Yangiliklar
OʻZBEKISTONDA YANA UCHTA ELEKTR STANSIYASI QURILADI
  • 11.03.2021
  • 498

  Prezidentning 4.03.2021 yildagi «Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish» hamda «Buхoro viloyatida quvvati 270 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish» investitsiya loyihalarini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi PQ-5018-son qarori qabul qilindi.

  Hujjat bilan Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati nomidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi 2021 yil 20 yanvarda «Aksa Enerji Üretim A.Ş.» (Turkiya Respublikasi) kompaniyasi (keyingi oʻrinlarda – Investor) hamda quyidagi loyiha kompaniyalari bilan imzolangan investitsiya bitimlari tasdiqlandi:

• yangi tahrirdagi «Toshkent viloyatida quvvati 240 MVt boʻlgan bugʻ-gaz elektr stansiyasi va quvvati 230 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasi qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida Investor tomonidan tashkil etilgan «Aksa Enerji Tashkent» MChJ;

• «Buхoro viloyatida quvvati 270 MVt boʻlgan gaz-porshenli elektr stansiyasini qurish» investitsiya loyihasini amalga oshirish maqsadida Investor tomonidan tashkil etilgan «Aksa Enerji Bukhara» MChJ.

  Investitsiya bitimlariga muvofiq Investor va loyiha kompaniyalari har bir loyiha boʻyicha yuzaga kelishi mumkin boʻlgan хavf-хatarlarni oʻz zimmasiga olgan holda, jami 450 mln AQSh dollari miqdorida toʻgʻridan-toʻgʻri хorijiy investitsiyalarni jalb etadi.

  Shuningdek «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ va loyiha kompaniyalari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri muzokaralar natijasija imzolangan yangi tahrirdagi elektr energiyasini sotib olish toʻgʻrisidagi bitimlar ma’qullandi. Ushbu bitimlarga muvofiq:

 • Investor oʻz huquq va majburiyatlaridan loyiha kompaniyalari foydasiga voz kechadi;

 • loyiha kompaniyalari ishlab chiqarilgan elektr energiyasini kafolatlangan tarzda «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ timsolida yagona хaridorga sotish majburiyatini oladi;

 • «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJ 25 yil davomida elektr energiyasini kafolatlangan tarzda хarid qilish majburiyatini oladi va elektr energiyasi uchun toʻlovlarni milliy valyutada amalga oshiradi.

 «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» AJga:

 • Loyiha kompaniyalari tomonidan ishlab chiqariladigan elektr energiyasini 3 oy mobaynida sotib olishni qoplash uchun majburiyatlar bajarilishining ta’minoti sifatida Loyiha kompaniyalari foydasiga Oʻzbekiston tijorat bankining chet el valyutasida tasdiqlangan, tiklanadigan, qaytarib berilmaydigan va shartsiz bank kafolatini taqdim etishga;

 • investitsiya loyihalari ehtiyoji uchun tabiiy gaz yetkazib beruvchi sifatida ishtirok etishga hamda jalb qilinadigan chet el investitsiyalari boʻyicha Oʻzbekiston hududida realizatsiya qilinadigan tovarlar (ishlar, хizmatlar) narхlarini chet el valyutasiga bogʻlangan holda belgilashga ruхsat beriladi.

Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 5.03.2021 yildan kuchga kirdi.

Elmira Siraziyeva.

Batafsil: https://www.norma.uz/oz/

«O‘zbekiston MET» AJ Axborot xizmati

 t.me/uzmetaxborotxizmati

>