Yangiliklar
TOIFALANGAN SANOAT KORXONALARIDAGI AVARIYAVIY HOLATLARGA KIM AYBDOR?
  • 12.06.2020
  • 1092

  Barchamizga ma'lumki, elektr ta'minoti UZLUKSIZ bo‘lishi bilan birga SIFATLI (o‘lchamlari belgilangan me'yoriy ko‘rsatkichlarda) va ISHONCHLI (texnik-muhandislik tartib-qoidalariga ko‘ra birida nosozlik ro‘y berganda ikkinchisi qo‘shimcha yuklama bilan ishlay olish qobiliyatiga ega) bo‘lishi talab etiladi.

  Iste'molchilar, o‘rta va kichik biznes vakillari, yirik sanoat korxonalari elektr energiyasi ta'minotda qanday holatlar yuz berishidan qat'iy nazar yuqorida sanab o‘tilgan uchta mezonni talab qilishadi va bunga ular haqli. Ammo ular mas'ul xodim, faol jamoatchi va shunchaki bir inson sifatida elektr ta'minoti barqarorligiga befarq bo‘lmasliklari lozim. Buning uchun barchamizdan belgilangan tartib-qoidalarga amal qilishgina talab etiladi. Ammo ayrim hamyurtlarimiz goh o‘z uquvsizligi yoki bilimsizligi tufayli, gohida atay ma'lum qonun-qoidaga qarshi borib, bir qator muammolar keltirib chiqarishi mumkin. Masalan...

 

 

  2020-yil 4 iyun kuni soat 12:31 va 12:33 larda Jizzax viloyatidagi «Jizzax magistral elektr tarmoqlari» filiali balansida bo‘lgan 220 kV  kuchlanishli «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ida qisqa muddatli o‘chish sodir bo‘lgan. Soniyaning kichik bo‘laklari ichidagi lahzalarda davom etadigan qayta ulanish jarayoni ikki daqiqa ichida ikki marta sodir bo‘lib, texnik-muhandislik ta'biri bilan aytganda, avtomatik qayta ulanish holati ro‘y bergan.

  220 kV kuchlanishli «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ida qisqa muddatga kuchlanish yo‘qolishi oqibatida Jizzax viloyatidagi ba'zi iste'molchilar, shu jumladan «O‘ztransgaz» AJ,  «Navoiy tog‘-kon metallurgiya kombinati» AJning toifalangan obyektlarida qisqa muddatli uzilishlar sodir bo‘lgan. Bir so‘z bilan aytganda, qisqa tutashuv oqibatida qayta ulanish — yirik gaz kompressorlari va suv nasoslari, bosqichli konveyerlarga ega sanoat korxonalarining rejali ishlari bir necha soatga to‘xtab qolishi demakdir!

 

 

  Xo‘sh, bunday vaziyat yuzaga kelishiga kim yoki nima aybdor? Keling, shu masalani tahlil qilishga urinamiz...

  Avariyaviy qayta ulanish holatining sabablari o‘rganilganda, 220 kV «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ining 21- va 22-raqamli tayanch ustunlari oralig‘idan «Shavkatbek lalmi dalasi» fermer xo‘jaligiga qarashli 10 kVli elektr elektr tarmog‘i qurib o‘tkazilganligi aniqlandi.

  O‘rganish jarayonida yana shular ma'lum bo‘ldiki, ushbu 10 kVli havo tarmog‘ini mavjud qoidalarga xilof ravishda, loyiha-smeta hujjatlarini tegishli korxonalar bilan kelishmagan holda o‘zboshimchalik bilan qurib olgan. Natijada 220 kV «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ining 21- va 22-raqamli tayanch ustunlari oralig‘idan kesishib o‘tgan nisbatan past kuchlanishli elektr tarmog‘ining yuqori fazasi simlari orasidagi masofa yaqinlashishi oqibatida qisqa tutashuv sodir bo‘lgan.

 

 

  Ushbu holat kelgusida takrorlanmasligi uchun «O‘zenergoinspeksiya» Jizzax viloyati hududiy bo‘limi vakillari bilan birgalikda tegishli dalolatnoma rasmiylashtirildi. Imzolangan dalolatnomada holat tufayli kelib chiqqan bir qator muammolar batafsil tahlil etilgan:

  «...2020-yil 04-iyun kuni soat 12 dan 31 daqiqa o‘tganda 110 kV kuchlanishli «Yangiqo‘rg‘on-1» havo tarmog‘ining «G‘allaorol MGQ» boshqarmasi A-sexidagi 4- va 5-sonli STM-4000 kVt quvvatli gaz haydash agregati (ГПА — Газоперекачивающий агрегат), 110/6/6 kV kuchlanishli «G‘allaorol» podstansiyasidagi T-1 transformatoridan kuchlangan B-sexidagi 9- va 10-sonli STMP-4000 kVt quvvatli uskuna va jihozlar to‘xtagan.

