Yangiliklar
O‘zbekiston Prezidenti Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida sanoat va energetikada yangi loyihalarni boshlashga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etdi
  • 09.04.2024
  • 82

Sanoat va energetika majmualari qurilishi boshlandi

O‘zbekiston Prezidentining Jizzax viloyatiga tashrifi chog‘ida sanoat va energetika loyihalarining boshlanishiga bag‘ishlangan marosim bo‘ldi.

Davlatimiz rahbari so‘zining boshida barchani yaqinlashib kelayotgan Ramazon hayiti bilan tabriklab, xalqimiz manfaati yo‘lidagi harakatlarga xayr-baraka tiladi. 

Ma’lumki, sanoat rivoji barqaror energetikaga bog‘liq. Shu bois bu ikki soha mutanosib rivojlantirilmoqda. Birgina 2023-yilda mamlakatimizda 4 ming 600 ta sanoat korxonalari ishga tushirildi. Sanoat 6 foizga o‘sib, 656 trillion so‘mlik mahsulotlar ishlab chiqarildi.

Umumiy quvvati 2,4 gigavatt bo‘lgan 7 ta yirik issiqlik, quyosh va shamol elektr stansiyalarini tarmoqqa ulandi. Bundan tashqari, 14 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalar hisobiga 12 gigavattli 31 ta elektr stansiyasi barpo etilmoqda. Bu yil Navoiy, Buxoro, Namangan, Toshkent va Qashqadaryoda 2,6 gigavatt quvvatlar tarmoqqa ulanadi. Umuman olganda, muqobil energetikani rivojlantirish hisobiga joriy yilda “yashil” energiyaning generatsiyadagi ulushi 30 foizga yetadi.

– Biz bu ishlarni xalqimizga munosib turmush sharoiti hamda sanoatimiz rivoji uchun uzluksiz energiya ta’minotini yaratish maqsadida amalga oshirayapmiz. Bu hamma hududlarda yaxshi an’anaga aylanib ulgurdi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. 

Jizzax viloyatida ham bunday loyihalar ko‘p. Ulardan biri – G‘allaorol tumanida barpo etiladigan, metallurgiyaga ixtisoslashgan sanoat zonasi. U yerda 500 million dollarlik 7 ta loyiha amalga oshiriladi. Jumladan, armatura, po‘lat sharlar, quvurlar, avtomobil kuzovi va maxsus texnikalar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi. Hududda bojxona ombori ham bo‘ladi. Jami 5 mingta ish o‘rni yaratiladi.

Ikkinchi loyiha – Forish tumanida Xitoyning “China Poly Group” va “China Electric” kompaniyalari bilan hamkorlikda quriladigan quyosh elektr stansiyasi.  350 million dollarlik ushbu majmua 500 megavatt quvvatga ega bo‘ladi. Unda yiliga 1,1 milliard kilovatt soat “yashil” energiya hosil qilinadi. Bu 450 ming xonadonning energiya ta’minoti yaxshilanadi, degani. Stansiyaning dastlabki 200 megavatt quvvat shu yil yakunida tarmoqqa ulanadi. 

Prezident Shavkat Mirziyoyev ramziy tugmani bosib, mazkur ikki majmua qurilishini boshlab berdi. 

Yaqin yillarda Sharof Rashidov, Forish va G‘allaorol tumanlarida yana 1 ming 660 megavattli issiqlik, shamol va quyosh elektr stansiyalari ham quriladi. Bular aholi turmush darajasini oshirib, iqtisodiyot rivojiga qo‘shimcha turtki bo‘ladi.

Manba: https://president.uz/oz/lists/view/7148

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

http://t.me/uzmetaxborotxizmati

>