OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — Prezident qarori yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish kafolati (+video)
  • 17.02.2023
  • 195

Bugungi kunda tabiiy gaz va elektr energiyasiga bo‘lgan talab kundan kunga oshib bormoqda. Energoresurslarga talabning oshib borishi mavjud muammolarni tezkor yechish masalasini ham kun tartibiga dolzarb vazifa sifatida qo‘ymoqda. Energiya ta’minotining barqaror faoliyati, unda tegishli tartibda nazorat yuritish, albatta, energiya samaradorligi va tejamkorligi masalalari bilan chambarchas bog‘liq va mavjud muammolar yechimidagi muhim omillardan biri hisoblanadi.

Ushbu mavzuga oid savollar bilan biz “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Axborot xizmati rahbari Ulug‘bek Urunovga yuzlandik.

– Ushbu tashkilotning matbuot kotibi sifatida turkum maqolalaringiz bilan ommaviy axborot vositalarida faol qatnashasiz. Ham ijodkor, ham jurnalist sifatida energiya samaradorligi va tejamkorligi masalalarida o‘z fikrlaringizni bayon qilib kelasiz. bugungi kunda energiya samaradorligi va tejamkorligining muhim omillari nimalarga bog‘liq?

– Darhaqiqat, energiya samaradorligi va tejamkorligi, yuqorida ta’kidlanganidek, energiya resurslar ta’minotining barqaror faoliyati, unda tegishli tartibda nazorat yuritishda muhim ahamiyatga ega masalalardan biri. Ayniqsa, 2022/2023-yil kuz-qush mavsumidagi elektr ta’minotidagi uzilishlar, tizim barqarorligini saqlash uchun zarur chora sifatida cheklovlar kiritilishi, generatsiya jarayonida yoqilg‘i tanqisligi, gaz quvurlarida bosimning keskin tushib ketishi va boshqa yuzlab ta’sir omillari natijasida yuzaga kelgan nosozliklar bu mavzuning dolzarbligini yanada oshirdi.

Deylik, energiya resurslari ta’minoti katta soha bo‘lsa, bu masalani uning kichik tarmog‘i, ammo muhim omili sifatida ko‘rishimiz kerak. Shu sababli, xalqimizning iste’mol madaniyatini oshirishda energiya samaradorligi va tejamkorligi masalasiga ko‘proq to‘xtalib, jamoatchilik e’tiborini tortishimiz – har jihatdan maqsadga muvofiq.

 

– O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 13-fevral kuni qabul qilingan “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bugunning yanada dolzarb masalasiga e’tibor qaratdi. Shu o‘rinda mazkur qaror mazmun-mohiyati va unda belgilangan ustuvor vazifalar nimalardan iborat?

– Davlatimiz rahbarining mazkur qarori ayni paytda juda dolzarb bo‘lgan masalalarni qamrab olgan. Qaror mazmunida yuzaga kelgan muammolarning yechimi sifatida muhim topshiriqlar berilgan. Sohada davlat nazorati samaradorligini oshirish ham bevosita energiya tejamkorligi masalalarini o‘z ichiga qamrab oladi.

Shu paytga qadar Energetika vazirligi tizimida ikki yo‘nalishda inspeksiya, aniqrog‘i “O‘zenergoinspeksiya” hamda “O‘zneftgazinspeksiya” nazorat tashkilotlari faoliyat yuritar edi. Prezidentimizning 2022-yil 21-dekabrdagi farmoni bilan bu ikki inspeksiya birlashtirilib, Energetika vazirligi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi (“O‘zenergoinspeksiya”) tashkil etildi. Yangi tashkil etilgan nazorat inspeksiyasining davlat byudjeti hisobidan moliyalashtiriladigan jami boshqaruv shtat birliklari soni 357 ta, shu jumladan, “O‘zenergoinspeksiya” boshlig‘i o‘rinbosarlarining soni 2 nafar etib belgilandi.

