OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Jizzax viloyatida quvvati 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha anglashuv memorandumi imzolandi
  • 29.03.2023
  • 254

Bugun, 28-mart kuni Jizzax viloyatida quvvati 1000 MVtgacha bo‘lgan shamol elektr stansiyalarini qurish imkoniyatlarini o‘rganish bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Energetika vazirligi va Xitoyning “China Huadian Overseas Investments”, “CNEEC” (China National Electric Engineering Company) va “SANY Renewable Energy” kompaniyalari o‘rtasida Anglashuv memorandumi imzolandi.
 

 


Mazkur kelishuv bo‘yicha “China Huadian Overseas Investments” kompaniyasi investor sifatida, “CNEEC” kompaniyasi bosh pudratchi, “SANY Renewable energy” kompaniyasi esa shamol turbinalarini yetkazib beruvchi sifatida loyihada ishtirok etadi.
 

 


Kompaniyalar tomonidan stansiya qurish bo‘yicha qurilish maydoniga chiqib o‘rganish ishlari tez kunlarda boshlanadi. Shuningdek, kompaniyalar O‘zbekistonda davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida kelishuvlar imzolashning tartiblari yuzasidan ham o‘rganishlar olib borishadi. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, shamol elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha tomonlar bosh kelishuvni imzolaydilar.
 

 


Taʼkidlash kerakki, mazkur memorandum doirasida Xitoy kompaniyalari tomonidan yurtimizga 1 mlrd AQSH dollari miqdorida to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiya kiritiladi.
 

 


Maʼlumot uchun: “China Huadian Overseas Investments” kompaniyasi “China Huadian Co.”ning sho‘ba korxonasi. “China Huadian Co.” Xitoyning eng yirik elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kompaniyalaridan biri bo‘lib, 190 GVt quvvatga teng elektr stansiyalarga egalik qiladi. “CNEEC” kompaniyasi elektr qurilmalari ishlab chiqaruvchi yirik kompaniya bo‘lib, ushbu kompaniya ixtisoslashgan muhandislik xizmatlari pudratchisi sifatida ham faoliyat yuritadi. “SANY Renewable energy” kompaniyasi esa Xitoyning shamol turbinalari ishlab chiqaruvchi yirik korxonalaridan biridir.

 

O‘zbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Manba: https://minenergy.uz/uz/news/view/2695

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>