Kelib tushgan murojaatlar
Murojaatchi: «2019-yildan buyon (ishsizman) elektr tarmoqlari korxonasi kadrlar bo‘limiga qatnayman. 2023-yilda 40–50 marotaba bordim. Bo‘sh ish joyi yo‘q, deya qaytaradi...»
  • 17.02.2023
  • 174

Murojaat egasi: Eshanqulov Javlonbek Abdullayevich, Samarqand viloyati.

Elektron pochta: javlon.eshankulov.91@mail.ru

Murojaat mazmuni: Assalomu alaykum! Men Eshanqulov Javlonbek, Samarqand viloyatining Bulung‘ur tumanidanman. 2013–2017-yillarda Jizzax politexnika institutida o‘qidim. Mutaxassisligim — elektr energetik. 2018-yilda MIBda elektr va gaz bo‘yicha inspektor bo‘lib ishladim. 2019-yildan buyon ishsizman. Shundan buyon “Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi” AJ kadrlar bo‘limiga qatnayman. 2023-yilning shu davrigacha 40–50 marotaba bordim. Bo‘sh ish joyi yo‘q, deya qaytaradi. Vaholanki, “Bulung‘ur tuman elektr tarmoqlari” korxonasida 6–7 oy “stajirovka”da yurdim. Bo‘sh ish o‘rni bor. Murojatimni ijobiy hal qilishingizni so‘rayman, iltimos.

Murojaatga javob: Hurmatli fuqaro Javlonbek Abdullayevich! Sizning uzbekistonmet.uz veb-saytining «Murojaatlar» rukni orqali yuborgan murojaatingiz tegishli tartibda qabul qilindi.

Murojaatingizga javob o‘rnida, sizga shuni ma’lum qilamizki, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatining  elektron pochtalari orqali tegishli hujjatlaringizni, qaysi bo‘sh ish o‘rniga ishga kirish uchun yuborayotganingizni belgilab (shu bo‘sh ish o‘rniga ishga qabul qilish uchun qo‘yilgan talablarga muvofiq kelishingizni bilgan holda) yuborsangiz, u albatta Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasi mutaxassislari tomonidan o‘rganib chiqiladi.

Ma’lumot o‘rnida: «Onlayn rezyume» https://www.uzbekistonmet.uz/oz/appeal/resume.

MANZIL: Toshkent shahri, Yunusobod tumani, Osiyo ko‘chasi, 42-uy. Mo‘ljal: Yunusobod tumani hokimiyati. Murojaat uchun: 71-236-6615.

Veb-sayt: uzbekistonmet.uz

Elektron pochta: kadr_nes@uzbekistonmet.uz;  info@uzbekistonmet.uz.

Xodimlar bilan ishlash, kadrlarni tayyorlash va qayta tayyorlash boshqarmasidan murojaat: Tashkilotimiz magistral elektr tarmoqlari yo‘nalishi bo‘yicha (elektr energetika tarmog‘ida qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya, ta’mirlash-tiklash ishlari) faoliyat olib borgani bois, nomzodlar oliy ta’lim muassasalarining energetika yo‘nalishini bitirgan bo‘lishi talab etiladi.

Bo‘sh ish o‘rinlarini malakali kadrlar bilan to‘ldirish jarayoni shaffof bo‘lishini ta’minlash maqsadida, biz har oyda to‘plangan rezyume-obyektivkalarni jamlab, tegishli xizmat, bo‘lim va boshqarma boshliqlariga taqdim etamiz. Taqdim etilgan ma’lumotnomalar mutaxassislar tomonidan o‘rganilib, atroflicha ko‘rib chiqiladi. Tarjimai holdagi ma’lumot-ko‘rsatkichlar mutaxassislarga ma’qul kelsa, nomzod bevosita suhbatga chaqiriladi.

Suhbat Komissiya tomonidan o‘tkaziladi va uning ochiqligi hamda shaffofligini ta’minlash maqsadida suhbat jarayoni foto-video yozuvga yozib olinib, tafsilotlari rasmiy mediaresurslarda e’lon qilinadi. Shundan so‘ng bo‘sh ish o‘rni bo‘yicha rahbariyatga ushbu mutaxassisning nomzodini tavsiya etiladi va ishga qabul qilinadi.

Ma’lum bir bo‘sh o‘rinlariga hujjat topshirgan nomzodlar suhbatga chaqirilayotgani (sanasi va vaqti) Aksiyadorlik jamiyatining rasmiy-veb-sayti va uning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida e’lon qilib borilmoqda. E’tiborli bo‘ling va ijtimoiy tarmoq sahifalarimizga obuna bo‘lishni unutmang!

⇒ «Bo‘sh ish o‘rinlari» rukni https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/category/25

Batafsil ma’lumotlar quyidagi e’lon tarkibida yozilgan:

«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida mavjud bo‘sh ish o‘rinlariga ishga kirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga tavsiyalar:

https://www.uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/3441

Axborot xizmatidan tavsiya: Hurmatli fuqaro Adhambek Alisher o‘g‘li, murojaatni to‘liq va adabiy til qoidalariga muvofiq, imlo xatolarsiz yozishingiz — sizning qanday bilim-salohiyatga ega mutaxassis ekanligining birinchi omili bo‘lib xizmat qilishini unutmang.

Bundan tashqari, murojaat qilishdan oldin «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati hamda «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatlari alohida xo‘jalik yurituvchi tashkilotlar ekani, “Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi” AJ hamda Bulung‘ur tuman elektr tarmoqlari” korxonasi «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati tasarrufida emasligini e’tiborga olib, murojaatni «Hududiy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatiga yuborishingiz maqsadga muvofiq bo‘lar edi.

Aksiyadorlik  jamiyat uzbekistonmet.uz rasmiy veb-saytining «Bo‘sh ish o‘rinlari» ruknida barcha zarur ma’lumotlar mavjud. Har bir bo‘sh ish o‘rniga nomzodlar suhbat orqali, nomzodlarga qo‘yilgan talablarga mos kelishiga hamda Komissiya suhbatidan muvafaqqiyatli o‘tishiga qarab ishga taklif etiladi.

Unutmang, ishga kirishni istagan har bir nomzodning bilim-saviyasi o‘rganiladi va bu — xodimning salohiyati (ko‘rsatkichlari) mehnat samaradorligini belgilovchi birinchi omil sifatida e’tirof etiladi.

Qo‘shimcha ma’lumot: Aksiyadorlik jamiyatining uzbekistonmet.uz veb-sayti, bosh sahifasida O‘zbekiston Respublikasining xaritasi shaklida infografika ma’lumotnoma-jadvali joylashtirilgan bo‘lib, qaysi hududni belgilasangiz, o‘sha hududdagi Magistral elektr tarmoqlari filiali haqidagi ma’lumotlarni olish imkoniyatingiz paydo bo‘ladi. Ma’lumotnomada telefon raqamlari ham ko‘rsatilgan bo‘lib, mutaxassislar sizni qiziqtirgan savollarga javob berishadi.

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

t.me/uzmetaxborotxizmati

>