“O‘zenergoinspeksiya”ga qanday ustuvor vazifalar belgilangan, degan savolga javob beradigan bo‘lsak, bu tashkilot yuridik va jismoniy shaxslar tomonidan yoqilg‘i-energiya resurslarini ishlab chiqarish, qayta ishlash, uzatish, taqsimlash va iste’mol qilish, ularning sifat va miqdor jihatidan saqlanishini ta’minlash sohasidagi qonunchilik hujjatlari hamda texnik jihatdan tartibga solish bo‘yicha normativ hujjatlar talablariga rioya qilinishi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi. Shuningdek, elektr, gaz uzatish va gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish, yoqilg‘i-energiya resurslarini talon-taroj qilish va noqonuniy iste’mol qilishning boshqa holatlarini, shuningdek, ularni sodir etishga imkon beruvchi sabab va shart-sharoitlarni aniqlashni bartaraf etadi va oldini oladi.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini hamda energiya samarador va energiya tejovchi zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish, shuningdek, energiya resurslarini iste’mol qilish samaradorligining monitoringini olib boradi. O‘z navbatida, yoqilg‘i-energiya resurslaridan oqilona va samarali foydalanishni ta’minlash bo‘yicha iste’molchilar tomonidan bajariladigan chora-tadbirlarning energiya samaradorligini baholash kabi bir qator vazifalar ham ushbu tashkilot zimmasiga yuklatildi.

“O‘zenergoinspeksiya” O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi qarorlari asosida davlat organlari va tashkilotlari tomonidan qayta tiklanuvchi energiya manbalarining qurilmalari o‘rnatilishini nazorat qiladi va belgilangan ko‘rsatkichlarning bajarilishi ta’minlanmagan taqdirda, ularning mansabdor shaxslariga nisbatan choralar ko‘rish bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritib boradi.

Mazkur qarorning yana bir ahamiyatli jihati shundaki, Bosh prokurorning yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida qonunchilikka rioya etilishi va uning ijrosi ustidan nazoratni amalga oshirishga mas’ul bo‘lgan o‘rinbosari lavozimi joriy etildi. Bosh prokuror o‘rinbosari “O‘zenergoinspeksiya” zimmasiga yuklangan vazifa va funksiyalarni bajarishga amaliy yordam ko‘rsatadi. Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti faoliyatini muvofiqlashtiradi.

Tom ma’noda aytish mumkinki, ushbu qaror yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirishda yanada jiddiy qadam bo‘ldi, deb o‘ylayman.

– Ma’lumki, energetika sohada o‘sib borayotgan ehtiyojni qoplash maqsadida “yashil energetika”ni rivojlantirishga ham katta qadamlar qo‘yildi. Xususan, yirik quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu kabi loyihalarni amaliyotga tatbiq etish samaradorlikka erishishda qanday ahamiyat kasb etadi?

– Juda o‘rinli savol. “Yashil energiya” manbalari salmog‘ini oshirishga doir yirik loyihalarning tamal toshi 2016-2017-yillar qo‘yilgan. Xalqaro ekspertlar jalb etilgan holda o‘nlab loyihalar bo‘yicha xorij kompaniyalari va xalqaro moliya institutlari bilan o‘zaro kelishuv bitimlari imzolangan. So‘nggi yillar kesimida amalga oshirish bo‘yicha investitsion dasturlar ishlab chiqilgan. Jumladan, Taraqqiyot strategiyasi, ya’ni davlat dasturlarida ham bu loyihalar iqtisodiyotning muhim omili sifatida aks ettirilganini ko‘rishimiz mumkin. Aniq faktlarga to‘xtaladigan bo‘lsak, so‘nggi to‘rt yilda umumiy quvvati 2897 megavattga ega bo‘lgan quyosh va shamol elektr stansiyalarini qurish bo‘yicha xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlikda 10 ta bitim imzolangan. Ushbu loyihalarni amalga oshirish uchun davlatimiz rahbarining 10 ta qarori imzolanib, ijroga yo‘naltirilgan. Bu loyihalar umumiy qiymati qariyb 3 milliard dollarni tashkil etib, ularning barchasi xorijiy kompaniyalar tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya hisobiga amalga oshiriladi.

Misol uchun, 2021-yilda Navoiy viloyatining Karmana tumani va Samarqand viloyatining Nurobod tumanida 100 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalari ishga tushirildi. Hozir ular o‘z faoliyatini olib borib, elektr energiyasi umum tizimiga o‘z mahsulotini sotib, “yashil energiya” manbasidan iste’molchilar foydalanib kelishmoqda.

Xuddi shunday loyihalar 2023-2024-yillarga mo‘ljallangan bo‘lib, umumiy quvvati 1197 megavattga ega bo‘lgan 5 loyiha ikki yil davomida amalga oshiriladi. Jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak, Surxondaryo viloyatining Sherobod tumanida, Jizzax viloyatining G‘allaorol tumanida, Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on va Navoiy viloyatining Nurota tumanida quyosh va shamol elektr stansiyalari foydalanishga topshiriladi.

