OAV va jamoatchilik bilan ishlash
kun.uz — Andijonda tadbirkorlar, Navoiyda esa aholi quyosh paneli o‘rnatishga majburlanmoqda
  • 15.02.2023
  • 148

Yanvar oyida kuzatilgan anomal sovuq mas’ullarni keyingi qishni hozirdan o‘ylashga majbur qildi: elektr energiyasi taqchilligi va kutilmagan avariya holatlariga yechim sifatida quyosh elektr stansiyalari ko‘rilyapti. Budjet tashkilotlariga quyosh paneli va issiq suv kollektorini o‘rnatish majburiyati yuklanmoqda. Ammo buning ortidan joylarda aholi va tadbirkorlarni ham quyosh paneli o‘rnatishga majburlash kampaniyasi boshlab yuborildi.

 

Foto: Kun.uz

Ijtimoiy tarmoqlarda Andijon viloyatida tadbirkorlar, Navoiy viloyatida esa aholi quyosh panellari o‘rnatishga majburlanayotgani haqidagi xabarlar paydo bo‘ldi. Bunday majburlovlar aholining haqli e’tiroziga sabab bo‘lmoqda.

«Tovuqni ham boyib ketasizlar deb sotishgandi...»

Jurnalist Ruslan Saburov Navoiy viloyatida aholi, budjet tashkilotlarida ishlovchilar, xususan o‘qituvchilar kredit evaziga o‘z xonadoniga quyosh panellari o‘rnatishga majbur qilinayotgani haqida yozdi:

«Karmana tumani Malik mahallasida barcha uylarning tomiga quyosh panellari o‘rnatish bo‘yicha topshiriq berilibdi. Uylar tashkilotlarga taqsimlanibdi. Ular esa majburlovchi rolini bajarishmoqda. 

Umuman olganda, quyosh panellari yomon narsa emas, yashil energiya. Har bir xonadon o‘zini o‘zi elektr energiya bilan ta’minlasa, buning nimasi yomon, shunday emasmi? Faqat sallani olib kel desa, kallani olib borish kerak emas.

Hozirgina «Mikrokreditbank» Karmana tumani filiali vakili qo‘ng‘iroq qilib qoldi. Bizning uy ushbu tashkilotga biriktirilgan ekan. Kredit beramiz, dadangiz ko‘nmayapti, tushuntiring, deydi. Kredit kerak emas, imkon bo‘lganida o‘zimiz qo‘yib olamiz, dedim. Yo‘q, ko‘nmaydi. «Bizni ham majburlashyapti-da, viloyat hokimligidan, tuman hokimligidan», deydi.

Nima emish, kredit olib tomga quyosh paneli o‘rnatishimiz kerak ekan. Kredit olmasdan o‘rnataman, desam, 2 kunda o‘rnatasizmi, deydi yana. Asta masalaning ichiga «mo‘ralasam», o‘rnatib beruvchilar ham tayyor ekan...

Bilaman, bank xodimida ayb yo‘q, u topshiriqni bajaryapti. Viloyat va tuman hokimligida shu topshiriqni berib, majburlayotganlarga e’tiroz tug‘iladi-da, beixtiyor.

Birinchidan, mahalladagi hamma xonadon bunga tayyormi, degan savol atrofida o‘ylab ko‘rish kerak: mazkur mahalladagi barcha oilalarning iqtisodiy imkoniyati bir xil emas, ishsizlar, ehtiyojmandlar, og‘ir ahvoldagilar bor. Yelkasiga kredit ilib qo‘yish ularning ahvolini yanada og‘irlashtiradi.

Ikkinchidan, mahalladagi barcha ham budjet tashkilotida ishlamaydi. Kredit rasmiylashtirish uchun uning qaytish manbasi ham bo‘lishi kerak. Ura-urada xolasining o‘g‘li-yu, ammasining jiyani nomiga rasmiylashtirilib tashlangan kreditlar vaqt o‘tib bankka ham, o‘sha xonadonga ham boshog‘rig‘i bo‘ladi.

Uchinchidan, nega aynan bitta o‘rnatib beruvchi tiqishtirilyapti? Oldin shunaqa xizmat ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlarini ko‘paytirib qo‘yish kerak, narx va sifat masalasida tanlash imkoniyati bo‘lsin.

To‘rtinchidan, 2 kunda degan talab butkul noto‘g‘ri. Oldin namuna sifatida 3-4 xonadonga qo‘yib, uning samarasini isbotlab beringlar odamlarga. Eng to‘g‘ri tushuntirish shunaqa bo‘ladi, odamlar ko‘zi bilan ko‘rsa ishonadi. Birdaniga borib, topshiriq bo‘ldi, kredit olasiz va tomga quyosh paneli o‘rnatasiz, deyish noto‘g‘ri.

Beshinchidan, oddiy odamda ham hisob-kitob bo‘ladi: 25 mln so‘m atrofida kredit beramiz deyapti, uning foizi ham bor. Xo‘p, o‘sha 25 mln so‘mlik quyosh paneli qancha elektr energiya bera oladi? U yetkazib bergan elektr energiyasi bilan qancha uy jihozlarini ishlatsa bo‘ladi? Kafolat muddati qancha?

Tovuqni ham boyib ketasizlar deb sotishgandi, o‘zlari boyib ketdi...»

