OAV va jamoatchilik bilan ishlash
OAV: ASKUE tizimi elektr tarmoqlari sohasida korrupsion holatlarga chek qo‘ya oladimi?
  • 12.05.2023
  • 146

Keyingi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Samarqand hududiy filiali faoliyati bilan bog‘liq gap-so‘zlar “bolalab” qoldi. Ayniqsa, korxonaning shahar va tumanlardagi filiallarida yuz bergan korrupsion holatlar qattiq tanqid qilinmoqda. Viloyat matbuot uyida bo‘lib o‘tgan anjumanda ham jurnalistlarning viloyat filialining korrupsiyaga qarshi kurashish va kompleans nazorat xizmati rahbari Dilshod Otamurodovga bergan ko‘plab savollari shu holatlar haqida bo‘ldi.

- Har bir sohada bo‘lgani singari bizning korxonamiz filiallarida ham bu kabi salbiy holatlar uchrab turibdi, - deydi D.Otamurodov. – Elektr tarmoqlari tizimida elektr energiyasi oqimi hisobi va hisobotini yuritish masalasi ko‘p yillar davomida korrupsiya illatiga yo‘l ochib berib kelgan. Xususan, iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun o‘z vaqtida to‘lovni amalga oshirmagan ayrim iste’molchilar qarzdorlikni kamaytirish maqsadida elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari bilan o‘zaro kelishib, o‘z yumushlarini ma’lum haq evaziga bitirgan. Bu kabi korrupsion sxemalarning ko‘pligidan kalavaning uchini topish imkonsiz tuyulardi. Biroq, elektr tarmoqlari tizimida inson omilini kamaytirish orqali korrupsiya va boshqa qonunbuzilish holatlarining oldini olish maqsadida ASKUE hisoblagichlari o‘rnatish boshlangach, bu holatlarga chek qo‘yildi. Shuningdek, qurilish ishlari va davlat xaridlari ham birja orqali shaffof amalga oshirilishi yo‘lga qo‘yilgach, korrupsiyaviy holatlar soni keskin kamaydi.

Bugungi kunda viloyatimizda 825 mingdan ortiq iste’molchilar xonadonlari zamonaviy hisoblagichlar bilan ta’minlandi. 2020 yil 1 avgustidan boshlab, elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘z vaqtida undirilishini ta’minlash, qarzdorlikni kamaytirish, shuningdek, elektr energiyasi va iste’molini hisobga olish, tarmoqqa noqonuniy ulanish, talon-toroj qilish holatlarini aniqlash hamda bartaraf etish kabi vakolatlari elektr tarmoqlari korxonalariga o‘tkazildi. Shu sabab ayrim xodimlar tomonidan o‘zaro tanish-bilishchilik, kamaytirib yozish, elektr uskunalarni buzish orqali “ko‘mak berish” kabi salbiy illatlar ham ko‘zga tashlanib qolyapti.

D.Otamurodovga ko‘ra, tuman va shahar elektr ta’minoti korxonalarining 7 nafar mas’ul xodimlari ishida xato va kamchiliklar, talon-toroj qilish holatlari aniqlanib, ular yuzasidagi hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga yuborilgan.

- Bu tizimda korrupsiya illatiga qarshi kurash borasida olib borilayotgan ishlarning bir qismi, xolos, - deydi D.Otamurodov. - Unga qarshi kurashishning eng samarali yo‘li – jamoatchilik nazorati. Agarda elektr tarmoqlari korxonasi xodimlari bilan bog‘liq tamagirlik, korrupsion holatlar uchrasa, 66-237-71-07 va 95-411-04-00 telefon raqamlari orqali xabardor qilishlaringizni so‘rab qolamiz. Albatta, bunday ochiqlik hamda jamoatchilik nazoratini o‘rnatish orqali tizimdagi korrupsiya alomatlariga barham bera olamiz.

Dilmurod TO‘XTAYEV.

Manba: https://zarnews.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>