2024-2025-yilarda Buxoro viloyatining Peshku va G‘ijduvon tumanlari hamda Navoiy viloyatining Tomdi tumanida har birining quvvati 500 megavatt bo‘lgan 3 yirik shamol elektr stansiyasi quriladi va foydalanishga topshiriladi. Bundan tashqari, 2026 va 2030-yilga mo‘ljallangan yirik loyihalar ham bor. Ular bevosita “yashil energetika” salmog‘ini oshirishga xizmat qiladi.

 

Shu o‘rinda bir narsani alohida ta’kidlash kerakki, ayni paytda O‘zbekiston Respublikasida an’anaviy va muqobil turdagi elektr energiyasini ishlab chiqarish nisbatida – qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salmog‘i nisbatan juda kam. Ilgari 10-12 foiz bo‘lgan gidroinshootlar salmog‘i oxirgi 5-10 yilda mintaqada kuzatilgan suv tanqisligi tufayli 7-8 foizga tushib qolgan edi. 2023-yilda gidroinshootlar salmog‘i keskin oshishi kutiladi, ham suv resurslari ko‘paygani, ham yangi loyihalar ishga tushishi hisobiga. Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida 2-3 ta loyihalar amalga oshirilgan. Asosan tabiiy gaz, ko‘mir va neft mahsulotlarini yoqish evaziga elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Yuqorida sanab o‘tilgan “yashil energiya” manbalari foydalanishga topshirilishi bilan 2026-yilgacha ularning umumiy salmog‘i 30 foizgacha ko‘tarilishi nazarda tutilgan. 2030-yilgacha qariyb qayta tiklanuvchi energiya manbalarining salmog‘ini 50 foizga yetkazish bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan tegishli topshiriqlar berilgan. Bu borada katta ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Bundan tashqari, Prezidentimiz tashabbuslari bilan kichik fotoelektr stansiyalari va shamol generatorlarini qo‘yish bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarga targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda. Davlat tashkilotlari, korxonalar va xususiy kompaniyalari o‘zining binosi tomida 5-10 kilovatt quvvatli fotoelektr stansiyalarini o‘rnatib bormoqda.

Jumladan, men faoliyat olib borayotgan “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tasarrufidagi 28 ob’ektga 500 kilovattli fotoelektr stansiyalarni qurish bo‘yicha tegishli tashkilotlar bilan shartnomalar imzolangan. Hozirgacha 7 ta binoga aynan shunday quyosh qurilmalari o‘rnatildi va bu jarayonlar davom ettirilmoqda. Bu esa, bizga xo‘jalik ishlari uchun sarflanadigan elektr energiyasining qariyb 30-40 foizini “yashil manba”lardan foydalanish imkonini yaratadi. Aytish mumkinki, bu ishlar tabiiy gazni iqtisod qilish va mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanishga keng yo‘l ochadi.

– Odatda, iste’molchi energoresurslar uchun pulini oldindan to‘lab qo‘yadi va undan bemalol foydalanadi.  Bu uning huquqi. Ayni paytda iste’molchilar bunday huquqdan to‘la-to‘kis foydalanishmoqda, deya aytolmaymiz. Ayting-chi, iste’molchilarning huquqidan tashqari yana qanday majburiyatlari bor? Bu majburiyatlar bajarilishi uning huquqlari himoya qilinishiga bog‘liqmi?

– Juda to‘g‘ri va o‘rinli savol. Savolingiz tarkibida mantiqli javobi ham bor. Iste’molchining qator huquqlaridan tashqari o‘ziga yarasha majburiyatlari ham bor, majburiyatlari – qaysiki, uning huquqlari poymol bo‘lmasligi uchun xizmat qiladigan. Albatta, elektr energiyasi uchun oldindan pul to‘lab qo‘yish – uni samarasiz, nokerak holatlarda ham ishlatish mumkin, degani emas.

