Yangiliklar
XAVFSIZLIK TEXNIKASI MASALASIGA BEPARVOLIK, LOQAYDLIK VA E'TIBORSIZLIK — ENERGETIKLARNING BIRINCHI RAQAMLI DUSHMANI
  • 19.05.2020
  • 5168

  Barchamizga ma'lumki, elektr energiyasi ta'minoti tizimi murakkab texnik-muhandislik amaliyoti bo‘lib, u ishlab chiqarish, yuqori hamda past kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalari orqali yetkazib berish va iste'molchilarga taqsimlash jarayonlarini o‘z ichiga oladi.

  So‘ngi vaqtlarda energotizimda turli xil jarohatlanishlar va baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida ayrim ishchi-xodimlarning nogiron bo‘lib qolishi yoxud ularning bevaqt vafot etishi bilan bog‘liq ko‘ngilsiz voqyea-hodisalar kuzatilmoqda. Ushbu holatlarning kelib chiqish sabablari va voqea-hodisa yuz bergan joyidan batafsil ma'lumotlar zudlik bilan tashkilot ma'muriyatiga yetkazilishi yo‘lga qo‘yilgan. Ammo bo‘lib o‘tgan ko‘ngilsiz hodisalarni tahlil etishdan uning oldini olish uchun profilaktika ishlarini olib borish muhimroq. Voqea joyidagi tahlillar ham aynan o‘sha xavfsizlik texnikasi va hayot xavfsizligi qoidalariga rioya etilishi jarayonini ta'minlash va nazorat qilish uchun xizmat qiladi.

  Korxona rahbarlari, ayni paytda bosh muhandis va ushbu yo‘nalish mutaxassislari texnika xavfsizligi holatlarni joylarda izchil o‘rganishi va sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan holatlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun chora-tadbirlar ishlab chiqishlari zarur. Afsuski, ba'zi soha tashkilotlari mas'ullari hayot va xavfsizlik texnikasi masalasiga jiddiy e'tibor bilan qarashmaydi. Bu holatni elektr energiyasi ta'minotida bevosita ishtirok etuvchi ishchi-xodimlarning xatti-harakatlarida ham kuzatish mumkin. Bunday sovuqqonlik inson hayotiga xavf solib, ta'minot barqarorligiga putur yetkazishi hech gap emas. Demak, xavfsizlik texnikasi masalasiga beparvolik, loqaydlik va e'tiborsizlik energetiklarning birinchi raqamli dushmani hisoblanadi.

  Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, energetika umumtizimida baxtsiz hodisalar kelib chiqishining asosiy sababi xavfsizlik texnikasi qoidalariga rioya qilmaslik, yanayam aniqrog‘i — bilimsizlik.

 Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi... Xo‘sh, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida texnika xavfsizligi qoidalariga rioya qilish, jumladan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislarni xavfsizlik asbob-anjomlari bilan ta'minlash masalasi qay ahvolda?

  Avvalo, «O‘zbekiston MET» AJ tashkil etilgandan buyon (2019-yil 27-mart, PQ-4249-sonli qaror) oqibati o‘lim bilan tugagan baxtsiz hodisa qayd etilmaganini ta'kidlash joiz. 220–500 kVli yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari va podstansiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi mutaxassislar xavfsizlik asbob-anjomlari bilan to‘liq ta'minlangan.

  Jamiyat tomonidan barcha korxonalarga xavfsizlik texnikasi va texnik ekspluatatsiya qoidalari broshyura shaklida tarqatilgan. Biroq barcha joylarda kuzatilgani kabi bu borada inson faktori yotadiki, xavfsizlik qoidalariga barcha ishchi-xodimlar to‘liq amal qilmoqda, deb bo‘lmaydi. Ochig‘ini tan olish kerak, xavfsizlik qoidalariga asosan texnik ta'lim amaliyotlari joylarda to‘g‘ri tashkillashtirilmagan yoki shunchaki hisobot uchun yuzaki o‘tkazilmoqda. Buning oqibatida ayrim ishchi-xodimlarimizning bilim saviyasi pasayib ketmoqda.

