OAV va jamoatchilik bilan ishlash
Moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga berish talabi bekor qilinadi
  • 25.04.2023
  • 214

“Hisobot taqdim etish va arxiv hujjatlarini saqlash tartib-taomillarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Prezident qarori (PQ–419-son, 10.11.2022 y.) qabul qilindi

Qarorga muvofiq:

♦ yuridik shaxslar tomonidan 2022-yil 1-yanvardan keyin hisoblangan jismoniy shaxslarning ish haqi va boshqa daromadlari hamda soliq summalari to'g'risidagi arxiv hujjatlarini saqlash hamda arxivlarga topshirish majburiyati bekor qilinadi;

♦ yuridik shaxslar 2022-yil 1-yanvardan davlat soliq xizmati va statistika organlariga elektron tarzda topshirilgan moliyaviy, soliq va statistika hisobotlarini saqlash hamda arxivlarga topshirish majburiyatidan ozod etiladi;

♦ 2023-yil 1-yanvardan buxgalteriya hisobi subyektlari moliyaviy hisobotlarni soliq va statistika organlariga har chorakda taqdim etish talabi bekor qilinadi;

♦ 2023-yildan aylanmadan olinadigan soliqni qat'iy belgilangan soliq stavkasi bo'yicha to'laydigan tadbirkorlar yillik moliyaviy hisobotlarni soliq organlariga topshirish majburiyatidan ozod etiladi.

2023-yil 1-yanvardan quyidagi statistik hisobot turlari bekor qilinadi:

▫️Birja faoliyati to'g'risida hisobot;
▫️Mehnat sharoitlari ahvoli to'g'risida hisobot;
▫️Hisoblangan ish haqi miqdori bo'yicha xodimlar sonining taqsimlanishi to'g'risida hisobot;
▫️Umumiy foydalanishdagi temir yo'l transporti xizmatlari to'g'risida hisobot;
▫️Tijorat banki faoliyati to'g'risida hisobot;
▫️Sug'urta tashkiloti faoliyati to'g'risida hisobot;
▫️Kichik qurilish tashkilotlari va mikrofirmalarda mavjud qurilish mashina va mexanizmlari to'g'risidagi hisobot;
▫️Quvur yo'li transporti faoliyati to'g'risida hisobot;
▫️Meva-sabzavot mahsulotlari xaridi to'g'risida hisobot.

2023-yil 1-maydan yuridik shaxslarga elektr energiyasi, tabiiy gaz, issiq suv, ichimlik suv ta'minoti, oqova suv va telekommunikasiya xizmatlari ko'rsatish bo'yicha shartnomalarni, ularning iste'moli to'g'risidagi hisobotlarni va kelgusi davr uchun shartnomaviy miqdorlar to'g'risidagi bir martalik va davriy hujjatlarni elektron rasmiylashtirishga ruxsat etiladi.

2024-yil 1-yanvargacha “Arxiv” axborot tizimini tegishli vazirlik va idoralarning axborot tizimlari va ma'lumotlar bazalari bilan integrasiya qilib tadbirkorlarning hujjatlarini elektron qabul qilish, saqlash hamda so'rovga ko'ra taqdim etish amaliyoti yo'lga qo'yiladi.

Manba: https://t.me/huquqiyaxborot_lotin/4643

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>