Yangiliklar
ENERGETIKA SOHASINI RAQAMLASHTIRISH JARAYONI VA UNING YAQIN KELAJAKDAGI ISTIQBOLLARI: PETERBURG ENERGETIKA MALAKA OSHIRISH INSTITUTI BILAN HAMKORLIKDAGI ONLAYN O‘QUV KURSIDA 20 NAFAR MUTAXASSIS-XODIMLARIMIZ MALAKA OSHIRMOQDA
  • 19.10.2020
  • 784

 Avval xabar berganimizdek, «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining PF-6079-sonli «Raqamli O‘zbekiston–2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq Jamiyat ishchi-xodimlarni, aniqrog‘i energetika sohasining yetuk mutaxassis-muhandislarini xalqaro ilg‘or texnologiyalar, milliy dispetcherlik tizimining ish faoliyati bilan yaqindan tanishtirish maqsadida (elektr energetika tarmog‘ida ma'lumotlarni yig‘ish bo‘yicha — SCADA hamda energiyani boshqarish tizimi — EMS joriy etilishi munosabati bilan) mutaxassislar malakasini oshirish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

 

  Misol uchun, Rossiya Federatsiyasi Peterburg energetika malaka oshirish institutining qo‘shimcha kasbiy ta'lim federal davlat avtonom o‘quv muassasasi bilan hamkorlikda «Energetika sohasini raqamlashtirish jarayoni va uning yaqin kelajakdagi istiqbollari» mavzusida onlayn o‘quv kurslari tashkil etilib, malaka oshirish jarayoni bugun, 2020-yil 19-oktabr sanasidan o‘z ishini boshladi. Unda «O‘zbekiston MET» AJ filiallari rahbar-xodimlardan iborat 20 nafar mutaxassislar malaka oshirmoqdalar.

 

  Malaka oshirish o‘quv kursining dastlabi mashg‘ulotini «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati boshqaruv raisi D.A.Isaqulov ochib berib, tinglovchilarga O‘zbekiston energetika sohasida olib borilayotgan islohotlar, raqamlashtirish dasturiga muvofiq amaliyotga tatbiq etilayotgan investitsion loyihalar va ularning bugungi globallashuv sharoitidagi ahamiyati naqadar muhim ekanligi to‘g‘risida umumiy tushunchalar berdi. Shuningdek, dastlabki o‘quv mashg‘ulotida tinglovchilarga «O‘zbekiston MET» AJ Milliy dispetcherlik markazi — Tizim xizmatlari bo‘yicha bosh boshqarma boshlig‘i A.Mirzayev hamda «Energo-IT» filiali direktori Z.Sagdiyevlar energetika sohasidagi raqamli texnologiyalar bo‘yicha eng so‘nggi yutuqlar haqida gapirib berishdi. Bir so‘z bilan aytganda, Jamiyatning mutaxassis-xodimlari o‘quv kurslarida tahsil olib, energetikada raqamlashtirish mavzusi bo‘yicha o‘z kasbiy malakasini oshirgach, ishlab chiqarish jarayoniga qaytganidan so‘ng amaliyotga qanday yangiliklarni tatbiq etishlari lozimligi uqtirildi.

 
   Eslatib o‘tamiz, peterburlik mutaxassislar ishtirokidagi onlayn o‘quv mashg‘ulotlari karantin qoidalariga qat'iy amal qilingan holda tashkil etilgan bo‘lib, tinglovchilarga o‘qish va dam olishda barcha sharoitlar yaratilgan, jumladan ular issiq ovqat, yotoqxona va zarur antitseptik vositalari bilan ta'minlangan. 

 

 Yodingizda bo‘lsa, dastlabki kasbiy malakani oshirish o‘quv kurslari 2020-yil 6-iyul sanasida (pandemiya sharoitidan kelib chiqib onlayn shaklda) boshlangan edi. Unda yuqori kuchlanishli podstansiyalarda mehnat faoliyati yuritayotgan operativ xodimlardan iborat 15 nafar mutaxassislar uchun malaka oshirish mashg‘ulotlari muvaffaqiyatli yakunlangan edi: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/428

 

 Bundan oldinroq Peterburg energetika malaka oshirish instituti rektori, professor Aleksandr Nikolaevich Nazarichyov energetika sohasidagi O‘zbekiston–Rossiya Federatsiyasi hamkorligi masalalari, Malaka oshirish institutining «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikdagi faoliyati to‘g‘risida o‘zbekistonlik energetiklarga murojaati e'lon qilingan edi: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/538

 

 Ma'lumot o‘rnida: O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi PF-6079-sonli «Raqamli O‘zbekiston–2030» strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonining ijrosi bo‘yicha «O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» aksiyadorlik jamiyatida olib borilayotgan ishlar haqida Jamiyatning uzbekistonmet.uz veb-sayti orqali batafsil ma'lumotlar berib boramiz.

 

 Qo‘shimcha ma'lumot: «O‘ZBEKISTON MILLIY ELEKTR TARMOQLARI» AKSIYADORLIK JAMIYATI: SAMARALI FOYDALANIB KELINAYOTGAN RAQAMLI TEXNOLOGIYALAR VA ULARNING ISTIQBOLDAGI REJALARI: http://uzbekistonmet.uz/oz/lists/view/529

 

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

Kanalga a'zo bo‘ling! t.me/uzmetaxborotxizmati

 

 

Ахborot 24 | Elektr tarmoqlari tizimida raqamli iqtisodiyotga o`tish

>