Yangiliklar
AFG‘ONISTONNING «DABS» SHIRKATI BILAN HAMKORLIK IMZOLANGAN SHARTNOMA SHARTLARIGA MUVOFIQ AMALGA OSHIRILMOQDA
  • 22.04.2020
  • 780

  Yaqinda ayrim xorijiy OAVlarda «O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr uzatish ta'minotini uzish bilan tahdid qilmoqda» nomli xabar-ma'lumotlar e'lon qilindi. Unda aytilishicha, Afg‘onistonning «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS) elektr tarmoqlari kompaniyasi bosh direktori Omonulloh G‘olib: «Koronavirus pandemiyasi paytida ba'zi odamlarning, hatto davlat idoralarining qarzlari bo‘yicha to‘lov amaliyotlari oxirgi moliyaviy chora darajasiga ko‘tarilmoqda, bu esa o‘z ortidan og‘ir iqtisodiy-moliyaviy qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda» deb bayonot bergan.

  Mazkur xabarda Afg‘oniston Islom Respublikasida, boshqa qator mamlakatlarda kuzatilayotgani kabi, bir qator iqtisodiy-ijtimoiy qiyinchiliklarga duch kelayotgani tilga olinadi. Jumladan, import amaliyoti tufayli uzluksiz qabul qilinib, iste'mol qilinayotgan elektr energiyasi uchun to‘lovlarni mamlakatning yirik davlat tashkilotlari va sanoat korxonalari o‘z vaqtida amalga oshirolmay qolgani, «DABS» shirkati esa ularga elektr ta'minotini uzib qo‘yish bilan ogohlantirish kiritgani tilga olingan (gugl-tarjimon orqali o‘rganilgan ma'lumotlarga ko‘ra).

  Shu bilan birga, Afg‘oniston elektr ta'minoti shirkati bir qator qo‘shni davlatlarga, shu jumladan O‘zbekistonga ham elektr energiyasi evaziga qarzdor ekanligi haqida ma'lumot berib o‘tgan. Ammo xabarlar sarlavhasiga chiqarilganidek, ma'lumotlar matni tarkibida O‘zbekiston Afg‘onistonga elektr uzatish bilan tahdid qilgani haqida ma'lumotlar yo‘q.

  Yuqoridagilarni hisobga olib, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati mazkur masala yuzasidan rasmiy bayonot beradi:

  O‘zbekiston Respublikasi va Afg‘oniston Islom Respublikasi hukumatlararo kelishuvga asosan, «Da Afghanistan Breshna Sherkat» (DABS)  va «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ o‘rtasida 2019-yil 25-dekabrda imzolangan shartnomaga muvofiq elektr energiyasi O‘zbekiston Respublikasidan Afg‘oniston Islom Respublikasiga muntazam ravishda yetkazib berilmoqda (Afg‘onistondagi texnik nosozliklar tufayli sodir bo‘lgan uzilishlar bundan mustasno).

Manba: uzbekistonmet.uz/uz

Manba: uzbekistonmet.uz/uz 

  Ayni paytda «DABS» shirkatining 2020-yil mart oyidagi yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ oldida shartnomaviy qarzi mavjud. Shu munosabat bilan, Aksiyadorlik jamiyati ma'muriyati tomonidan O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi orqali «Da Afghanistan Breshna Sherkat» nomiga 2020-yil 17-aprelda rasmiy murojaat yuborilgan bo‘lib, unda imzolangan  shartnoma yuzasidan to‘lovlarni o‘z vaqtida amalga oshirish choralarini ko‘rish masalasi so‘ralgan. Agar 2020-yil 26-aprel sanasigacha to‘lovlar belgilangan tartibda amalga oshirilmasa, shartnomaning ayrim bandlariga muvofiq peniyalar (jarima ustamalari) qo‘shib hisoblanishi eslatib o‘tilgan.

  Demak, yuqorida keltirilgan dalillardan ayon bo‘ladiki, O‘zbekiston Respublikasi Afg‘oniston Islom Respublikasiga, aniqrog‘i  «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tomonidan «Da Afghanistan Breshna Sherkat» kompaniyasiga elektr energiya eksporti amaliyotini to‘xtatib qo‘yish bilan tahdid etilmagan. Barcha hamkorlik aloqalari imzolangan shartnoma bandlariga muvofiq tarzda amalga oshirilmoqda va unda turli moliyaviy qiyinchiliklar yoki boshqa nazarda tutilmagan holatlar paytida inobatga olinadigan ayrim (fors-major) shartlar ham mavjud.

  Ma'lumot o‘rnida: «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati yuqori kuchlanishli elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi tashkilotlardan hududiy elektr korxonalariga transportirovka qilish, elektr energiyasi importi va eksporti masalalari bilan shug‘ullanadi.

  Jamiyatning eksport amaliyotlaridan tashqari elektr energiyasi importi yuzasidan ham to‘lov majburiyatlari mavjud bo‘lib, iste'mol qilingan energoresurslarga o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirish — elektr ta'minoti korxonalarining barqaror faoliyatini ta'minlovchi birinchi omil hisoblanadi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

>