Yangiliklar
2023-yil yakunlari bo‘yicha Ochiqlik indeksi natijalari eʼlon qilindi
  • 02.04.2024
  • 40

Joriy yilning 1-aprel kuni Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligida Ochiqlikni taʼminlash sohasida amalga oshirilayotgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholash komissiyasining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-154-son Farmoniga muvofiq, 2023 yil yakunlariga ko‘ra, davlat organlari va tashkilotlarida ochiqlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlarning samaradorligi va natijadorligini baholashga qaratilgan Ochiqlik indeksi asosida to‘plangan barcha ko‘rsatkichlar atroflicha muhokama qilinib, yakuniy natijalar eʼlon qilindi.

Ikkinchi bor eʼlon qilinayotgan Ochiqlik indeksi 84 ta baholash mezonidan tarkib topgan 8 ta indikator asosida shakllantirilib kelinmoqda.  Indeksda samaradorlik ko‘rsatkichlari 71 balldan 100 ballgacha to‘plaganlar - “yashil”, 55 balldan 71 ballgacha bo‘lganlar - “sariq” va 55 balldan past ko‘rsatkich qayd etganlar - “qizil” toifalarga kiritiladi.

Bu yilgi baholashda jami 103 ta (2022 yilda – 86 ta) respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari – vazirlik, qo‘mita, agentlik, inspeksiyalar va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati qamrab olindi. Yakuniy natijalar keng jamoatchilik uchun index.anticorruption.uz plaftformasiga ochiq joylashtirildi. 

Yig‘ilishda dastlab Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov mamlakatimizda ochiqlikni taʼminlash borasida erishilayotgan yutuqlar, 2023 yilda  Ochiqlik indeksini baholash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar, baholash jarayonlarining raqamlashtirilishi xususida to‘xtalib o‘tdi.

Taʼkidlangandek, so‘nggi yillarda ochiqlikni taʼminlash sohasidagi qonun hujjatlari ilg‘or xalqaro standartlar talablari asosida takomillashtirildi. Tahlillarga ko‘ra,  2017-2023 yillarda qabul qilingan 180 ta normativ-huquqiy hujjatda ochiqlik va shaffoflik mexanizmlarini joriy etishga qaratilgan 328 ta vazifa va topshiriqlar belgilab berilgan. Jumladan, 2023 yil noyabr oyida qabul qiilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-200-son Farmoni bilan Ochiq maʼlumotlar sifatida joylashtirilishi kerak bo‘lgan ijtimoiy ahamiyatga molik maʼlumotlar ro‘yxati kengaytirildi. Davlat xaridlari to‘g‘risidagi maʼlumotlarning ochiq eʼlon qilinishi natijasida Agentlik tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida 138 ta holatda yo‘l qo‘yilgan qonunbuzilishlari bartaraf etilib, 110 mlrd so‘mlik davlat xaridlari bekor qilindi. Yoki, bugungi kunda 123 ta davlat organlari va tashkilotlarida korrupsiya holatlari haqida xabar berish imkonini beruvchi 615 dan ortiq aloqa kanallari (qisqa raqamli «ishonch telefoni», elektron pochta va boshqa elektron manzillar, telegram bot, platforma yoki boshqa maxsus dasturiy taʼminot) ochiq eʼlon qilindi.  Faoliyati ochiqligi o‘rganilgan 103 ta davlat idorasining 75 foizi 2023-yilda o‘z faoliyatiga oid hisobotlarni ochiq eʼlon qilib, jamoatchilik ishtirokida muhokama qilgan.

Komissiya majlisida ochiqlikni taʼminlash faoliyatini baholashda bevosita ishtirok etgan davlat organlarining har bir baholash indikatori bo‘yicha hisoboti eshitilib, 2023-yil uchun Ochiqlik indeksi bo‘yicha komissiyaning yakuniy qarori qabul qilindi.

Baholash natijalariga ko‘ra,  31 ta davlat organi “yashil” (71-100 ball), 43 tasi “sariq” (55-71 ball) va 29 tasi “qizil” (55 balldan past) samaradorlik ko‘rsatkichlarini qayd etgan.

