Yangiliklar
Turkiya va Xitoyning yirik energetika kompaniyalari O‘zbekistonda yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini quradi
  • 27.12.2022
  • 411

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” AJ tomonidan Toshkent va Sirdaryo viloyatlarida yuqori kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha o‘tkazilgan xalqaro tender savdolari yakunlanib, g‘olib kompaniyalar aniqlandi.

 

 


Unga ko‘ra, Turkiyaning “ŞA-RA ENERJĪ Īnşaat, Ticaret ve Sanayi A.Ş.” kompaniyasi 31,89 mln AQSH dollari miqdoridagi taklif etilgan narx bilan uzunligi 213 km bo‘lgan 220 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha g‘olib deb topildi.

Shuningdek, Xitoy Xalq Respublikasining “Xian Electric Engineering Co., Ltd” kompaniyasi 14,68 mln AQSH dollari miqdoridagi taklif etilgan narx bilan uzunligi 72 km bo‘lgan 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmoqlarini qurish bo‘yicha g‘olib deb topildi.

 

 

G‘olib kompaniyalar bilan muzokaralar o‘tkazilib, 2022-yil 23-dekabr kuni shartnomalar imzolandi.

Loyiha Jahon banki tomonidan moliyalashtirilgan bo‘lib 2022 – 2024 yillarda amalga oshirilishi belgilangan.

Loyiha Sirdaryo va Toshkent viloyatlari hamda Toshkent shahrining elektr energiyasi ta’minoti ishonchliligi oshirilishiga, energotizimning Toshkent qismida magistral elektr tarmoqlari yuklamalarini kamayishiga va ularning o‘tkazuvchanlik qobiliyatini kelgusidagi talablarga mos holda bo‘lishiga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur loyiha Prezidentimizning 2022-yil 3-fevraldagi “Jahon banki ishtirokida “Elektr energetika sektorini transformatsiya qilish va barqaror elektr uzatish” loyihasini amalga oshirish hamda respublika magistral elektr tarmoqlari tizimini rivojlantirish va uning samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ-113-son qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2433

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>