Aynan noqonuniy ulanmalarga yo‘l qo‘ymaslik, hisoblagichlarga tashqi ta’sir ko‘rsatmaslik ham ularning majburiyatlaridan biri. Shuning uchun yuridik va jismoniy shaxslar bilan ta’minotchi korxonalar (“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ hamda “Hududgazta’minot”AJ) o‘rtasida imzolangan shartnomalarda iste’molchilarning bir qator huquqlari sanab o‘tilishi barobarida unga ma’lum majburiyatlar ham yuklatilgan bo‘ladi. Shulardan biri energiya samaradorligi va tejamkorligiga rioya qilish majburiyatidir. Bu majburiyat, o‘z o‘rnida, boshqa iste’molchilar manfaatini himoya qilish uchun xizmat qiladi. Davlat subsidiyasi evaziga narxi rivojlanayotgan iqtisodiyotga mo‘ljallab mo‘’tadillashtirilgan energoresurslardan iste’molchi oqilona foydalanishi shart. Energiya samaradorligi past va juda katta miqdordagi quvvat talab etuvchi elektr qurilmalaridan foydalanmasligi kerak. Xuddi shunday tabiiy gaz ta’minotida ham samarador gaz uskuna va jihozlaridan foydalanib, iste’molchilar xalqning umum mulki hisoblangan energoresurslarni tejashga mas’uldir. Ammo tejash – aslo foydalanilayotgan energoresursni tarmoqdan uzish emas, foydalanilmay turgan paytda tarmoqdan uzish va undan oqilona foydalanishdir.

Biz yaqinda O‘zbekiston Milliy axborot agentligi jurnalistlari bilan tonggi o‘rganishlarni olib bordik. Men ilgari yozgan “Tongni yoritgan chiroqlar” turkum o‘rganishlarining davomi sifatida. Energiya samaradorligi va tejamkorligi masalasi og‘riq nuqtalarimizdan biri. Chunki bunday holatlarni Markaziy Osiyo davlatlarida, ayniqsa, sobiq ittifoq respublikalarida nisbatan ko‘proq kuzatish mumkin. Rivojlangan xorijiy davlatlarda bu masalaga juda qattiq e’tibor beriladi va iste’molchi madaniyatining yuksak ko‘rinishi namoyon bo‘lgan. Ularda energoresurslar hech qachon behuda ishlatilmaydi. Bu elektr energiyasi, issiqlik yoki ichimlik suvi manbai bo‘lsin, ulardan oqilona foydalanish yaxshi odatga aylangan va bu jamiyat oynasi, oiladagi tarbiyaning bir bo‘lagiga aylanib ulgurgan.

 

Samaradorlikning yechimi sifatida tonggi o‘rganishlarda savdo do‘konlariga borib, harakatni va yorug‘likni ilg‘ovchi chiroqlarni ishlatish va ularning unchalik qimmat emasligi haqida iste’molchilarga ma’lumot berishni maqsad qilgan edik. Hatto savdo do‘konlariga kirib, kichik tadbirkorlardan bu chiroqlar energiya tejamkorligiga erishishda eng zarur vosita ekanini bildik. Ular yuridik va jismoniy shaxslar uchun ham birday qulayligiga amin bo‘ldik. Ya’ni, davlat tashkilotlari va idoralarga ushbu harakat va yorug‘likni sezuvchi chiroqlarni o‘rnatib chiqilsa, juda katta energiya samaradorligi va tejamkorligiga erishilib, ta’minotda nosozliklarning oldini olishga xizmat qiladi. Xuddi shunday suv nasoslarini zamonaviy kam quvvat talab qiladiganlari bilan eski, sovetlar davrida ishlab chiqarilganlari bilan qiyosladik. Farq  – osmon va yer qadar. Samara va tejash masalasi ham.

Bir misol keltiray, ofislarda tushlik paytida yoki biron ish bilan ko‘chaga chiqilganda ham kompyuter yoki elektr qurilmalarini o‘chirishga odatlanmaganmiz. Manbadan besamar foydalanib, elektr energiyasini, boshqa energoresurslarni ham behuda ishlatamiz. Albatta, bu barchamizning katta qusurimiz. Iste’molchining o‘zi emas, ishxonaning umumiy hisobidan to‘langanidan keyin, albatta, energiya tejamkorligiga befarq bo‘lishadi. Idoralar, tashkilotlar va sanoat korxonalarida ham harakatni ilg‘ovchi moslamalar o‘rnatilsa, energiya samaradorligiga ham, tejamkorlikka ham erishilgan bo‘lar edi.

Muxtasar aytganda, kuni kecha qabul qilingan Prezidentimizning “Yoqilg‘i-energiya resurslaridan foydalanish sohasida davlat nazorati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ushbu manbalardan oqilona foydalanish va uning nazoratini yanada kuchaytirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilanar ekan, demak, har bir shu yurt fuqarosi ushbu milliy manbani samarali va tejab ishlatish mas’uliyatini his qilish zarur, deb hisoblayman.

O‘zA muxbiri 

Nasiba ZIYODULLAYEVA suhbatlashdi

Manba: https://uza.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>