Yangiliklar
Bugundan mamlakatdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ochiladi
  • 07.03.2024
  • 64

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev maʼlum qildi.

Kecha, 6-mart kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beramiz.

6-mart kuni elektr stansiyalar orqali 239 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 1 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida

43,5 mln kubometr tabiiy gaz, 20 ming tonna ko‘mir hamda

9 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 18,4 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika isteʼmolchilariga 227,2 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 7 foiz ko‘p elektr energiyasi yetkazib berildi.

Qishning sovuq kunlarida magistral gaz quvurlarida gaz bosimining keskin tushib ketganligi hamda aholi isteʼmolchilarida elektr energiyasiga nisbatan talabning oshib borishi tufayli 6-mart kuni mamlakatimiz bo‘ylab asosan kunning tig‘iz vaqtlarida 800 MVtgacha cheklovlar kiritilishiga majbur bo‘lindi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, bugun ham kunning tig‘iz paytlarida maʼlum miqdorda cheklovlar kiritilishi kutilmoqda.

Gaz bosimining past ekaniga qaramay, 6-mart kuni ham uning isteʼmoli yuqoriligicha qoldi. Kecha mazkur miqdor 147,4 mln kubometrni, rejadagiga nisbatan 10 foiz ko‘pni tashkil qildi.

Aholi va ijtimoiy soha obyektlarini birinchi navbatda tabiiy gaz bilan taʼminlash hamda quvurlardagi bosimni bir meʼyorda tutib turish maqsadida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ish faoliyati mahalliy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan reja-grafik asosida tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilgan.

Kecha mamlakatimizdagi 894 ta ana shunday shoxobcha orqali aholiga va ijtimoiy sohalar obyektlariga tegishli avtomobillar, shuningdek, jamoat transportlarining barcha turlariga 8 million 986 ming kubometr tabiiy gaz sotildi. Shuningdek, avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 940 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.

Tabiiy gaz bosimining meʼyoriy sxemaga qaytgani munosabati bilan bugundan eʼtiboran mamlakatimizdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ochiladi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada taʼminlanmoqda. Xususan, 6-mart kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 5 ming 773 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Shuningdek, birja savdolariga avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida sotish uchun 13 ming 575 tonna avtobenzin, 1 ming 296 tonna dizel yonilg‘isi qo‘yilgan bo‘lib, undan 7 ming 937 tonna avtobenzin hamda 931 tonna dizel yonilg‘isi sotildi.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda. Barcha korxonalarda tuzilgan shtablar 24 soatlik navbatchilik rejimi asosida ishlayapti.

Respublika hududlari bo‘ylab qishning sovuq kunlarida isteʼmolning ko‘payishi tufayli elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 7 ta, gaz taʼminotida yuzaga kelgan 7 ta nosozlik bartaraf qilindi.

Xususan, kecha soat 4 dan 30 daqiqa o‘tganida Samarqand viloyatining Oqdaryo va Payariq tumanlarini tabiiy gaz bilan taʼminlovchi Yangiqo‘rg‘on gaz taqsimlash markazidan chiquvchi quvur muzlab qolishi oqibatida 11 ming 318 ta aholi va 78 ta ulgurji isteʼmolchining gaz taʼminoti vaqtincha to‘xtatilgan. Soat 17 dan 30 daqiqa o‘tganida nosozlik bartaraf qilinib, isteʼmolchilar oldindan ogohlantirilgan ravishda, ularning tabiiy gaz taʼminoti bosqichma-bosqich tiklangan.

Soat 6 dan 40 daqiqa o‘tganida Farg‘ona viloyatidagi

110 kV kuchlanishdagi “L-Chilmahram” elektr uzatish tarmog‘ida nosozlik kuzatilgan. Oqibatda Beshariq va Furqat tumanlaridagi 5 ming 450 ta isteʼmolchi elektr taʼminotidan uzilgan. Soat 6 dan 50 daqiqa o‘tganida 4 ming nafar isteʼmolchi boshqa manbadan taʼminlangan. Soat 12 dan 45 daqiqa o‘tganida nosozlik to‘liq bartaraf qilinib, isteʼmolchilar elektr taʼminotiga qayta ulangan.

Qayd etish joizki, qish kunlarida tarmoqlarda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nosozliklarni bartaraf qilish maqsadida elektr va gaz taʼminoti korxonalarida tuzilgan maxsus brigadalarning 7 ming 300 nafardan ortiq ishchi-xodimlari tunu kun ishlab, joylarda muammolarni zudlik bilan bartaraf etmoqdalar.

5-mart kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 539 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminoti bo‘yicha kelib tushgan 224 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Shu o‘rinda isteʼmolchilardan yana bir marta isitish moslamalariga ehtiyotkorlik bilan munosabatda bo‘lishlarini, gaz uskunalaridan foydalanishda xavfsizlik qoidalariga, shuningdek, is gazidan zaharlanishning oldini olish yuzasidan berilayotgan tavsiyalarga qatʼiy rioya etishlarini iltimos qilib qolamiz.

Hurmatli isteʼmolchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz taʼminoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/42583

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>