“Hokimlar o‘z uyiga o‘rnatib, sinovdan o‘tkazishsin”

Jurnalistning postiga ko‘plab kuzatuvchilar bu noto‘g‘ri talab ekani haqida izoh qoldirgan.

Avvalo hokim va hokim o‘rinbosarlari, bank boshliqlari o‘z uyiga o‘rnatib, sinovdan o‘tkazishsin. Keyin xalqqa narxni shishirmasdan, cho‘ntak firmalari orqali emas, bozor iqtisodiyotiga mos raqobatda, keng tanlov orqali o‘zi narxida 2 yil bo‘lib to‘lash imkoniyati bilan bersin. Kreditga qo‘y yoki tovuq olib, boridan ham ayrilganlardan xulosa qilish kerak”, — deya yozgan Jamshid Mamliyev ismli fuqaro.

Yana bir fuqaro Shokir Hamrayev esa bu samarasiz proyekt ekanini bildirgan:

Men bu maynavozchilikka qarshiman. Bu quyosh energiyasi ishlamaydigan proyekt. Kuz-qish mavsumlarida, elektr energiyasiga talab ortgan vaqtda odatiy yetkazib berish quvvati tushib ketadi. O‘zini o‘zi oqlash muddati 5-7 yilgacha. Quyosh energiyasi shunchaki marketing, uni faqat qishin-yozin quyosh chiqadigan iqlimli joylarga o‘rnatsa arziydi. Xullas, bunga aldanmang, shunchaki qarz bo‘lib qolasiz”.

Aholiga olish majburlanayotgan narx qimmat

Kun.uz manbasiga ko‘ra, Navoiyda aholiga 5 yil muddatga 15 foizlik kredit asosida 1,6 KWʼlik quyosh panellari 19 mln so‘mga, 2,2 KWʼlik quyosh panellari esa 27 mln so‘mga majbur qilinmoqda.

 «Tumandagi barcha maktab direktorlari xalq ta’limi bo‘limiga chaqirilib, mudir o‘rinbosari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi. Unda direktorlarga o‘z maktabida quyosh panellarini targ‘ib qilish topshirig‘i berildi. Aksariyat direktorlar qo‘l ostida ishlayotgan o‘qituvchilarga quyosh panellarini targ‘ib qilmasligini aytib, e’tiroz bildirdi. Chunki uning samaradorligiga hech kim ishonmayapti, savollar bisyor», — deydi Kun.uz bilan suhbatlashgan Karmana tumanidagi maktab direktorlaridan biri.

Kun.uz ixtiyoriga kelib tushgan ma’lumotlarga ko‘ra, bu kabi «targ‘ibot» viloyatning Navbahor, Xatirchi tumanlarida ham kuzatilgan.

Quyosh panellari aholi uchun samaralimi?

Quyosh panellarining akkumulyator bilan ishlaydigan hamda tarmoq elektrostansiyasi turlari bor. Akkumulyator bilan ishlaydigan quyosh elektr stansiyalari zaxirada quyoshdan yig‘gan energiyasini saqlab turadi va sutkaning istalgan vaqtida undan foydalanish mumkin bo‘ladi. Tarmoq elektrostansiyasida esa faqat quyosh panellari va invertorlar bo‘ladi. Ya’ni quyosh panellaridan olingan energiyani invertor kunning yorug‘ vaqtida iste’molchiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yetkazib berishi mumkin.

Energetika vazirligi huzuridagi Budjetdan tashqari tarmoqlararo energiyani tejash jamg‘armasi tomonidan maxsus platforma yaratilgan. Bu platformada tadbirkorlik sub’yektlari quyosh panellari va quyosh suv isitkichlarini sotishi, iste’molchilar esa mahsulotlar turlari bilan tanishishlari, sotib olishlari mumkin.

Mazkur platformada hozirgi kunda 3 kVtlik quyosh elektr stansiyasi 36 oyga foizsiz bo‘lib to‘lash imkoniyati yaratilgan holda 32,7 mln so‘mga (kompensatsiya chegirilgandagi narxi 26,7 mln so‘m) taklif etilyapti.

“Sutdan og‘zi kuygan qatiqni ham puflab ichadi”

Andijon viloyatiga tashrifi chog‘ida Shavkat Mirziyoyev quyosh energiyasidan foydalanish uchun jozibador tizim yaratilishi haqida gapirgandi. Ya’ni uyga quyosh paneli o‘rnatilsa, ehtiyojdan ortib qolgan elektrni 1 ming so‘mdan davlatga sotish mumkin bo‘ladi.

Davlat rahbarining ushbu tashabbusi joylarda noto‘g‘ri talqin qilinib, ijrosini majburlov yo‘li bilan amalga oshirish boshlab yuborildi. Ochko olishga o‘rgangan hokimlar bu ishlari bilan ham prezidentning ko‘ziga cho‘p suqayotganlarini, shuning atrofida otiladigan har qanday tosh aynan prezidentga borib tegishini nahot o‘ylamaydilar?

Issiqxona, tovuq kabi masalalarda «og‘zi kuygan» odamlar bu safar «qatiqni puflab ichishi» aniq. Ammo e’tirozlarga qaramasdan, quyosh panellarini o‘rnatishga majburlash tadbirkorlar yoki aholini iqtisodiy tomondan faqatgina qiyin ahvolda qoldirishi mumkin.

 

Manba: https://kun.uz/uz/news/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>