Tahlillar ko‘rsatishicha, faoliyat samaradorligi “yashil” toifadagi davlat idoralari soni o‘tgan yilga nisbatan 16 taga (13 %ga) ortgan. Eʼtiborlisi, 2022 yil yakuni bo‘yicha “qizil” toifaga kiritilgan qator davlat idoralarida keskin ijobiy o‘sish kuzatilgan. “O‘zsuvtaʼminot” AJ - 81 ball (2022 yilda – 47 ball), “Turonbank” ATB78 ball (2022 yilda 53 ball), “O‘zbekiston metallurgiya kombinati” AJ - 77 ball (2022 yilda 48 ball), “Hududgaztaʼminot” AJ75 ball (2022 yilda 52 ball) bilan bunga yaqqol misol bo‘la oladi.

Natijalar indikatorlar kesimida avvalgi yilga nisbatan solishtirilganda sezilarli ijobiy o‘zgarishlar Korrupsiya holatlarini barvaqt aniqlash va ularning oldini olishda ochiqlik tamoyillaridan foydalanish hamda Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishi kabi yo‘nalishlarda qayd etilgan. Jumladan, Ochiq maʼlumotlar portalida maʼlumotlar joylashtirilishini baholash mezoni talablari ijrosi 12 ta davlat idorasi tomonidan 100 foizli natija bilan bajarilgan. Yoki, Jamoatchilik kengashining faoliyati samaradorligini baholash mezoni talablari 6 ta davlat idorasi tomonidan to‘liq bajarilib, ushbu yo‘nalishdagi faoliyat ochiqligi taʼminlangan.

Ochiqlik indeksida eng yuqori natija O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Statistika agentligi  (88 ball), “Olmaliq kon-metallurgiya kombinati” AJ (86 ball), Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qo‘mitasi (86 ball), “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ (84 ball) va Xorazm viloyati hokimligi (84 ball) tomonidan qayd etilgan.

Baholash komissiyasi tomonidan Ochiqlik indeksi natijalari asosida ochiqlikni taʼminlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni  tahlil qilish va bartaraf etish, shuningdek,  bu boradagi  faoliyatni yanada yaxshilash bo‘yicha vazifa va maqsadlar belgilab olindi. Unga ko‘ra,  O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qaroriga muvofiq, “yashil” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi ijobiy tajribasi ommalashtiriladi.

“Sariq” toifadagi davlat organlari va tashkilotlarining ochiqlikni taʼminlash sohasidagi faoliyatini yanada yaxshilash bo‘yicha tavsiyalar ishlab chiqilib, ularni amalga oshirishga amaliy ko‘maklashiladi.

Qizil” toifada baholanganlariga qonunchilikda belgilangan tartibda intizomiy jazo chorasini qo‘llash yuzasidan taklif kiritish, ochiqlikni taʼminlashda yo‘l qo‘yilayotgan tizimli kamchiliklarni o‘rganish, bartaraf etish hamda ularning ushbu yo‘nalishdagi faoliyatini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish ko‘zda tutilmoqda. Shuningdek, Vazirlar Mahkamasi Rayosati va Oliy Majlis Senati majlislarida ushbu toifada baholangan davlat organlari va tashkilotlari rahbarlarining ochiqlik sohasida yo‘l qo‘ygan kamchiliklari va ularni bartaraf etish bo‘yicha rejalashtirgan chora-tadbirlari yuzasidan axboroti eshitiladi.

Kun tartibiga kiritilgan masalalardan tashqari, baholashda aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish va oldini olish borasida kompleks chora-tadbirlar dasturini ishlab chiqish haqida qaror qabul qilindi.

Tadbir yakunida esa ochiqlikni taʼminlashda eng yuqori samaradorlik ko‘rsatgan davlat organlarining ochiqlikni taʼminlashga masʼul xodimlaridan bir guruhi taqdirlandi.

 

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi

Axborot xizmati

Manba: https://aca.uz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

>