  Baxtsiz hodisalar kelib chiqishining yana bir asosiy sabablaridan biri — bu himoya vositalaridan foydalanmasdan belgilangan vazifalarni bajarish.

  Ma'lumki, sohada yuklatilgan vazifaning bir martalik yo‘riqnomasi tizimi (naryad sistemasi) yo‘lga qo‘yilgan bo‘lib, uni rasmiylashtirilishida ishlarni xavfsiz olib borish uchun ma'sul shaxslar tayinlanadi. Ma'lum bir vazifaga yuborilayotgan xodim xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yo‘riqnoma bilan tanishgan holda sinov imtihonlaridan o‘tib kelayotgan mutaxassis bo‘ladi. U zarur himoya vositalari bilan ta'minlangan bo‘ladi.

Xo‘sh, unda baxtsiz hodisa kelib chiqishiga qanday omillar ta'sir ko‘rsatishi mumkin?

  Demak, yuqorida ta'kidlanganidek, inson omili faktori — qoidalarga ongli ravishda amal qilmaslik, jarayon ustidan nazoratning sustligi, mas'ullarning e'tiborsizligi va o‘z vazifalariga sovuqqonlik bilan qarayotgan xodimlarning yo‘l qo‘ygan xatolari.

  Bu xususiy sabab omillari. Umumiy sabab esa — bilimsizlik, xavfsizlik texnikasi qoidalari talablarini bajarmaslik, texnik darslarda ishtirok etmaslikdir.

Xo‘sh, bunday xodimlarga nisbatan qanday choralar ko‘rish mumkin?

  Mehnatni muhofaza qilish to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi qonunining 22- va 23-moddalarida ish beruvchi hamda ishchi-xodimlarning mehnat muhofazasidagi huquq va majburiyatlari belgilangan.

  Unga ko‘ra,

-  ishchi xodim tibbiy ko‘rikdan o‘tmagan bo‘lsa;

-  xodim mehnatni muhofaza qilish bo‘yicha o‘qimagan yoxud malakasini oshirmagan bo‘lsa,

 ish beruvchi ushbu xodim zimmasiga vazifa yuklashi, uni ish joyiga qo‘yishi taqiqlanadi!

  Ish beruvchi barcha zaruriy sharoitlarni tashkillashtirsa-yu, ammo xodim beparvolik bilan xavfsizlik texnikasi qoidalari va boshqa ichki tartib-qoidalarni buzsa, uni ishdan chetlashtirishga haqli. Bu so‘nggi rasmiylashtiriladigan chora. Bungacha xodim tomonidan zimmasidagi vazifalar buzilishi muntazam ravishda davom etsa, ish beruvchi tomonidan intizomiy chora qo‘llanishi, xayfsan e'lon qilishi, belgilangan mukofot va ustama to‘lovlaridan mahrum etilishi, maoshining ma'lum miqdori jarima sifatida ushlab qolinishi mumkin. Mazkur jarayonlar tushuntirish xatlari va boshqa hujjatlar orqali qayd etib borilishi lozim. Agar shunda ham xodim xavfsizlik qoidalariga rioya qilmasa, Mehnat kodeksiga binoan imzolangan mehnat shartnomasi bekor qilinadi.

  Shuni alohida ta'kidlash joizki, ko‘riladigan intizomiy va ma'muriy choralardan maqsad biror xodimni jazolash yoki ishdan bo‘shatish bilan cheklanish emas, balki uning hayoti, oilasining esa tinchligini saqlab qolishdan iborat.

  Bugungi pandemiya sharoitidagi karantin vaqtida xodimlardan gigiena-sanitariya tartiblariga amal qilgan holda xavfsizlik texnikasi qoidalari, mehnat muhofazasi va texnik ekspluatatsiya qoidalari bilan yana bir bor tanishib chiqish so‘raladi. Energetika sohasida, xususan yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlari hamda podstansiyalarga xizmat ko‘rsatish chog‘ida turli baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun xavfsizlik qoidalarini yaxshi o‘zlashtirish va unga amal qilish muhim ahamiyatga ega.

Zoir Atayev, «O‘zbekiston MET» AJ Mustahkamlik va xavfsizlik texnikasi xizmati boshlig‘i

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

   t.me/uzmetaxborotxizmati

>