OAV va jamoatchilik bilan ishlash
uza.uz — 6 oyda magistral elektr tarmoqlari orqali 35 milliard kilovatt soat elektr energiyasi uzatildi
  • 04.08.2023
  • 109

“O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan 2023 yil yanvar-iyun oylarida magistral elektr tarmoqlari orqali 35 milliard kilovatt soat elektr energiyasi uzatilib, reja 101,4 foizga bajarildi. O‘sish sur’ati 2022 yilning mos davriga nisbatan 106,1 foizdir.

Bugun AOKAda o‘tkazilgan brifingda “O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining o‘tgan 6 oydagi asosiy ko‘rsatkichlari sarhisob qilindi.  

Unda ushbu aksiyadorlik jamiyati axborot xizmati rahbari Ulug‘bek O‘rinov ma’lumot berganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 28 dekabrdagi qarori ijrosiga alohida e’tibor qaratildi. Mazkur hujjatga ko‘ra, 2023 yil davomida “O‘zbekiston MET” AJ barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan umumiy loyiha qiymati 1 346,36 million dollarga teng bo‘lgan 17 ta yirik investitsiya loyihasini amalga oshirishi belgilangan.  

–Bunda tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari bo‘yicha rejaga asosan 2023 yilda 152,56 million dollar miqdoridagi mablag‘ o‘zlashtirish rejalashtirilgan. Jumladan, davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘lari – 117,5 million dollar va “O‘zbekiston MET” AJ o‘z mablag‘lari – 35,06 million dollarni tashkil etadi. Xususan, 2023 yil yanvar-iyun oylarida barcha moliyalashtirish manbalari hisobidan jami 29,19 million dollar yoki rejaga nisbatan 119,5 foiz o‘zlashtirish kutilgan edi. Shundan davlat kafolati ostidagi chet el mablag‘laridan 15,08 million dollar yoki rejaga nisbatan 124,32 foiz, “O‘zbekiston MET” AJ o‘z mablag‘laridan 14,11 million dollar yoki rejaga nisbatan 114,72 foiz miqdorda mablag‘ o‘zlashtirildi. Bu mablag‘lar hisobiga teng hajmdagi modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari bajarildi, –dedi U.O‘runov.  

Brifingda tizim faoliyatida sarf-xarajatlarni qisqartirish choralari ko‘rilayotgani ta’kidlandi. Unga asosan “O‘zbekiston MET” AJda bo‘yicha 2023 yil uchun jami 11,1 milliard so‘m miqdorida sarf-xarajatlarni qisqartirish bo‘yicha prognoz reja belgilangan. “O‘zbekiston MET” AJ bo‘yicha olingan dastlabki tezkor ma’lumotlarga ko‘ra, 2023 yil yanvar-iyun oylarida prognoz reja ijrosi 5,7 milliard so‘m miqdorida, ya’ni 101,1 foizga bajarilgan. Xususan, texnologik va boshqa yo‘qotishlar kamaytirish hisobiga 1,7 milliard so‘m va boshqa xarajatlarni qisqartirish hisobiga 4 milliard so‘mlik mablag‘lar iqtisod qilingan.  

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA

Manba: https://uza.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati
t.me/uzmetaxborotxizmati

>