va mashaqqatli mehnati borligini qayta-qayta ta’kidlagim keladi.

O‘zA muxbiri

Nasiba ZIYODULLAEVA suhbatlashdi.

Manba: https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

 

>