Yangiliklar
Xitoy kompaniyalari bilan navbatdagi 2000 MVt quvvatli quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha hamkorlik haqida kelishuv imzolandi
  • 18.02.2023
  • 282

O‘zbekiston Energetika vaziri boshchiligidagi delegatsiya a’zolarining Xitoy Xalq Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida bugun, 20-fevral kuni Jizzax va Toshkent viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVtga teng bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha “Huaneng renewables Corporation” va “Poly Technologies” kompaniyalar konsorsiumi bilan Hamkorlik haqida Kelishuv imzolandi.

Mazkur kelishuvga asosan ushbu kompaniyalar konsorsiumi tomonidan yurtimizga 2 mlrd dollar miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.

Ushbu quyosh fotoelektr stansiyalarining ilk quvvatlari joriy yil yakuniga qadar, 2024-yilda esa to‘liq quvvatlarda ishga tushirilishi rejalashtirilgan.

Buning natijasida yiliga 5 mlrd kVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, 1,3 mlrd kub metr tabiiy gaz tejalishiga erishiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 15-fevral kuni Qashqadaryo, Buxoro va Samarqand viloyatlarida umumiy quvvati 2000 MVt bo‘lgan quyosh fotoelektr stansiyalarini qurish bo‘yicha Xitoyning “CEEC ENERGY CHINA” kompaniyasi bilan anglashuv memorandumi imzolangan edi.

Energetika vazirligi Matbuot xizmati

▶️@minenergy_uz

Manba: https://t.me/minenergy_uz/7331

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>