Yangiliklar
SURXONDARYO: 2023/2024-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik — hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi
  • 28.08.2023
  • 268

Surxondaryo viloyatida favqulodda vaziyatlar, ichki ishlar, sog‘liqni saqlash, yong‘in xavfsizligi, energetika tizim tashkilotlari ishtirokida “Energetika va kommunal soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga tayyorlash, anomal sovuqlarda sodir bo‘lishi mumkin bo‘lgan favqulotda vaziyatlarni oldini olish va bunday vaziyatlarda to‘g‘ri harakat qilish” mavzusida hamkorlikdagi qo‘mondonlik-shtab o‘quv mashqlari o‘tkazildi.

O‘quv mashqlarning ochilishida Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakili O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Buxoro viloyatiga tashrifi davomida kuz-qish mavsumini betalofat o‘tkazish bo‘yicha alohida bergan topshiriqlari, kuz-qish mavsumida kommunal sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan avariyalar bilan bog‘liq vaziyatga batafsil to‘xtalib o‘tdi.

Alohida taʼkidlandiki, o‘tgan yilgi anomal sovuqda yuzaga kelgan avariyalardan kelib chiqib, obyektlarning bu yil kuz-qish mavsumida barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida qisqa muddatda rejali taʼmirlash ishlarini yakunlash va mavsumga tayyorgarlikni taʼminlash bo‘yicha amaliy harakatlarni yakuniga yetkazish zarur.

Maʼlumot o‘rnida aytish alohida taʼkidlash lozimki, yuqori kuchlanishli elektr tarmoqlarining barqaror faoliyati uchun 2023-yilda 8  dona kuch transformatori, 36 dona o‘chirgich, 3 dona havo kompressori va uzunligi 830,68 km bo‘lgan 110–220–500 kV kuchlanishli elektr uzatish havo liniyalarini mukammal taʼmirlash, jumladan 289 dona podstansiya transformatori, 1532 dona o‘chirgich, 22 dona havo kompressori va uzunligi 4958,751 km bo‘lgan 110–220–500 kV kuchlanishli elektr uzatish havo liniyalarini joriy taʼmirlash rejalashtirilgan bo‘lib, 2023\2024-yil kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari, yaʼni magistral elektr tarmoqlari obyektlarida taʼmirlash-sozlash, qurilish-montaj, modernizatsiya-rekonstruksiya ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilning bahor oyida boshlangan mavsumiy tayyorgarlik ishlari 2023-yilning 1-oktabr sanasiga qadar davom ettiriladi.

Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan o‘quv mashqlari ko‘rgazmali shaklda tashkil etilib, ularni o‘tkazish davomida har bir yuqori kuchlanishli podstansiya va liniyalar bo‘yicha ularga xizmat ko‘rsatuvchi bo‘lim va xizmatlar tomonidan mavsumga puxta tayyorgarlik ko‘rish, avariyalar sodir bo‘lganda tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish ishlarini tashkil etish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish, avariya holatlarida hududiy boshqaruv organlarining hamkorlikdagi harakatlarini takomillashtirish, shuningdek, zahira materiallar to‘plamlari namoyishi, ularning soni hamda harakat qilish tartiblariga aniqlik kiritish kabilarga alohida eʼtibor qaratildi.

Mashq yakuniga bag‘ishlangan tadbirda “Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari” filiali tomonidan bajarilgan ishlar “mavsumga tayyor, qoniqarli” deb baholandi. Ayrim xato va kamchiliklar ham ko‘rsatib o‘tildi, shuningdek, masʼullarga tegishli topshiriq hamda ko‘rsatmalar berildi.

 

 “Surxondaryo magistral elektr tarmoqlari” filiali

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>