Yangiliklar
Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
  • 06.03.2023
  • 246

Senatning yalpi majlisida “Energiya resurslaridan qonunga xilof ravishda foydalanganlik uchun javobgarlik kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish holatlarini bartaraf etish hamda iste’molchilar tomonidan tabiiy gaz va elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya etilishini ta’minlash yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlarga qaramasdan bugungi kunda energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish bilan bog‘liq qonunbuzarliklar salmog‘i ortib bormoqda.

Xususan, Bosh prokuratura tomonidan 2022-yil va joriy yilning o‘tgan davri yuzasidan elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish qoidalarini buzganlik holatlari bo‘yicha 433 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ushbu jinoyatlar oqibatida davlat manfaatlariga 368,1 mlrd so‘m miqdorda moddiy zarar yetkazilgan.
 

 


Shuningdek, suv ta’minoti tarmoqlariga 1 624 ta noqonuniy ulanishlar aniqlanib, qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygan shaxslardan 7 mlrd 144 mln so‘mlik qo‘shimcha to‘lovlar undirilgan.

Amaldagi Jinoyat kodeksida belgilangan energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlik choralarining yetarli emasligi bunday jinoyat sodir etib, davlatga katta miqdorda zarar yetkazgan shaxslarga nisbatan bugungi kunda tegishli choralar ko‘rish imkoniyatini bermayapti. 
 

 


Shu sababli energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik, bu boradagi vakolatli organlarning ko‘rsatmalarini bajarmaganlik holatlari uchun javobgarlik choralarini kuchaytirish zarurati vujudga kelganligi alohida qayd etildi.

Mazkur Qonun yuqoridagi muammolarni bartaraf etish bilan birga energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun javobgarlikni kuchaytirishga qaratilganligi bilan ahamiyatlidir.

Xususan, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik, gaz yoki vodoprovod tarmoqlariga tijorat maqsadlarida o‘zboshimchalik bilan ulanish yoxud ularni hisobga olish asboblari va plombalariga qasddan shikast yetkazish, shuningdek, ushbu qilmishlarni kommunal xizmati tashkilotlarining mansabdor shaxslari yoki xodimlari bilan til biriktirib, sodir etilgan jinoyat holatlari endilikda o‘g‘rilik jinoyati deb baholanishi nazarda tutilmoqda.
 

 


Shu bilan birga, Jinoyat kodeksiga “tijorat maqsadi” tushunchasi kiritilib, jismoniy va yuridik shaxslarning muayyan faoliyatida foyda, daromad olish, naf ko‘rishga qaratilgan maqsad ekanligi belgilanmoqda.

Energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik uchun nazarda tutilgan jinoyatlarga doir ishlar bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari prokuratura organlari tomonidan amalga oshirilishi qonun bilan mustahkamlanmoqda.
 

 


Sohada davlat nazoratini to‘liq ta’minlash, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida O‘zenergoinspeksiya tomonidan berilgan yozma ko‘rsatma va taqdimnomalarni bajarmaganlik uchun ma’muriy javobgarlikni ko‘rib chiqish vakolati sudlarga berilishi muhokama markazida bo‘ldi.

Shuningdek, senatorlar elektr energiyasi va gazdan foydalanish qoidalariga rioya etmaslik holatlarini tezkorlik bilan bartaraf etish masalalariga oid vakolatlar sudlardan O‘zenergoinspeksiya va uning hududiy boshqarmalariga o‘tkazilayotganligiga alohida e’tibor qaratishdi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.



 

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2637

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>