Yangiliklar
“O‘zbekneftgaz” AJ gaz konlarida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari kamayishi kuzatilmoqda. Uning hajmlarini oshirish yuzasidan zarur choralar ko‘rilmoqda
  • 03.12.2022
  • 217

“O‘zbekneftgaz” AJga qarashli gaz konlarida tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlari yildan-yilga kamayib borayotgani kuzatilmoqda.

Misol uchun, 2021-yilda belgilangan rejaga nisbatan 200 mln metr kub kam tabiiy gaz qazib chiqarilgan, 2022-yilning 11 oyida rejaga nisbatan 5 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarildi.

Jamiyatga qarashli gaz konlarida rejaga nisbatan sutkasiga o‘rtacha 7,1 foizga kam tabiiy gaz qazib chiqarilmoqda. Buning asosiy sabablari gaz konlarida tabiiy gaz zaxiralarining kamayib borayotganligi va konlarda avariyalar kelib chiqayotganligidir.

Bugungi kunda ko‘rilayotgan choralarga qaramasdan havo haroratining keskin sovib ketishi sababli quvurlarda gaz bosimining pasayishi kuzatilmoqda. Qazib chiqarilayotgan tabiiy gaz to‘liq ichki isteʼmol uchun, xususan aholi va ijtimoiy soha obyektlari hamda issiqlik elektr stansiyalariga yo‘naltirilmoqda.

Bundan ko‘zlangan maqsad – birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini (maktabgacha taʼlim tashkilotlari, maktab, o‘quv yurtlari, shifoxonalar va boshqalar) energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash hisoblanadi.

Hozirgi kunda tabiiy gaz qazib chiqarish hajmlarini oshirishning zarur chora-tadbirlari ishlab chiqilmoqda. Shu munosabat bilan isteʼmolchilardan ushbu holatni to‘g‘ri tushungan holda energiya resurslaridan imkon qadar oqilona va tejamkorlik bilan foydalanishlarini so‘raymiz.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

▶️@minenergy_uz

Manba: https://t.me/minenergy_uz/6508

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>