Yangiliklar
8-martdan eʼtiboran mamlakatimiz hududlariga elektr energiyasi yetkazib berishda hech qanday cheklovlar qo‘llanilmayapti
  • 11.03.2024
  • 54

Bu haqda AOKAda o‘tkazilgan brifingda Energetika vazirligi axborot xizmati rahbari Hasan Toshxo‘jayev maʼlum qildi.

Kecha, 10-mart kuni isteʼmolchilarni energiya resurslari bilan barqaror taʼminlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar haqida maʼlumot beramiz.

10-mart kuni elektr stansiyalar orqali 238,9 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 4 foiz ko‘p elektr energiyasi ishlab chiqarildi. Buning uchun issiqlik elektr stansiyalarida 48,2 mln kubometr tabiiy gaz, 16,8 ming tonna ko‘mir hamda 4 ming tonna mazut yoqildi.

Turkmaniston Respublikasidan 15,6 mln kVt·soat elektr energiyasi import qilindi.

Respublika isteʼmolchilariga 223,4 mln kVt·soat, rejadagiga nisbatan 8 foiz ko‘p elektr energiyasi, 145,6 mln kubometr, rejadagiga nisbatan 9 foiz ko‘p tabiiy gaz yetkazib berildi.

Tabiiy gaz bosimining meʼyoriy sxemaga qaytgani elektr energiyasi yetkazib berish tizimida 17-fevral sanasidan eʼtiboran amalga kiritib kelingan cheklovlarning bekor qilinishini taʼminladi. 8-martdan eʼtiboran mamlakatimiz hududlariga elektr energiyasi yetkazib berishda hech qanday cheklovlar qo‘llanilmayapti.

Kecha mamlakatimizdagi 1 ming 325 ta avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari orqali jami 13 million 415 ming kubometr tabiiy gaz sotildi.

Mazkur miqdor 7-mart kuni 14 million 910 ming kubometrni, 8-mart kuni 15 million 12 ming kubometrni, 9-mart kuni esa 15 million 614 ming kubometrni tashkil qildi.

Shuningdek, kecha avtomobillarga gaz quyish stansiyalari orqali jami 270 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazildi.

Aholi va iqtisodiyot tarmoqlari avtobenzin hamda dizel yonilg‘isi bilan mavjud ehtiyojni to‘liq qoplaydigan darajada taʼminlanmoqda. Xususan, 10-mart kuni “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati tomonidan yurtimizdagi barcha avtomobillarga yonilg‘i quyish shoxobchalariga 661 tonna avtobenzin yetkazib berildi.

Vazirlik tizimidagi tashkilotlar korxonalarida qazib chiqarish va ishlab chiqarish ishlari o‘rnatilgan tartibda olib borilmoqda.

Respublika hududlari bo‘ylab elektr tarmoqlari hamda transformator punktlarida yuklamalarning ortishi hisobiga yuzaga kelayotgan nosozliklar ham tezkor bartaraf etib borilmoqda.

Kecha mamlakatimiz bo‘ylab elektr qurilmalarida yuzaga kelgan 5 ta nosozlik bartaraf qilindi.

10-mart kuni elektr taʼminotidagi uzilishlar yuzasidan Energetika vazirligi tizim tashkilotlariga isteʼmolchilardan 150 ta murojaat kelib tushdi va barchasi maxsus brigadalar tomonidan bartaraf etildi.

Tabiiy hamda suyultirilgan gaz taʼminoti bo‘yicha kelib tushgan 88 ta murojaat bo‘yicha ham tegishli tartibda tezkor chora-tadbirlar ko‘rildi.

Hurmatli isteʼmolchilar! Agar Siz elektr energiyasi va gaz taʼminoti bo‘yicha qandaydir muammoga duch kelsangiz, elektr energiyasi taʼminoti yuzasidan 1154 qisqa raqamiga, shuningdek, 71-207-23-76 telefon raqami yoki “Telegram”dagi @het_admin administratorga, gaz taʼminoti yuzasidan 1104, 104 qisqa raqamlariga, shuningdek, 71-202-11-04 telefon raqami yoki “Facebook” ijtimoiy tarmog‘idagi maxsus guruhga hamda ko‘mir taʼminoti yuzasidan 78-148-30-03, 71-244-38-28 telefon raqamlariga murojaat qilishingiz mumkin.

Manba: https://t.me/Rasmiy_xabarlar_Official/42597

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

https://t.me/uzmetaxborotxizmati

>