  2020-yil 04-iyun kuni soat 12:58 da «G‘allaorol MGQ» boshqarmasining B-sexidagi 9-sonli STMP-4000 kVt quvvatli agregat, soat 13:00da B-sexidagi 10-sonli STMP-4000 kVt quvvatli agregat qayta ishga qo‘yilgan.

  Buning sabablari o‘rganilganda, 220kV «Zarbdor-Sarbozor»  havo tarmog‘ining 21- va 22-tayanchlar oralig‘idan «Shavkatbek lalmi dalasi» fermer xo‘jaligiga qarashli 10 kVli havo tarmog‘i qurilib o‘tkazilganligi aniqlandi. O‘rganish jarayonida ushbu 10 kVli havo tarmog‘ini mavjud qoidalarga xilof ravishda, loyiha-smeta hujjatlarini tegishli korxonalar bilan kelishmagan holda o‘zboshimchalik bilan qurilganligi aniqlandi.

 

 

  2020-yil 5-iyun kuni soat 13:48 da past kuchlanishli havo tarmog‘i o‘chirildi hamda 220kV «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ining tayanchlari oralig‘idan kesishib o‘tgan «Shavkatbek lalmi dalasi» fermer xo‘jaligiga tegishli 10kV kuchlanishli havo tarmog‘i fermer xo‘jaligi tomonidan demontaj qilindi. Ushbu holat yuzasidan tegishli tartibda dalolatnoma rasmiylashtirilib, qonunda belgilangan choralar ko‘rildi».

  Xullas, 2020-yil 5-iyun kuni soat 14:20 da «Shavkatbek lalmi dalasi» fermer xo‘jaligiga tegishli 10kV kuchlanishga ega havo tarmog‘i fermer xo‘jaligi tomonidan demontaj qilinib, natijada 220 kV kuchlanishli «Zarbdor-Sarbozor» havo tarmog‘ida o‘chish takrorlanmasligining oldi olindi.

  Shu o‘rinda bir necha savollar tug‘iladi…

  O‘zboshimchalik bilan qurib oldi, deya ta'riflangan fermer xo‘jaligi rahbari o‘zining ishlab chiqarish quvvatini oshirish, bu orqali yangi ish o‘rinlarini yaratish uchun 10 kVli elektr elektr tarmog‘i qurishga ehtiyoj sezgan, deya taxmin etishga haqlimiz.

  Demak, mavjud qonun talablariga ko‘ra, bunday holatlarda avval texnik talablar, so‘ng tarmoq loyihasi ishlab chiqiladi va tuman elektr korxonasi rahbari hamda nazorat inspeksiyasi bilan kelishuvga asosan yangi tarmoq quriladi. Keyingi bosqichdagina yangi tarmoq elektr energiyasi umumtizimiga ulanish uchun yozilgan rasmiy murojaatga tegishli tartibda ruxsat etiladi.

  Xo‘sh, fermer xo‘jaligi nega bu bosqichlardan o‘tmadi yoki oson o‘tdi? Mutasaddilarning mas'uliyati qayerda qoldi?! Toifalangan sanoat korxonalaridagi tabiiy gaz, ichimlik suvi, neft mahsulotlari kabi strategik ahamiyatga ega resurslarni yetkazib beruvchi qimmatbaho elektr jihozlari nosoz holga kelganida nima bo‘lardi...

  Shu va shu kabi achchiq savollar mutasaddi xodimlardan tortib oddiy iste'molchilarga-da taalluqli!

  Xulosa shuki, elektr ta'minotining uzviyligi, sifati va ishonchliligi energetika sohasida mehnat qilayotgan ko‘p ming sonli mutaxassislarning mehnati,  tizimda amalga oshirilayotgan islohotlar, Ona yer qa'ridan qazib olinayotgan qazilma boyliklarga bevosita bog‘liq bo‘lishi bilan birga mas’ul xodimlar va fuqarolarimiz tomonidan mavjud qonun-qoidalarga amal qilinishi hamda iste'mol madaniyati masalalariga ham taalluqlidir.

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>